O’zbekistonning Yekaterinburgdagi Bosh konsulining Noviy Urengoy shahri meri bilan uchrashdi va “Eriell neftegazservis” MCHJga tashrif buyurdi
O’zbekistonning Yekaterinburgdagi Bosh konsulining Noviy Urengoy shahri meri Andrey Voronov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda shuningdek “Eriell neftegazservis” MCHJ ning Noviy Urengoydagi filiali direktori Ikram Yusupov ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida Noviy Urengoy bilan O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy aloqalarini o‘rnatish masalalari hamda shahardagi yirik “Eriell neftegazservis” MCHJ da o‘zbekistonliklar vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borishini inobatga olib, birgalikda turli xil tadbirlar, xususan O‘zbekiston mahsulotlari yarmarkasini o‘tkazish masalasi muhokama qilindi.
Shu bilan birga, “Eriell neftegazservis” MCHJga tashrif buyurildi. Tashrif davomida o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari vaqtinchalik istiqomat qiladigan, ovqatlanadigan va qisman mehnat qiladigan joylari hamda neft qazib chiqarish bo‘yicha tayyorlov kurslari o‘tkaziladigan dars xonalari ko‘zdan kechirildi.
Shirkat rahbariyatining ma’lum qilishicha, tashkilotda jami 2142 vatandoshimiz mehnat faoliyatini olib bormoqda, shulardan 1500 kishi ayni davrda Rossiyada bo‘lib turishibdi.
Shirkat hududida 750 kishiga mo‘ljallangan yotoqxona, 500 kishilik choyxona va yirik sport majmuasi (basketbol, mini futbol zali hamda fitnes zali) mavjud.
“Eriell neftegazservis” MCHJ ning “Sog‘lomlashtirish”sport majmuasi binosida 300 ga yaqin fuqarolar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti boshchiligida xorijdagi mehnat muhojirlarimizga nisbatan olib borilayotgan siyosat, yaratib berilgan shart-sharoitlar va yengilliklar borasida hamda 2020 yil 15-sentabrdagi PQ-4829-sonli Prezident Qarorining ijrosi doirasi Bosh konsulxona va Tashqi mehnat migratsiya agentligining Yekaterinburgdagi vakolatxonasi tomonidan qilingan va qilinayotgan ishlar borasida batafsil ma’lumot yetkazildi.
Konsullik – huquqiy masalalarda, jumladan pasport rasmiylashtirish, O‘zbekistonda rasmiylashtirilgan hujjatlarni Rossiya hududida ishlatish va pensiyaga oid savollarga atroflicha javob berildi.
Fursatdan foydalanib, uchrashuv ishtirokchilariga oktabr oyida O‘zbekistonda Prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi va unda faol ishtirok etish lozimligi borasida ma’lumotlar yetkazildi.