O‘zbekiston va Rossiya COVID-19 bilan kurashda hamkorlik qilmoqda

O‘zbekistonning Rossiyadagi Elchixonasi tomonidan Rossiya Iste'molchilar huquqlari va inson farovonligini himoya qilish sohasini nazorat qilish bo‘yicha Federal xizmatidan (“Rospotrebnadzor”) beg‘araz yordam sifatida “RIBO-prep” va “REVERTA-L” turidagi test-tizimlari va reagentlarni olish masalasi hal qilindi.
Mazkur to‘plamlar COVID-19 virusini laboratoriya diagnostikasi orqali aniqlash uchun 50 mingta test o‘tkazish imkonini beradi. Barcha test-tizimlar tezkor ravishda mamlakatimizga yetkazildi.
Umuman olganda, pandemiya davrida Rossiya Federatsiyasi Hukumati tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga COVID-19 virusini aniqlash uchun 140 mingta test o‘tkazish imkonini beradigan test-tizimlari ajratildi.
Elchixona Rossiya tomoniga koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashda O‘zbekistonga ko‘rsatayotgan yordami uchun minnatdorchilik izhor etadi.