Moskva shahridagi “Vnukovo” va “Sheremetevo” aeroportlaridagi vaziyat haqida
Ayni paytda Moskva shahrining “Vnukovo” va “Sheremet'evo” xalqaro aeroportlarida ikki mamlakat o‘rtasida havo, avtomobil' va temir yo‘l aloqasi to‘xtatilishi tufayli O‘zbekistonga parvoz qila olmagan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari mavjud.
Elchixona tomonidan “Vnukovo” aeroporti rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokalar natijasida yurtdoshlarimizning vaqtincha qolishi uchun “B” terminali ajratildi. Bu yerda zarur sharoitlar yaratilgan bo‘lib, jumladan, tibbiyot punkti, hammom va hojatxonalar mavjud, issiq ovqat berilishi yo‘lga qo‘yilgan, mebellar (kreslo, divanlar, stol va stullar) o‘rnatilgan. Qator suhbatlarga qaramay, fuqarolarimiz maxsus belgilangan hududga borishdan bosh tortib, hali hamon “Vnukovo” aeroportida ro‘yxatdan o‘tish nuqtasida qolmoqdalar.
Shu o‘rinda yurtdoshlarimizdan, mavjud vaziyatdan kelib chiqqan holda, iloji boricho tezroq “B” terminalga o‘tishlarini so‘rab qolar edik.
Elchixona “Sheremet'evo” aeroportidagi vaziyatni ham nazorat ostiga olgan hamda hozirda Rossiya hukumati bilan boshqa davlatlardan Moskvaga tranzit orali uchib kelgan fuqarolarimizni olib chiqish bo‘yicha muzokaralarni olib borayotir. O‘zbek diasporasi vakillari va homiylar bilan birgaliekda vatandoshlarimizni issiq ovqat bilan ta'minlash masalasi ham hal etilmoqda.
Yana bir bor Rossiya hududidagi vatandoshlarimizni xotirjamlikka chorlab, imkon qadar, ehtiyot choralariga qat'iy rioya qilgan holda doimiy/vaqtinchalik yashash joyini tark yetmasliklarini so‘rab qolamiz.
Eslatib o‘tamizki, 2020 yil 19 martdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik bo‘lish muddatini uzaytirishlari mumkin. Buning uchun ular o‘zlari bo‘lgan joyga eng yaqin Ichki ishlar vazirligi hududiy bo‘limiga tegishli ariza bilan murojaat qilishlari joizdir.