Hurmatli Rossiyadagi vatandoshlar!
So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyadagi o‘zbekistonliklarni avtotransport orqali Qozog‘iston hududi orqali Vatanga qaytishga chorlab turli provokatsion videolavhalar tarqalmoqda. Jumladan, joriy yilning 30 aprel va 1 may kunlari bir guruh vatandoshlarimiz O‘zbekistonga qo‘shni mamlakat orqali avtomobillarda ketayotganliklari haqida videolavhalar e'lon qilindi.
Rossiyadagi fuqarolarimizni bunday ig‘voli chaqiriq va xabarlarga ishonmasliklarini, O‘zbekiston Respublikasida karantin choralari bekor qilingunga qadar vaqtinchalik/doimiy yashash joylarida qolishlarini so‘raymiz.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, 2020 yil 16 martdan buyon barcha transport vositalari orqali Qozog‘iston Respublikasi hududiga kirish, shuningdek, uning hududidan chiqishga cheklovlar belgilangan bo‘lib, diplomatik xizmati xodimlari, xalqaro tashkilotlar delegasiyalari a'zolari bundan mustasnodir. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekiston fuqarolari tranzit orqali ham Vatanimizga qayta olmasliklarini anglatadi.
Insonlarni chalg‘ituvchi yolg‘on ma'lumotlarni tarqatgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra ham, Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga ko‘ra ham jinoiy javobgarlikka tortilishini eslatib o‘tamiz.
Aziz vatandoshlar!
Sizning COVID-19 koronavirus infeksiyasi tufayli yuzaga kelgan vaziyatdan xavotirda ekanligingizni, imkon qadar tezroq Vatanimizga, oila a'zolaringiz va yaqinlaringiz bag‘riga qaytish istagida ekanligingizni bilamiz va anglaymiz. Ammo, koronavirus pandemiyasi sababli dunyoning ko‘plab davlatlari, shu jumladan O‘zbekiston va Rossiya ham qat'iy choralar, xususan, mamlakatga kirish va chiqish hamda ichki qatnovlar yuzasidan cheklovlar o‘rnatishga majbur bo‘ldi. Mazkur choralar, eng avvalo, barchamizning salomatligingiz va xavfsizligingizni ta'minlash maqsadida majburlikdan va vaqtinchalik muddatga qabul qilingan bo‘lib, ularga qat’iy amal qilishimiz lozim.
COVID-19 virusini yuqtirib olmaslik va qiyin vaziyatlarga tushib qolmasligingiz uchun vahimaga va ig‘volarga berilmasligingiz, xotirjamlikni saqlagan holda, vaqtincha boshqa davlatlarga chiqishdan tiyilishingizga umid qilamiz. O‘zbekistonning Rossiyadagi Elchixonasi va Bosh konsulliklari koronavirus tufayli yuzaga kelgan masalalarni hal qilish uchun uzluksiz ish tartibida faoliyat yuritmoqda. Mavjud imkoniyatlarda kelib chiqqan holda Rossiyadagi vatandoshlarimiz to‘qnash kelayotgan moddiy-turmush muammolarini hal qilish bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Zarur hollarda O‘zbekiston diplomatik missiyalariga murojaat qilishingiz mumkin (manzillar va murojaat uchur raqamlar http://uzembassy.ru/page/870 havolasida joylashtirilgan).