MOXI eksperti: Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari SHHT mamlakatlarida sanoat kooperatsiyasining yangi modelini shakllantirishga va innovatsiyalarni rivojlantirishga yordam beradi
- O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev SHHT sammitida tashkilotga aʼzo davlatlar o‘rtasida ishlab chiqarish kooperatsiyasi va iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, shu jumladan, yuqori texnologiyali va innovatsion ishlanmalar ishlab chiqish va joriy qilish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan SHHTga aʼzo davlatlar o‘rtasida «Sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish dasturi»ni qabul qilish taklifi eʼtiborni tortadi. Davlatimiz rahbari ushbu taklifni birinchi marta 2020 yilda o‘rtaga tashlagan edi.
Sanoat kooperatsiyasi markazlarini tashkil etish bo‘yicha yangi tashabbus mantiqan "Sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish dasturi"ni amalga oshirish mexanizmi bo‘lib xizmat qiladi.
Bugungi kunda butun dunyoda sanoat kooperatsiyasi ishlab chiqarish sohasida kuchlarni birlashtirishning eng samarali shakllaridan biri sifatida eʼtirof etilgan va nafaqat daromad olish, balki jahon miqyosidagi kuchli raqobatga dosh berishga imkon beradi.
Eʼtiborlisi, tashkilotga aʼzo davlatlar ham SHHT doirasida sanoat va sanoat kooperatsiyasi sohasida, shu jumladan yarmarkalar va ko‘rgazmalar o‘tkazish orqali hamkorlikni rivojlantirish tarafdoridirlar.
Axborot-resurs markazlarining doimiy ishi sanoat sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, iqtisodiyotning rivojlanishiga hissa qo‘shadigan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish bo‘yicha tadbirkorlarni qidirish, tanlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligining oshishiga yordam beradi.
O‘zbekiston rahbari tomonidan ilgari surilgan yana bir muhim tashabbus - 2022 yilda O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti iqtisodiy forumi va innovatsiyalar haftaligi o‘tkazish ham sanoat kooperatsiyasiga, birinchi navbatda, jahon bozorida uzoq muddatli talabga ega, zamonaviy yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan.
Bugungi sharoitda fan, texnika va innovatsiya SHHTga aʼzo davlatlar iqtisodiyotining ajralmas qismi hisoblanadi. Har qanday iqtisodiyotni qishloq xo‘jaligi, energetika, taʼlim, moliya, ishlab chiqarish, sayyohlik, tovar ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish kabi sohalar boshqaradi.
Ushbu tashabbus ishlab chiqarishga texnologik yutuqlarni tadbiq etishda, shuningdek industrial parklar va savdo-sanoat klasterlari yaratish bo‘yicha tajriba almashinuvidagi hamkorlikni kuchaytirish borasida barcha aʼzo davlatlar manfaatlariga javob beradi.
Taʼkidlash joizki, SHHT sammitida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan barcha tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha birgalikdagi saʼy-harakatlar, albatta, tashkilotga aʼzo barcha davlatlarning asosiy manfaatlariga javob beradi va hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqadi.
MOXI direktori Anvar Nosirov: O‘zbekistonning SHHTga raisligi davridagi ijobiy natijalar tashkilotning boshqa xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar bilan hamkorligini kengaytirishga xizmat qiladi
- O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 sentyabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Tashkilot tuzilganining 20 yillik yubileyiga bag‘ishlangan majlisida ishtirok etdi.
Shu munosabat bilan, ushbu davr mobaynida Tashkilot o‘zini xalqaro munosabatlarning masʼuliyatli subyekti, keng doiradagi masalalarni qamrab oluvchi noyob tashkilot sifatida namoyon qilganini taʼkidlashni istar edik.
So‘nggi yillarda Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatida tub o‘zgarishlar ro‘y berdi. Mintaqaviy tuzilma doirasidan chiqib, to‘laqonli xalqaro tashkilotga aylandi.
Unga Hindiston va Pokistonning aʼzo bo‘lib kirishi bilan SHHT Yevroosiyoning 60 foizi va butun Yer shari aholisining deyarli 50 foizini qamrab oluvchi yirik xalqaro tuzilmalardan biriga aylandi. Tashkilotga aʼzo barcha mamlakatlar umumiy yalpi ichki mahsuloti jahon YAIMining 23 foizini, tovar aylanmasi esa 6,3 trillion dollardan ortiqni tashkil etdi.
Bundan tashqari, Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston kuzatuvchi davlatlar, Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Misr, Nepal, Turkiya, Qatar, Saudiya Arabistoni va Shri-Lanka muloqot bo‘yicha sherik davlatlar maqomiga egadir.
BMT, MDH, OHICHBM, IHT, ASEAN, KXSHT, Yevroosiy Iqtisodiy Ittifoqi, Xalqaro qizil xoch qo‘mitasi, BMTning Jahon sayyohlik tashkiloti, Narkotiklarni nazorat qilish bo‘yicha xalqaro qo‘mita, BMTning savdo va taraqqiyot bo‘yicha Konferensiyasi kotibiyati, Arab davlatlari ligasi, BMTning Sanoat taraqqiyoti bo‘yicha tashkiloti kabi tuzilmalar bilan sheriklik aloqalari o‘rnatilgan.
SHHT Kotibiyati axborotiga ko‘ra, aloqalar o‘rnatish va mavjud munosabatlar maqomini oshirish uchun 16 ta yangi ariza kelib tushgan.
Mazkur tuzilma siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, investitsiyalar, transport, savdo, turizm, madaniyat va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlik imkonini beruvchi g‘oyatda jozibali maydon ekanligidan yaqqol dalolat beradi.
Shu bilan birga, mazkur hamkorlik ochiq va amaliy xususiyatga ega bo‘lib, xalqaro munosabatlarning boshqa ishtirokchilariga qarshi qaratilmagani SHHT Xartiyasida aniq qilib belgilab qo‘yilgan.
Ushbu mulohaza “Shanxay ruhi” deb nom olgan – o‘zaro ishonch, o‘zaro manfaatdorlik, tenglik, bir-biri bilan maslahatlashuvlar, rang-barang madaniyatlarga hurmat, birgalikda rivojlanishga bo‘lgan intilishda o‘zining ifodasini topgan.
2020-2021 yillarda SHHTga raislikni Tojikiston Respublikasi “SHHTga 20 yil: barqarorlik va farovonlik yo‘lida hamkorlik” shiori ostida amalga oshirdi.
Beqaror sanitariya-epidemiologik vaziyat davom etayotganiga qaramay, Tojikiston tomonidan turli darajada 70 dan ortiq tadbir o‘tkazildi. O‘zaro hamkorlikning yangi mexanizmlari yo‘lga qo‘yildi – ilk bora sanoat va energetika vazirlarining uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbarlari kengashi majlisining yakunlariga ko‘ra, hamkorlikning barcha sohalarida mamlakatlarimiz pozitsiyalari joy olgan Dushanbe deklaratsiyasi qabul qilindi.
Unda tomonlar SHHTni xalqaro huquqning ustuvorligiga asoslanuvchi yana-da nufuzli tashkilot sifatidagi maqomini kuchaytirishga tayyorligini bildirdi.
Deklaratsiyada Markaziy Osiyoning SHHTning asosi sifatidagi o‘rni alohida taʼkidlanganiga alohida eʼtibor qaratish lozim. Mintaqa rahbarlarining muntazam ravishda Maslahat uchrashuvlari o‘tkazib kelinayotgani qo‘llab-quvvatlandi.
Bundan tashqari, mamlakatlarning xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga qo‘shayotgan hissasi taʼkidlandi. Xususan, Yadro qurolidan xoli hudud haqidagi shartnomaga Xavfsizlik kafolatlari haqidagi protokolning yaqin muddatlarda kuchga kirishi Markaziyo Osiyoda yadro qurolini tarqatmaslik tartibini mustahkamlaydi.
Bu, o‘z navbatida, nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlarini, balki mintaqadan tashqaridagi yetakchi global qudratli davlatlar yaqinlashishiga qaratilgan hozirgi mintaqaviy jarayonlarning amaliy va muhimligini yana bir yaqqol tasdiqladi.
SHHTga aʼzo davlatlar iqtisodiy hamkorlik masalalari bo‘yicha savdo, ishlab chiqarish, transport, energetika, moliya, investitsiya, qishloq xo‘jaligi, bojxona, telekommunikatsiya, innovatsiya va boshqa sohalarda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga tayyorligini bildirdi. Mazkur yo‘nalishlarda kooperatsiyani chuqurlashtirish barcha davlatlarning sifat jihatidan yuqori darajadagi iqtisodiy rivojlanishini taʼminlaydi, aholi farovonligini oshiradi.
Madaniy-gumanitar hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Ushbu hamkorlik butun dunyo hamjamiyatiga o‘zaro hurmat, bir-birining milliy anʼanalariga bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lish va madaniyatlarning xalqaro madaniy almashinuv orqali boyishi namunasini ko‘rsatadi.
Va, albatta, SHHT mamlaktalari rahbarlari Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat tashkilot taʼsir doirasidagi makonda barqaror taraqqiyot va tinchlikni qo‘llab-quvvatlashga bevosita taʼsir ko‘rsatuvchi omil ekanini qayd etdi.
Mamlakatda inklyuziv hukumat tashkil etish, Afg‘onistonni terrorchilik, urush va giyohvanlikdan xoli mustaqil, neytral, yagona va tinchlikparvar davlat sifatida shakllanishi muhimligi qayd etildi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da yuqori bosqichga olib chiqishga imkon beradigan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Jumladan, ichki mintaqaviy savdoni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, transport bog‘liqligini mustahkamlash, kambag‘allikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, axborot xavfsizligi tahdidlariga samarali javob qaytarish, Tashkilotning ijobiy imijini ilgari surish, turizm hamkorligini kengaytirish, shuningdek, Afg‘onistonga nisbatan kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish kabi yo‘nalishlar qamrab olindi.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, Dushanbe sammiti “Tashkilotning salohiyatiga va qo‘shma ishlar istiqbollariga yangicha nigoh tashlash” imkoniyatini taqdim etdi.
2021-2022 yillarda SHHTga raislikni O‘zbekiston Respublikasi amalga oshirish bo‘yicha SHHT davlat rahbarlari kengashining qarori imzolandi.
Raislikning asosiy maqsadi esa barcha jabhalar – siyosat, xavfsizlik, savdo, investitsiya, innovatsiya, transport, sayyohlik, sog‘liqni saqlash, madaniyat sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni amaliy kengaytirishdan iboratdir.
Shuningdek, O‘zbekistonning raisligi davrida kuzatuvchi-mamlakatlar va muloqot bo‘yicha sheriklar bilan hamkorlikni kengaytirish uchun zarur choralar qabul qilinib, eng qulay shart-sharoitlar yaratiladi. Bu davlatimiz yetakchisining nutqida alohida taʼkidlandi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston SHHTning xalqaro tinchlik va xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash, global taraqqiyotni rag‘batlantirishga xizmat ko‘rsatuvchi universal xalqaro tashkilot sifatidagi imijini mustahkamlash niyatidadir.
Shu nuqtai nazardan SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi doirasida terrorchilik, ayirmachilik va ekstremizm ko‘rinishlari va manbaalarini yo‘q qilish bo‘yicha birgalikda ish olib borishga jiddiy eʼtibor qaratiladi. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, aynan aholining, ayniqsa yoshlarning radikallashuviga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha preventiv chora-tadbirlar qabul qilishga katta eʼtibor qaratish zaruriyatiga urg‘u beriladi.
Barcha aʼzolar, kuzatuvchilar va muloqot bo‘yicha sheriklar xalqlari asosiy ishtirokchisi bo‘lgan va foyda olish uchun iqtisodiy kooperatsiyasini ilgari surish mamlakatlarimiz intilishlariga uyg‘undir.
Aminman, O‘zbekistonning SHHTga raisligi davridagi ijobiy natijalar tashkilotning boshqa xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar bilan tinchlik va barqarorlik, iqtisodiy taraqqiyot maqsadlari yo‘lidagi hamkorligini kengaytirishga xizmat qiladi.
Hech shubhasiz, 2022 yilda O‘zbekistonda o‘tadigan SHHT sammiti ko‘pqirrali mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda yangi bosqich bo‘ladi hamda do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini tarixiy jihatdan mutlaqo yangi yuksaklikka olib chiqadi.
Alohida taʼkidlashni istardimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni kuchaytirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishini yana bir bor bildirdi.
MOXI bo‘limi boshlig‘i Alisher Sobirov: O‘zbekiston Prezidentining “SHHT Ezgu niyat elchisi” institutining taʼsis etish bo‘yicha tashabbusi xalqaro tashkilot maqsadlari va vazifalarini to‘la mos keladi
Markaziy Osiyo xalqaro instituti tarixiy-madaniy merosni o‘rganish va gumanitar tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i Alisher Sobirov O‘zbekiston Prezidentining Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi yig‘ilishidagi nutqida ilgari surilgan xalqaro va mintaqaviy tashabbuslar yuzasidan.
- Davlatimiz rahbari Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida Tashkilot doirasida uyushqoqlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni yana-da mustahkamlash, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish, Afg‘onistondagi vaziyatga nisbatan kelishuvga asoslangan yondashuvlarni ishlab chiqish bo‘yicha dolzarb tashabbuslari qatorida mintaqa parlamentlari va keng jamoatchilik darajasida xalq diplomatiyasini rivojlantirishga qaratilgan manfaatli takliflarni ham ilgari surdi, - dedi MOXI ekperti. - Xalq diplomatiyasi – bu davlat va nodavlat tashkilotlar, davlatlar yoki xalqaro tashkilotlarning xalqaro jamoatchilik aloqalarini kengaytirishga yo‘naltirilgan qo‘shma faoliyati.
Bu fuqarolik jamiyatining xalqaro munosabatlar va tashqi siyosatdagi faol ishtirokini nazarda tutadi. Boshqacha aytganda, bunda faol ishtirokchilar amaldorlar emas, balki olimlar, sanʼat va madaniyat namoyondalari, tadbirkorlar, diniy ulamolar, yoshlar va oddiy insonlardir. Bunday ishtirok maʼlum ijtimoiy fikrni shakllantirishga, shuningdek, xalqaro aloqalar va munosabatlardagi holatga taʼsiriga qaratilgan.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “SHHT Ezgu niyat elchisi” institutini taʼsis etish bo‘yicha tashabbusi ushbu xalqaro tashkilot maqsadlari va vazifalarini amalga oshirish yo‘lida o‘z vaqtida bildirilgan taklif bo‘ldi.
Nisbatan qisqa fursatda, SHHT xalqaro munosabatlarda sezilarli darajada muhim ahamiyatga ega nufuzli xalqaro tashkilotga aylandi. Maʼlumki, Tashkilotga aʼzo davlatlarda yer yuzi aholisining qariyb yarmi istiqomat qiladi.
SHHT, ayniqsa, Yevroosiyo qitʼasida yangi tipdagi munosabatlar shakllanishida muhim rol o‘ynaydi. Shu maʼnoda xalq diplomatiyasi mexanizmlarini keng qo‘llanilishi yana-da ahamiyatlidir.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2019 yilda O‘zbekistonda MDH Xalq diplomatiyasi markazi tashkil etilib, bu borada muhim qadamlar qo‘yildi. Asosiy vazifa – yaxshi qo‘shnichilik va ishonch, millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlikni mustahkamlash, sivilizatsiyalararo muloqatni rivojlantirishdan iborat.
Ilmiy tafakkur olamida «ommaviy diplomatiya» tushunchasi asosiy o‘rin egallab, mohiyati jihatidan keng jamoatchilikning ko‘zga ko‘ringan namoyondalari orqali mamlakat imijini, tashkilotlar va siyosatga ishonchni shakllantirishni tashkil qiladi.
Misol tariqasida, BMTga ishonch ruhini shakllantirish bo‘yicha faoliyatda ezgu niyat elchilari instituti masʼul hisoblanadi.
BMTning ezgu niyat elchilari instituti 1954 yildan buyon faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, unda BMT va uning muassasalarini qo‘llab-quvvatlovchi dunyoning mashhur insonlari faoliyat olib boradi. BMT ideallari va imijini mustahkamlashda madaniyat, sport va keng jamoatchilikning mashhur vakillarining roli va o‘rni beqiyos.
Ishonchim komilki, «SHHT Ezgu niyat elchisi» instituti SHHT mamlakatlarining sanʼat, adabiyot, fan, musiqa va sport sohalaridagi mashhur arboblaridan tashkil topib, ular o‘z isteʼdodi va bor kuch-g‘ayratini tashkilotga aʼzo davlatlar hamda butun dunyo xalqlarining turmush darajasini oshirishda SHHT harakatlariga nisbatan jamoatchilik xayrixohligini oshirishga safarbar etadi.
Bu esa, o‘z navbatida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash, qurolsizlanish va butunjahonda tinchlik va xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash, giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash, qochoqlar, nogironlar va bolalarga ko‘maklashish, atrof-muhitni asrab avaylash kabilardan iborat.
Aytish joizki, mashhurlik – bu ezgu niyat elchilarini tanlashdagi bazaviy talablardan biri sanaladi.
Misol uchun, BMT ezgu niyat elchilarining faxriy ro‘yxatidan Anatoliy Karpov, Rodjer Mur, Mariya Sharapova, Krishtianu Ronaldo, Maykl Duglas, Nikol Kidman, Anjelina Joli, Sharliz Teron, Mia Ferrou va boshqalar o‘rin olgan.
Bu kabi nufuzli lavozimga nomzod birinchi navbatda o‘z imijini emas, SHHT imijini oshirish ustida ish olib borishi zarur.
Bunday modelning asosiy tavsifi – kasb faoliyati davomida benuqson obro‘-eʼtibor, orastalik, olijanoblik, mavjud tartib-qoidalarga rioya qilish, ishchanlik, mardlik, ochiqlik, mahalliy tillarni, tarix va madaniyatni bilish kabilardan iborat.
Sammitda Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, global va mintaqaviy darajada tanglik o‘sib borayotgan hozirgi davrda SHHT o‘zining ochiqligini saqlab qolishi, umumiy daʼvatlarga o‘z vaqtida munosabat bildirishi, xalqlar o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonchni mustahkamlashi lozim.
Muxtasar aytganda, Xalq diplomatiyasi bu maqsadlarni amalga oshirishdagi samarali mexanizmlardan biridir.
MOXI eksperti: Davlatimiz rahbarining kambag‘allikni bartaraf etish va oziq-ovqat xavfsizligiga oid muammolarga birgalikda yechim izlab topish bo‘yicha qarashlari ushbu xalqaro tashkilot vazifalariga to‘la mos keladi
«O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston mezbonligida o‘tkazilgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlarining uchrashuvidagi nutqida kambag‘allikni bartaraf etish va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlash kabi o‘ta dolzarb masalaga alohida eʼtibor qaratdi», - deya taʼkidladi Markaziy Osiyo xalqaro institutining bosh ilmiy xodimi Nosirjon Yusupov.
- Tabiiyki, har bir inson hayoti davomida to‘laqonli turmush tarziga ega bo‘lishni istaydi. Bunda oziq-ovqat, uy-joy, kiyim-kechak, tibbiy yordam, bilim olish, bola tarbiyasi kabi inson ehtiyoji uchun zaruriy kichik ro‘yxat mavjud.
Hozirga qadar, mamlakat aholisiga nisbatan “kambag‘allik” so‘zini qo‘llash odat tusiga kirmagan edi.
Yaqin-yaqin kungacha, biz ushbu muammoga ko‘z yumib keldik. Biroq, bu orqali mavjud muammo bartaraf etilmadi, yo‘qolib ketmadi, aksincha tobora avj olib bordi.
Yana bir dolzarb muammolardan biri bu - oziq-ovqat xavfsizligi masalasidir. Bu ikkala muammo, shubhasiz, bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash tom maʼnoda kambag‘allikni bartaraf etish uchun qulay shart-sharoit yaratadi. O‘z navbatida, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va munosib ish haqi bilan taʼminlash orqali oziq-ovqat xavfsizligi masalalarini muvaffaqiyatli hal etishga erishish mumkin.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan SHHT sammiti doirasida ilgari surilgan har ikki tashabbus ham yagona maqsad, yaʼni o‘z xalqiga munosib turmush sharoitini yaratishni nazarda tutadi.
Uzoq yildirki, mazkur muammolar millatlararo xarakterga ega bo‘lib, bu haqda xalqaro uchrashuvlarda ham muntazam so‘z yuritiladi. Biroq, natija hali-hanuz kutilganidek emas. Faqat murojaatlarning o‘zigina ularni hal eta olmaydi.
Xususan, O‘zbekiston uchun ham ushbu muammolar alohida ahamiyatga ega. Sababi mamlakatimiz aholisi soni tez surʼatlarda o‘sib, ayni paytda 35 million nafarni tashkil etadi. Oziq-ovqat xavfsizligi asosi bo‘lgan suv resurslari hajmi yildan-yilga qisqarib bormoqda. O‘tgan o‘n besh yil mobaynida, O‘zbekistonda aholi jon boshiga sug‘oriladigan yer maydonlarining qariyb chorak qismi qisqargani qayd etildi.
Jahon banki tahlil natijalariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mintaqasida iqlim o‘zgarishi, harorat va atmosferaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri salbiy taʼsiri oqibatida hosildorlikda qariyb 6-10 foiz pasayish kuzatildi. So‘nggi yillardagi barqaror tendensiya - oziq–ovqat mahsulotlari narxining oshishi. Ushbu ko‘rsatkich, joriy yilda 15 foizga to‘g‘ri keldi.
Vaziyat jiddiy bo‘lishiga qaramasdan, mutlaqo imkonsiz degani emas. Ayniqsa, so‘nggi yillarda ushbu hodisalarning oldini olish bo‘yicha mamlakatimizda va boshqa davlatlarda qator maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda.
Biroq, bu borada birgina mamlakatning saʼy-harakati yetarli emas. Davlatlar o‘zaro harakatlarni birlashtirishi zarur. Shu bois, Prezidentimizning kambag‘allik bilan shug‘ullanadigan vazirlarni muntazam uchrashuvlarini o‘tashkil etish, kambag‘allikni qisqartirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash buyicha maslaxatlarni amalga oshirish tashabbusi g‘oyatda ahamiyatlidir. Bu tadbirlar zamonaviy va eng maqbul tajribalarga asoslangan qo‘shma yechimlarni ishlab chiqish, muammolarni imkoniyat darajasida hal etish va yumshatish imkonini beradi.
Muxtasar aytganda, muammolarga birgalikda yechim izlab topish ushbu xalqaro tashkilotning vazifalariga to‘la mos keladi.
MOXI ekperti: Shavkat Mirziyoyev SHHTni koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda kuchlarni birlashtirishga chaqirdi
Markaziy Osiyo xalqaro instituti bosh ilmiy xodimi Yelena Say “Dunyo” AAga bergan intervyusida davlatimiz rahbarining SHHTning Dushanbe sammitidagi nutqida koronavirus infeksiyasi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqish masalalari bo‘yicha takliflariga eʼtibor qaratdi.
- Dushanbe yubiley sammiti doirasida xavfsizlik, AKT, atrof-muhitni muhofaza qilish, qishloq xo‘jaligi, favqulodda vaziyatlar, transport, madaniyat va sport sohalarida o‘zaro hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Unda ustuvor mavzular qatorida koronavirus infeksiyasi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Forum doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan yuqumli kasalliklarning oldini olish va uni davolash, kasallikdan keyingi reabilitatsiya jarayoni va emlash sertifikatlarini o‘zaro tan olinishi, SHHT hududidagi yetakchi tibbiyot markazlari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va qabul qilish kabi muhim tashabbus ilgari surildi.
Ushbu taklifning asosiy maqsadi SHHTga aʼzo davlatlarning xavf-xatarlar davrida epidemiologik vaziyatning oldini olish, kasallikni erta aniqlash va ularga birgalikda javob qaytarish bo‘yicha samaradorlikni yana-da oshirishga qaratilgan.
Mazkur taklif SHHT makonida epidemiologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan preventiv chora-tadbirlarni ishlab chiqish, yuqumli kasalliklarning oldini olish va davolashda o‘zaro axborot, bilim va tajriba almashishga qaratilgan. Mamlakatlarga pandemiyagacha bo‘lgan davrdagi sharoitga qaytish, keng ko‘lamli savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro aloqalarni tiklash uchun cheklovlarni olib tashlash imkonini beradi.
Bundan tashqari, ushbu tashabbusni amalga oshirish SHHT mamlakatlari fuqarolariga chegaralarni kesib o‘tish va erkin harakatlanishi uchun yagona shart-sharoitlarni shakllantirishda keng imkoniyatlar yaratadi.
Shuningdek, yagona davlatlararo darajada taqdim etilgan test natijalari va sertifikatlar monitoringi tizimini yaratadi.
Pandemiyaning ilk kunlaridayoq SHHTga aʼzo davlatlar ushbu tahdidga qarshi kurashishga qiziqish bildirib, keng ko‘lamli sohalarda o‘zaro ko‘maklashish bo‘yicha yakdillikni namoyon etdi.
Sanitariya-epidemiologik vaziyatni yaxshilash maqsadida, epidemiologik osoyishtalikni taʼminlashga masʼul sog‘liqni saqlash vazirlari yig‘ilishi va SHHTga aʼzo davlatlar xizmatlari rahbarlari yig‘ilishi kabi meʼyoriy -huquqiy baza va hamkorlik mexanizmlari yaratildi. Pandemiyaga qarshi aniq takliflarni qabul qilish va ishlab chiqish maqsadida idoralararo darajada muntazam onlaynmuloqotlar o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi saʼy-harakatlarga, butun jahonda jumladan, SHHTga aʼzo mamlakatlarda kasallanganlar sonining qisqarishi tendensiyasiga qaramay, tashkilotga aʼzo ayrim davlatlarda koronavirus bilan bog‘liq murakkab vaziyat saqlanib qolmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan takliflar kelgusida SHHT mamlakatlariga rahna solishi mumkin bo‘lgan infeksiyaga qarshi kurash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tayyorlash va oqibatlarini yumshatishga ko‘maklashadi. Ayniqsa, SHHT mamlakatlari saʼy-harakatlarini birlashtirishga va pandemiyaga qarshi kurashda tashkilot salohiyatidan foydalanishga yordam beradi. Ko‘pqirrali hamkorlik va ko‘pmillatli tuzilmaning mavqeini mustahkamlashga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.