O'zbekistonning Rossiyadagi Elchixonasi xabari
Ba'zi ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya oliy o'quv yurtlarida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida o'zbekistonlik talabalarni yotoqxonalardan chiqarib yuborilayotgani to'g'risidagi shov-shuvlar bo’yicha Elchixona quidagilarni ma’lum qiladi.
Diplomatik vakolatxona tasarrufidagi ma'lumotlarga ko'ra, Rossiya Federatsiyasi rasmiy organlari tomonidan mamlakat oliy o'quv yurtlarida ta'lim olayotgan o'zbek talabalariga nisbatan ularning yashashi va/yoki mamlakat hududida bo’lishini cheklash bo’yicha qarorlar qabul qilinmagan. Ta'lim muassasalari rektorlariga Rossiya Federatsiyasi Fan va oliy ta'lim vazirligidan o'zbekistonlik talabalarni yotoqxonalardan chiqarib yuborishni nazarda tutuvchi tavsiyalar yoki ko'rsatmalar berilmagan.
Vatandoshlarimizni vahimaga berilmaslik va xotirjamlikka chorlab qolamiz. Shu bilan birga, Rossiya hukumatining COVID-2019 virusi tarqalishining oldini olishga qaratilgan tavsiyalarini bajarish, yashash joylaringizni tark etmaslik va oily o’quv yurtlari rahbariyati belgilab bergan shaklda ta’limni davom ettirishingizni so’raymiz.
Shu bilan birga ma’lum qilamizki, joriy yilning 16 mart kuni davlat xavfsizligini ta'minlash, aholi salomatligini muhofaza qilish va koronavirus infeksiyasi tarqalishiga yo’l qo’ymaslik maqsadida, Rossiya Federatsiyasi Hukumati 2020 yil 18 martdan 1 mayga qadar chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarning Rossiya Federatsiyasiga kirishini vaqtincha cheklash to'g'risida qaror qabul qildi.
Ushbu cheklovlar Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari xodimlari, xalqaro avtomobil transporti vositalari haydovchilari, havo, daryo va dengiz kemalari ekipajlari xodimlari, xalqaro temir yo'l aloqasining poezd va lokomotiv brigadalari, rasmiy delegatsiyalar a'zolari va diplomatik, xizmat vizalari, yaqin qarindoshi vafot etganligi tufayli berilgan vizalarga ega shaxslar, Rossiya Federatsiyasi hududida doimiy yashovchi shaxslar, shuningdek, havo o'tish punktlari orqali tranzit bilan o'tadigan shaxslarga nisbatan qo'llanilmaydi.
Elchixona fuqarolarimizni Rossiya hukumatining yuqorida qayd etilgan qarorini inobatga olishni qat'iy tavsiya qiladi va Rossiya Federatsiyasi hududida bo'lgan O'zbekiston fuqarolari zarur hollarda O'zbekistonning Moskva shahridagi va Rossiya Federatsiyasi hududlaridagi diplomatik vakolatxonalariga (manzillar va aloqa uchun ma’lumotlar havola orqali http://uzembassy.ru/page/870 joylashtirilgan) murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o’tadi.