Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutida o'zbekistonlik talabalarga davlatimiz rahbarining bo'lajak saylovida ovoz berish tartibi tushuntirildi

Joriy yilning 25 sentyabrida Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutida (MGIMO) birinchi kurs talabalarining talabalar muhitiga integratsiyasiga bag'ishlangan har yilgi tadbir - "MGIMO Welcome day" bo'lib o'tdi.
MGIMOdagi Oʻzbekiston klubi elchixona ko'magida ishtirokchilarga respublika madaniyati va an'analarini munosib tarzda taqdim etdi.
Shu bilan birga, tadbir davomida elchixona xodimlari O'zbekiston fuqarosi bo'lgan talabalarga shu yilning 24 oktyabr kuni elchixonada tuzilgan 30 - sonli saylov uchastkasida bo'lib o'tadigan O'zbekiston prezidenti saylovlari haqida hamda 14-20 oktyabr kunlari muddatidan oldin ovoz berish to'g'risida ma'lumot berishdi.
Talabalarga saylov qonunchiligiga kiritilgan o'zgartirishlar, jumladan, mamlakatimizning diplomatik vakolatxonalari va Tashqi ishlar vazirligi sayti orqali xorijda shakllantirilgan saylovchilarning elektron ro'yxatini tuzish tartibi tushuntirildi.