Tanzila Norboyeva va Valentina Matviyenko Davlat akademik rus drama teatriga tashrif buyurdi
2019-yilning 1-oktabr kuni Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko mamlakatimizga tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva bilan birga Oʻzbekiston davlat akademik rus drama teatrida boʻldi.
Yuqori martabali mehmonga teatr tarixi va ijodiy faoliyati haqida soʻzlab berildi. Mamlakatimizdagi eng keksa teatrlardan biri boʻlgan mazkur sanʼat dargohi oʻzbek va rus madaniyati anʼanalarini bir-biri bilan chambarchas bogʻliq holda davom ettirayotgan maskan ekani qayd etildi. Zero, Oʻzbekiston sanʼati va madaniyatini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan Davlat akademik rus drama teatrini milliy teatr sanʼatimiz taraqqiyoti jarayonidan ayri tasavvur qilib boʻlmaydi.
Bu yil 85 yilligi nishonlanadigan mazkur teatr rus sahnasining boy tajribasi bilan uygʻun holda ikki xalq oʻrtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlab kelmoqda. Oʻz navbatida, teatr faoliyati oʻzbek dramaturgiyasi yutuqlarini ham oʻzida aks ettiradi.
Spektakl boshlanishi oldidan Tanzila Norboyeva va Valentina Matviyenko teatr jamoasini 85-yubiley mavsumi ochilishi bilan qutladi.
T.Norboyeva martabali mehmonning tashrifi doirasidagi tadbirlar ushbu madaniyat dargohidan boshlanishida oʻziga xos ramziy maʼno borligini taʼkidladi. Zero, Davlat akademik rus drama teatri sahnasida namoyish etiladigan tomosha delegatsiya aʼzolariga serquyosh va mehmondoʻst oʻzbek zaminida kechadigan ikki tomonlama uchrashuvlar davomida koʻtarinki ruh, yaxshi kayfiyat, kuch-gʻayrat baxsh etishi, muzokaralar sermazmun va samarali oʻtishiga xizmat qilishiga umid bildirdi.
Valentina Matviyenko oʻtgan asrning 30-yillari boshida, dolgʻali davrda ochilgan mazkur teatrni tashkil etishga bosh-qosh boʻlgan, tashabbus koʻrsatgan sanʼat fidoyilarini yodga oldi, oʻtgan yillar davomida mazkur sanʼat dargohida ishlagan, hozirda faoliyat koʻrsatib kelayotgan jamoa aʼzolari mehnatini alohida eʼtirof etdi.
Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasining tashrifi teatr jamoasi repertuaridagi eng muvaffaqiyatli spektakllardan biri “Bankrot” komediyasi namoyishiga toʻgʻri keldi. Mashhur rus yozuvchisi Aleksandr Ostrovskiyning ilk yirik asari hisoblangan mazkur drama keyinchalik “Svoi lyudi – sochtemsya” deb nomlangan. Ikki koʻrinishli komediya janridagi spektaklning sahnalashtiruvchi badiiy rahbari – Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Vladimir Shapiro, rejissyor – Yuriy Fisan.
T.Norboyeva va V.Matviyenko sahna asarining namoyishi yorqin taassurot qoldirganini taʼkidlab, teatr jamoasiga yangi mavsumda muvaffaqiyat tiladi.
OʻzA