Rossiya Federatsiyasiga borayotgan fuqarolar uchun eslatma
O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari ularning konsullik okrugiga kiruvchi xorijiy davlatga kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini vaqtincha va doimiy ro‘yxatga oladi.
1. Migratsiya varaqasini olish
Rossiya Federatsiyasiga bormoqchi bo‘lgan fuqarolar mamlakat hududiga «kirish» maskanlarida xorijiy fuqarolarga vaqtinchalik bo‘lish huquqini beruvchi migratsiya varaqasini olib, uni to‘ldirishlari shart. Migratsiya varaqalari chegara qo‘shinlari xodimlari tomonidan bepul beriladi, rus tilida to‘ldiriladi, agar fuqaro rus tilini bilmasa migratsiya varaqasi (hujjatda ko‘rsatilganidek) lotin yozuvida to‘ldirilishi mumkin.
2. Yashash joyida qayddan o‘tishning majburiyligi
Yodingizda tuting, Rossiya Federatsiyasida vaqtincha yashovchi xorijiy fuqarolar, vaqtincha yashash joyiga yetib kelganlaridan so‘ng 7 ish kuni ichida, Rossiya Federal migratsiya xizmati (FMX)ning xududiy idoralariga vaqtincha yashash joyiga kelganliklari haqida xabar berishlari shart.
Rossiya Federatsiyasiga 7 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga kelgan xorijiy fuqarolar vaqtincha yashash joylari bo‘yicha qayddan o‘tkazilmaydilar.
Qayddan o‘tish va qayddan chiqarish bo‘yicha barcha harakatlar qabul qiluvchi taraf zimmasiga yuklanadi.
Bo‘lish joyida qayddan o‘tish uchun fuqaro qabul qiluvchi tomonga shaxsini tasdiqlovchi hujjatni va migrasiya varaqasini taqdim etishi lozim. qabul qiluvchi tomon sifatida istalgan jismoniy yoki yuridik shaxs (Rossiya fuqarosi yoki tashkilot) bo‘lishi mumkin.
Qabul qiluvchi taraf, kelganligi to‘g‘risida xabarnoma varaqasini to‘ldiradi va kelgan kundan boshlab uch ish kuni ichida to‘ldirilgan varaqani hududiy FMX idorasiga yoki turar joydagi pochta aloqasi bo‘limiga taqdim etadi.
Agar qabul qiluvchi taraf uzrli sabablarga ko‘ra, qayddan o‘tish haqidagi xabarnomani taqdim etmasa, ushbu xabarnoma bevosita fuqaronining o‘zidan qabul qilinishi mumkin.
Yetib kelganligi to‘g‘risidagi xabarnomani qabul qilgan Rossiya FMXning hududiy idorasi yoki pochta aloqasi bo‘limi uni to‘g‘ri to‘ldirilganini tekshiradi va darhol varaqaning qirqib beriladigan qismiga qabul qilib olinganligi to‘g‘risida tegishli belgi qo‘yib qaytarib beradi. Mazkur belgi fuqaroning yashash joyi bo‘yicha qayddan o‘tishi yuzasidan o‘z majburiyatlarini bajarganligini tasdiqlaydi.
Fuqaro Rossiyadan jo‘nab ketayotganda, qabul qiluvchi taraf tomonidan xabarnomaning qirqib beriladigan qismini Rossiya FMXning hududiy idorasiga topshirishi yoki pochta orqali jo‘natishi lozim.
3. Vaqtinchalik yashashga ruxsatnoma olish
Vaqtinchalik yashashga ruxsatnoma olish uchun, fuqaro hududiy FMXga murojaat etib, quyidagilarni taqdim etishi lozim:
1) vaqtinchalik yashashga ruxsatnoma berish to‘g‘risida ariza;
2) shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki fuqaroligi yo‘q shaxs guvohnomasi);
3) Rossiya Federatsiyasiga kirganligi to‘g‘risida chegara nazorati belgisi qo‘yilgan migratsiya varaqasi yoki Rossiya FMX hududiy idorasi tomonidan berilganligi to‘g‘risidagi belgi qo‘yilgan migratsiya varaqasi;
4) vaqtinchalik yashashga ruxsatnoma olish uchun 400 rubl miqdorida davlat boji to‘langanligi to‘g‘risida kvitantsiya.
Vaqtinchalik yashashga ruxsatnoma berish to‘g‘risidagi ariza berilgan kundan boshlab, 30 kun ichida, Rossiya FMXning hududiy idorasiga atrofdagilar uchun xavf tug‘diradigan giyohvandlik, orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (SPID, VICH) va boshqa yuqumli kasalliklar yo‘qligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etish zarur.
Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasiga kirgan vaqtdan boshlab bir yil mobaynida Rossiya FMXning hududiy idorasiga soliq idorasida hisobga olinganligi to‘g‘risidagi guvohnomani taqdim etish lozim.
Ko‘rsatilgan hujjatlar belgilangan muddatlarda taqdim etilmasa, vaqtinchalik yashashga ruxsatnoma berilmasligi yoki avval berilgan ruxsatnoma bekor qilinishi mumkin.
Uzrli sabablarga ko‘ra hujjatlarni topshirish muddatlari buzilsa, Rossiya FMXning hududiy idorasiga muddatlarni uzaytirish to‘g‘risida yozma ravishda ariza va ko‘rsatilgan sabablarni tasdiqlaydigan hujjatlar bilan murojaat etish zarur.
Vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma, ariza qabul qilingan kundan boshlab oltmish kundan kechiktirmay beriladi. Vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma berishga rad javobi bo‘lsa, bu haqida tegishli xabarnoma topshiriladi.
4. Yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish
Vaqtinchalik yashashga ruxsatnoma yoki yashash guvohnomasi olingandan so‘ng, xorijiy fuqaro yetti ish kuni ichida yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi shart. Yashash joyi buyicha ro‘yxatdan o‘tish to‘g‘risidagi ariza har bir shaxs uchun alohida 2 nusxada tuziladi. 18 yoshga to‘lmagan shaxslarning ro‘yxatdan o‘tish to‘g‘risidagi arizalari ularning nomidan ota-onasi yoki qonuniy vakillari tomonidan taqdim etiladi. Ro‘yxatdan o‘tish to‘g‘risidagi ariza bilan birga quyidagilar topshiriladi:
a) shaxsini tasdiqlovchi hujjat;
b) yashash guvohnomasi yoki vaqtinchalik yashash uchun berilgan ruxsatnoma;
v) uy-joydan foydalanish huquqini beruvchi hujjat (shartnoma, shaxsiy mulkka ega bo‘lish to‘g‘risida guvohnoma yoki boshqa hujjatlar) va uning o‘rnatilgan tartibda tasdiqlangan nusxasi;
g) davlat bojini to‘laganligi haqida hujjat.
Hujjatlar to‘liq topshirilmasa yoki uni to‘ldirishda xatoliklarga yo‘l qo‘yilsa, hujjatlar qaytarib beriladi va shaxs ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi. Fuqaro, vaqtinchalik yashash uchun berilgan ruxsatnomada ko‘rsatilgandan ortiq muddatga vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi. Yangi yashash joyiga vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish, avvalgi ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qayddan chiqarilganidan so‘ng amalga oshiriladi.
5. Yashayotganligini tasdiqlash to‘g‘risida xabar berish
Rossiya Federatsiyasida vaqtincha yoki doimiy yashayotgan xorijiy fuqaro har yili Rossiya FMX hududiy idorasiga o‘zining shu yerda yashayotganligini tasdiqlovchi xabarnoma taqdim etishi shart.
Mazkur xabarnomani, vaqtincha yoki doimiy yashovchi xorijiy fuqaro yashashiga ruxsatnoma olgan kundan yoki avvalgi xabarnomani taqdim etgan kundan boshlab bir yil o‘tgandan so‘ng ikki oy muddat ichida shaxsan o‘zi taqdim etadi. Uzrli sabablar mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lsa, xabarnoma kechiktirib topshirilishi mumkin, lekin olti oydan oshmasligi lozim.
Xabarnomaga quyidagilar ilova etiladi: daromadlar haqidagi ma’lumotnoma, soliq deklaratsiyasidan nusxa yoki navbatdagi yil uchun daromadlar miqdori va manbaini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar, agar ikki oy muddatdan o‘tib ketsa, uzrli sabablar mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar ham taqdim etiladi.
Shuni yodda tutish lozim, xabarnomaning qabul qilinganligi, hududiy FMX mas’ul xodimi yoki federal pochta aloqasi xizmati xodimi tomonidan xabarnomaga hamda uning xorijiy fuqaroda qoladigan, qirqib beriladigan qismiga qo‘yilgan imzosi bilan tasdiqlanadi.
Agar qo‘shimcha savollar tug‘ilsa, turar joyigizga yaqin bo‘lgan Rossiya Federal Migratsiya xizmatining hududiy idorasiga murojaat etishingiz mumkin.
Rossiyaga doimiy yashash, 6 oydan uzoq muddatga o‘qish yoki ishlashga ketgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalarida ro‘yxatdan o‘tish tavsiya etiladi.
Xorijiy davlatlarda doimiy yashovchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari pasportlarini almashtirish yoki yo‘qotib qo‘ygan pasport o‘rniga yangisini olish uchun O‘zbekiston Respublikasining ushbu davlatdagi konsullik muassasasiga murojaat etadilar. Xorijga vaqtincha yashash yoki ishlash uchun borganlarga esa pasportlarini yo‘qotib qo‘yganlarida yoki pasportlarining amal qilish muddati tugaganda konsullik muassasalari tomonidan o‘rnatigan tartibda O‘zbekiston Respublikasiga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirib beriladi.
Sizga nisbatan qonunbuzarlik sodir etilsa, O‘zbekiston Respublikasining diplomatiya vakolatxonalariga murojaat qilishingiz mumkin.