Yangi Konstitutsiya olimlar nigohida
2023 yil 27 fevral kuni Toshkent davlat yuridik universitetida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlashga mas’ul bo‘lgan — Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitalari tomonidan “Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar — olimlar nigohida” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Unda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar konstitutsiyaviy huquq sohasining olimlari va yosh tadqiqotchilar ishtirokida muhokama qilindi.
Ko‘plab takliflar inobatga olingan
Ta’kidlanganidek, mas’ul qo‘mitalar tomonidan yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasi ustida ish olib borishda asosiy e’tibor avvalambor, umumxalq muhokamasi, jamoatchilik, parlament a’zolari, xalqaro va xorijiy ekspertlar ishtirokidagi muhokamalarda berilgan takliflar har tomonlama tahlil qilinib, ularning dolzarblari loyihada aks ettirildi.
Takliflarda fuqarolar inson huquqlarini ta’minlash, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va ilm-fan sohalarini taraqqiy ettirish, xususiy mulk daxlsizligini yanada mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bog‘liq masalalarga ustuvor ahamiyat qaratganlar.
Kelib tushgan har bir taklif uning xalqchilligi, aholi uchun ortiqcha byurokratiya keltirib chiqarmasligi, “Inson qadri uchun” degan tamoyilga mos kelishi, Konstitutsiyaning boshqa normalariga, olib borilayotgan siyosatimizga, belgilab olgan strategiyamizga hamda xalqaro huquq normalariga zid kelmasligi, o‘zbek davlatchiligining tarixiy taraqqiyotiga, buyuk ajdodlarimizning madaniy merosiga va milliy qadriyatlarimizga putur yetkazmasligi kabi mezonlar asosida chuqur tahlil etildi.
Malakali yuridik yordam olish huquqi endi Konstitutsiyada
aks ettiriladi
Qayd etilganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanishi belgilanmoqda. Qonunda nazarda tutilgan hollarda, yuridik yordam davlat hisobidan ko‘rsatiladi. Huquqbuzarliklardan jabrlanganlar huquqlari qonun bilan muhofaza qilinadi. Davlat jabrlanganlarga himoyalanishni va odil sudlovdan foydalanishni ta’minlaydi, ularga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Konstitutsiyada advokatura uchun alohida bob paydo bo‘lmoqda
Yig‘ilishda so‘z olganlar, yangilanayotgan Konstitutsiyamizda prokuraturaga oid konstitutsiyaviy normalar qanday alohida bobda aks ettirilgan bo‘lsa, xuddi shunday advokaturaga bag‘ishlangan yangi bob kiritilayotganligini tarixiy ahamiyatga ega voqelik sifatida baholashdi. Zero, bu orqali ayblov va himoyaning tom ma’noda tengligini ta’minlashning mustahkam konstitutsiyaviy asoslari yaratilmoqda.
Konstitutsiyada belgilanayotganidek, jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish uchun advokatura faoliyat ko‘rsatishi nazarda tutilmoqda. Advokatura faoliyati qonuniylik, mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish prinsiplariga asoslanadi. Advokatura faoliyatini tashkil etish va uning tartibi qonun bilan belgilanadi. Advokat o‘z kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi. Advokatga o‘z himoyasidagi shaxs bilan to‘sqinliksiz va holi uchrashish, maslahatlar berish uchun shart-sharoitlar ta’minlanadi. Eng muhimi, advokat va uning kasbiy faoliyati davlat himoyasida bo‘ladi.
Sudlar mustaqilligini ta’minlash Konstitutsiyada yana mustahkamlanmoqda
Konferensiyada ta’kidlanganidek, sudlarning faoliyatini moliyalashtirish faqat O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan amalga oshirilishi Konstitutsiya bilan mustahkamlanmoqda. Bu o‘z navbatida, odil sudlovni to‘liq va mustaqil ravishda amalga oshirish imkonini beradi. Bundan tashqari, loyihada O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa egaligi ko‘zda tutilmoqda. Davlat xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar faqat qonun bilan belgilanishi mumkinligi mustahkamlanmoqda.
Shu bilan birga, mamlakatizimzda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinishi ko‘zda tutilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi.
Xalqaro shartnomalarning ustuvorligi Konstitutsiyada tan olinmoqda
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismidir. Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining qonunida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qo‘llaniladi. Bu qoidalarning o‘rnatilishi davlatimizning xalqaro majburiyatlariga sodiqligini, xalqaro hamjamiyat ko‘z o‘ngida ishonchli hamkor sifatida namoyon bo‘lishida, pirovardida davlatimizning xalqaro nufuzini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Parlamentni isloh qilish taklif qilindi
Muhokamalarga boy bo‘lgan tadbirda TDYUU kafedra mudiri, yuridik fanlar doktori, professor Ixtiyor Bekov so‘z olib, Oliy Majlis faoliyatini isloh qilishda har ikki palata konstitutsiyaviy vakolatlarida takrorlanishlarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
Uning fikricha, bu boradagi xorijiy tajriba tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, ularda parlamentning quyi palatasi “siyosiylashgan” palata hisoblanib, siyosiy partiyalar fraksiyalari uchun siyosiy maydon hisoblanadi va aksariyat davlatlarda hukumatni shakllantirish va uning faoliyatini nazorat qilish bevosita quyi palataning vakolatiga kiradi. Yuqori palatalar esa asosan hududlar manfaatini himoya qilish, mahalliy hokimiyat organlari manfaatlarini ifodalash, tashqi siyosat, huquqni muhofaza qiluvchi, nazorat va maxsus xizmat idoralari faoliyatini nazorat qilishga yo‘naltirilganini qayd etib, Konstitutsiya loyihasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining vakolat va mas’uliyat sohalarini aniq chegaralashni taklif etdi. Mazkur o‘zgartishlar parlament faoliyatida paralelizmga yo‘l qo‘ymaslik va har ikki palata ishi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Konferensiyada yuridik fanlar doktori, professor Xushvaqt Xayitov ham so‘zga chiqib, o‘z takliflarini bildirib o‘tdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari davlatning ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi. O‘z navbatida, parlament palatalari vakolatlari o‘rtasida aniq taqsimot, chegara belgilanishi, takrorlashlar bo‘lmasligi ushbu organlar faoliyatini samaradorligi va mas’uliyatini oshiradi.
Mamlakatimizda yuqori palata bo‘lgan Senat o‘zining ustuvor faoliyat yo‘nalishlari sifatida hududlar manfaatlarini ifoda etish, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish, tashqi siyosatga oid muayyan vakolatlarni amalga oshiradi.
O‘z navbatida, yuridik fanlar doktori, professor Sherzod Zulfiqorov Oliy Majlis faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha o‘zining fikr va mulohazlarini, tegishli takliflarini bildirib o‘tdi.
Sh. Zulfiqorov fikricha, Oliy Majlis Senatining qonunchilik jarayonidagi faoliyatini yanada takomillashtirish davr talabidir. Senat tomonidan qonunlarni ko‘rib chiqish muddatininig aniq belgilanishi, qonunlarning o‘z vaqtida, yanada sifatli tayyorlanishini ta’minlaydi. Shu bois, yangilanayotgan Konstitutsiyada ilg‘or xorijiy tajriba asosida qonunlarni Senat tomonidan ko‘rib chiqish muddatlarini aniq belgilash maqsadga muvofiq.
Tadbirda Konstitutsiyaviy qonun loyihasida belgilanayotgan yangi normalar olimlar fikrlari bilan hamohang ekanligi ta’kidlanib, ular tomonidan loyiha qo‘llab-quvvatlandi.
Konferensiya yakunida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasi yana davom ettirilishi xususan, yaqin kunlarda faol yoshlar ishtirokida muhokamalar bo‘lib o‘tishi qayd etib o‘tildi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.