Konstitusiyaviy qonun loyihasi maromiga yetkazilmoqda
Joriy yilning 14 iyul' kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini boshqarish organlari qo‘mitalarining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitusiyaviy qonun loyihasi yuzasidan kelib tushayotgan taklif va mulohazalarni loyihada aks ettirish masalalari muhokama qilindi.
Ta'kidlanganidek, bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Konstitusiyaviy komissiya a'zolari hududlarda bo‘lib, qonun loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka tushuntirmoqda. Butun xalqimiz, xotin-qizlar, yoshlar, huquqshunos va siyosatshunos olimlar, ilm-fan namoyandalari ushbu masalada o‘z fikr va qarashlarini bildirmoqda.
Fuqarolarimiz konstitusiyaviy yangilanishlarni yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlab, o‘zining, oilasining, mahallasining orzu-umidlari ro‘yobga chiqishi va ularning Asosiy qonunimizda aks etishi uchun faollik ko‘rsatishga intilmoqda. Eng muhimi, bildirilayotgan taklif va mulohazalarning barchasi muhim, barchasi ahamiyatli.
Konstitusiyaviy qonun loyihasida nazarda tutilgan har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga egaligi, hech kim ayni bir huquqbuzarlik uchun ikki marta javobgarlikka tortilishi mumkin emasligi, har kim qonun bilan muhofaza qilinadigan mulkka, shu jumladan intellektual mulkka bo‘lgan huquqqa egaligi haqidagi yangiliklar ko‘plab fuqarolarimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Majlisda Konstitusiyaviy qonun loyihasi yuzasidan umumxalq muhokamasi mamlakatimizning barcha hududlarida qizg‘in tashkil etilmoqda, hududlarda davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda konstitusiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish ishlari olib borilgani qayd etildi.
Hozirgi kunga qadar konstitusiyaviy qonun loyihasi yuzasidan aholi va fuqarolik jamiyati institutlaridan jami 81 mingdan ziyod taklif kelib tushgani aholining mazkur siyosiy jarayonlarga nisbatan daxldorlik hissi oshib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirishga qiziqishi tobora ortib borayotgani ta'kidlandi.
Qayd etilganidek, xalqimiz bildirayotgan takliflar mas'ul qo‘mitalar a'zolari, Konstitusiyaviy komissiya huzurida tuzilgan Takliflar bilan ishlash va Yig‘ma ahborot tahlil guruhlari tomonidan ishchi tartibida muntazam ravishda ko‘rib chiqilib, tahlil qilinmoqda.
O‘tgan davrda mas'ul qo‘mitalar va Konstitusiyaviy komissiya tomonidan umumxalq muhokamasi davomida kelib tushgan takliflarning asosli deb topilganlari asosida Konstitusiyaviy qonun loyihasi maromiga yetkazildi.
Majlisda Konstitusiyaviy qonun loyihasida mamlakatimiz aholisining turli qatlamlaridan kelib tushgan takliflar o‘z ifodasini topayotgani, bu esa qonunlarning asosiy ijodkori xalqimiz bo‘lishi kerak, degan ezgu maqsadga erishishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi aytib o‘tildi.
Tadbir yakunida qo‘mitalar tomonidan Konstitusiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish bilan bog‘liq ustuvor vazifalar belgilab olindi.