Konstitusiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi muddati uzaytirildi
2022 yil 15 iyul' kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda dastlab “O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamasi haqidagi masala ko‘rib chiqildi.
Ta'kidlanganidek, deputatlar tomonidan hududlarga chiqilgan holda davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda fuqarolar ishtirokida qator uchrashuvlar tashkil etilib, konstitusiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Umumxalq muhokamasi davomida Konstitusiyaviy qonun loyihasi yuzasidan aholi va fuqarolik jamiyati institutlaridan 85 mingdan ziyod takliflar kelib tushdi. Aholi va fuqarolik jamiyati institutlarining Konstitusiyaviy qonun loyihasi yuzasidan fikr-mulohaza bildirishda faolligi ortib borayotganligi, kelib tushayotgan takliflar soni tobora oshayotganligi umumxalq muhokamasining muddatini yana uzaytirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Qonunchilik palatasida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy qonuni loyihasi umumxalq muhokamasining muddatini 2022 yil 1 avgustgacha uzaytirish haqida qaror qabul qilindi.