Moturidiya taʼlimoti keng oʻrganiladi, targʻib etiladi
Samarqand shahrida 2020-yilning 4-mart kuni “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya taʼlimoti: oʻtmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiya yakunlandi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Fanlar akademiyasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar ishtirokida Misrdagi Al-Azhar majmuasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur xalqaro konferensiyada yigirmaga yaqin davlatdan ulamolar, islomshunos olimlar, nufuzli taʼlim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari ishtirok etdi.
Nufuzli anjumanda Al-Azhar majmuasi rahbari, Misr bosh imomi Shayx Ahmad Tayyib ham ishtirok etdi va nutq soʻzladi.
Ikki kun davom etgan xalqaro konferensiyaning asosiy va ikkita shoʻba majlislarida qirqdan ortiq maʼruza tinglandi. Maʼruzalarda Imom Abu Mansur Moturidiy shaxsi va aqidaviy qarashlari, moturidiylikning mafkuraviy asosi, moturidiya kalom maktabiga oid yangi manbalar, ushbu taʼlimotning bugungi kundagi ahamiyati haqida fikrlar bildirildi.
Jumladan, Malayziya islom ilmlari universiteti professori Kamoliddin Nuriddin Marjuniy moturidiya taʼlimoti ahli sunna aqidasini himoya qilish, uning raqiblariga raddiya berishda ulkan fazilatlarni namoyon etib borayotgani, uning taassubdan yiroqligi, moʻtadilligi, islom gʻoyalarini bagʻrikenglik tamoyiliga mos tushuntirishi bilan barchaga oʻrnak boʻlib kelayotgani taʼkidladi.
Turkiya islom ilmlari akademiyasi mudiri Ahmad Saʼd Ibrohim Abdurrahmon Usmon Damanhuriyning ayrim yoshlar oʻzini shariat bilimdoni qilib koʻrsatgan kishilarning haqiqatni yolgʻon bilan qorishtirib targʻib etishi natijasida ahli sunna val jamoadan boʻlgan ashʼariylik va moturidiylik taʼlimotlaridan yiroqlashib borayotgani, oqibatda ibratli maʼnaviy merosdan uzilib qolayotgani haqidagi fikrlari ham qatnashchilarga manzur boʻldi.
Anjuman yakunida ishtirokchilar bildirgan taklif va mulohazalar asosida tavsiyalar ishlab chiqildi.
Ushbu tavsiyalarda Imom Moturidiyning boy ilmiy merosi, ibratli hayot yoʻli bilan bogʻliq oʻrganilmagan jihatlarni tadqiq etish, alloma asarlaridagi insonparvarlik, bagʻrikenglik hamda adashgan toifalarga qarshi raddiya berish borasidagi qimmatli maʼlumotlardan samarali foydalanish, ushbu yoʻnalishda oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalasiga alohida urgʻu berilgan. Xususan, alloma asarlari bibliografiyasini yaratish, kitoblarni koʻproq nashr etish, ularda ilgari surilgan gʻoya va qarashlarni sodda tilda yoshlarga oʻrgatish, maxsus sayt yaratib, Imom Moturidiy ilmiy merosi va moturidiya taʼlimoti haqida maʼlumot berib borish, kutubxona tashkil etish boʻyicha tavsiyalar bildirildi.
Shuningdek, anjuman qatnashchilari Al-Azhar universiteti talabalari va tadqiqotchilari oʻrtasida Imom Moturidiy asarlari va moturidiya taʼlimoti boʻyicha anʼanaviy tanlov oʻtkazish hamda bu tanlov gʻoliblarining Oʻzbekistonga ilmiy-ijodiy safarlarini uyushtirish tashabbusini bildirdi.
Samarqandda katta shukuh bilan oʻtgan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya taʼlimoti: oʻtmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari bagʻrikeng, mehmondoʻst oʻzbek xalqiga, olamshumul islohotlar bilan dunyo hamjamiyatining eʼtiborini qozonayotgan, eʼtirofiga sazovor boʻlayotgan hamda xalq manfaatlari yoʻlida ulkan islohotlarni amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga alohida minnatdorlik bildirdilar.
Anjumanning yakuniy yalpi yigʻilishida Al-Azhar majmuasi rahbari, Misr bosh imomi Shayx Ahmad Tayyib ishtirok etdi.
Xalqaro konferensiya qatnashchilari Imom Moturidiy, Imom Buxoriy yodgorlik majmualari, shuningdek, Samarqanddagi boshqa muqaddas qadamjo va tarixiy obidalarni ziyorat qildi. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
OʻzA