Elchixona axboroti
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Anttek” korxonasining qurilish maydonchalarida ishlash uchun kelgan Oʼzbekiston fuqarolarining noroziligi haqidagi axborot boʼyicha maʼlum qilamizki, joriy yilning 16 aprelida diplomatlar Moskva shahri, Ostapovskiy tor koʼchasi, 3-uy, 15-26 bino manzili boʼyicha joylashgan yotoqxonaga tashrif buyurgan.
Oʼrganishlar natijasida ushbu binolarda bir oydan ikki oygacha boʼlgan karantin doirasida joriy yilning fevral oyida Rossiya korxonasi hisobidan “Anttek” qurilish maydonlarida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan 400 ga yaqin Oʼzbekiston fuqarosi boʼlganligi aniqlangan.
Ushbu holatlar Rossiyada amalda boʼlgan normalar va Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish federal xizmati (Rospotrebnadzor) buyrugʼi bilan bogʼliq boʼlib, unga koʼra barcha mehnat muhojirlari Rossiyaga kelganidan soʼng 14 kunlik karantinda boʼlishlari lozim.
Ayrim fuqarolar tomonidan hududni tark etish va shaharga chiqib ketish shaklida karantin choralarini bajarmaganliklari yotoqxonalarda koronavirus infeksiyasining tarqalishiga olib kelgan, bu esa ularning yakkalanish muddati uzaytirilishiga va binolarni qoʼriqlashga ichki ishlar organlari boʼlimlarini jalb etish zaruriyatini keltirib chiqargan.
Fuqarolarimiz bilan suhbat davomida qurilish tashkilotlari xodimlari tomonidan Oʼzbekiston fuqarolarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini olib qoʼyilishi, ovqatlanish va yashash sharoitlarining past darajada tashkil etilishi kabi bir qator qonunbuzarliklar aniqlangan.
“Anttek” korxonasining masʼul xodimlari bilan olib borilgan muzokaralar jarayonida joriy yilning 19 aprelidan boshlab barcha ishchilarni koronavirus infektsiyasiga qayta sinovdan oʼtkazish va keyinchalik ularni ish bilan taʼminlash, fuqarolarga hujjatlarini qaytarib berish, shuningdek, yashash sharoitlari va oziq-ovqat bilan taʼminlashni yaxshilash boʼyicha kelishuvlarga erishildi va bu xaqida vatandoshlarga xabar berildi.
Natijada, erishilgan kelishuvlarga muvofiq, joriy yilning
19 aprelida “Anttek” korxonasi tomonidan fuqarolarga hujjatlari qaytarib berildi, ishchilarning bir qismi tibbiy koʼrikdan oʼtkazilgandan soʼng yangi yotoqxonalarga oʼtkazildi va obʼektlarga ishga joylashtirildi, bir qismi esa ruxsatnoma berilishini kutmoqda.
Vaziyat Oʼzbekiston elchixonasi va Oʼzbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi tomonidan nazoratga olingan.
Shu bilan birga, Rossiya hukumati tomonidan tasdiqlangan ishga qabul qilish tizimi va uyushgan tarzda Rossiyaga kelgan Oʼzbekiston fuqarolariga murojaat qilgan holda, bunday uzoq muddatli yakkalash holatlariga tushib qolmaslik uchun belgilangan karantin choralari va tuzilgan mehnat shartnomalari shartlariga rioya qilishingizni soʼraymiz.
Shu bilan birga, fuqarolarimizning ishlash va yashash sharoitlariga rioya etilishini nazorat qilish, shuningdek kelib chiqadigan muammolarga oʼz vaqtida javob berish maqsadida Rossiyaga kirib kelganlik toʼgʼrisida Oʼzbekistonning konsullik boʼlimi va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalarini oʼz vaqtida xabardor qilishingizni soʼraymiz.
Savollar va arizalar boʼyicha quyidagi raqamlarga murojaat qilishingiz mumkin: +7 499 230 00 76, +7 499 238 36 20, +7 499 230 00 32