Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi toʻgʻrisida axborot
2020-yil 13-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Kengash majlisini ochar ekan, yuqori palata aʼzolarining mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlardagi ishtirokini kuchaytirish, ularning oʻz vakolatlaridan samarali foydalanish borasidagi faolligini oshirish masalalariga toʻxtalib oʻtdi.
Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusni amaliyotga joriy etish samaradorligini oshirish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, bu yoʻnalishda mamlakatimizda yoshlarning dunyoqarashi, maʼnaviy saviyasi va estetik tarbiyasini yuksaltirish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, yoshlarning zamonaviy axborot texnologiyalari boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirish, xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Biroq ushbu faoliyatni muvofiqlashtiruvchi yagona tizim mavjud emasligi, bu borada erishilgan natijalarni baholash mezonlari ishlab chiqilmaganligi, qolaversa, samarali nazorat yoʻqligi sababli bu boradagi faoliyatni takomillashtirish talab etiladi. Shundan kelib chiqqan holda Oliy Majlis Senati beshta muhim tashabbusni amaliyotga keng joriy etish, bu borada olib borilayotgan ishlarni tizimli tashkil etish va doimiy monitoring oʻrnatish kabi vazifalarni oʻz oldiga qoʻydi.
Shu maqsadda hamda Senatning Harakatlar dasturi mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusni amaliyotga joriy etish samaradorligini oshirish konsepsiyasi va unda belgilangan vazifalarni bajarish boʻyicha 2020-yilga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.
Konsepsiyada belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash va ularni muvofiqlashtirishga qator vazirlik va idoralar masʼul etib belgilanmoqda. Ular orasida beshta muhim tashabbusning har bir yoʻnalishi boʻyicha Respublika koʻrik-tanlovlarini oʻtkazish nazarda tutilgan.
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda ikki oy muddatda har bir hudud boʻyicha uyushmagan yoshlarning roʻyxatini shakllantirib, maʼlumotlar bazasini yaratishi hamda beshta muhim tashabbusning har bir yoʻnalishiga masʼul boʻlgan vazirlik, idoralarga taqdim etishi lozim boʻladi. Oliy Majlis Senatining barcha qoʻmitalari zimmasiga mahalliy Kengashlar bilan birgalikda Konsepsiyada hamda Dasturda belgilangan vazifalar ijrosini nazorat qilib borish, shuningdek, ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlarni tanqidiy oʻrganilishini, zarur hollarda amaliy yordam koʻrsatilishini taʼminlash vazifalari yuklatildi. Bundan tashqari, har bir yoʻnalish boʻyicha tegishli vazirliklarning hisobotlarini Senatning yalpi majlislarida eshitib borish amaliyotini yoʻlga qoʻyish lozimligi qayd etildi.
Shuningdek, Kengash majlisida Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlarni oʻrganish yakunlari koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, Oliy Majlis Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasining taklifiga koʻra, Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi ishlar haqida Samarqand viloyati hokimining hisobotini eshitish rejalashtirilgan.
Ushbu masala doirasida ishchi guruh tomonidan joriy yilning 2-7-mart kunlari Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar oʻrganildi. Oʻrganish yakunlari Senatning Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi tomonidan xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashida birgalikda koʻrib chiqilishi hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlari va “yoʻl xaritalari” ishlab chiqilishi nazarda tutilgan. Senatning yalpi majlisida esa Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan bogʻliq respublika darajasida hal etiladigan masala tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida muhokama etilishi moʻljallangan. Shu tariqa Senat faoliyatida yangi amaliyot joriy etiladi.
Senat Kengashi majlisida ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarning turmush sharoitlarini yaxshilash va bu boradagi mavjud muammolarni hal etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati toʻgʻrisidagi masala ham koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan hududlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, ayniqsa, xotin-qizlarning turmush sharoitlarini yaxshilash, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, mavjud muammolarni hal etish, bunda davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish borasida belgilangan vazifalarning ijrosini tashkil etishga koʻmaklashish – yuqori palata aʼzolari oldida turgan muhim vazifalardan biri.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarning turmush sharoitlarini hamda mavjud muammolarini oʻrganish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi bilan hamkorlikda Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Qashqadaryo, Buxoro hamda Xorazm viloyatlari hokimliklari ishtirokida har bir tuman (shahar) boʻyicha ogʻir ijtimoiy ahvoldagi xotin-qizlarning hayotini yengillashtirish yuzasidan manzilli “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqqanligi va tasdiqlaganligi taʼkidlandi.
Majlisda xotin-qizlarning muammolarini oʻrganish va hal etish boʻyicha “Sirdaryo tajribasi”ni Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Namangan, Surxondaryo, Toshkent, Fargʻona viloyatlari hamda Toshkent shahrida ommalashtirish choralari koʻrish lozimligi qayd etildi. Bundan tashqari, bu borada parlament va deputatlar nazoratini oʻrnatish zarurligi ham taʼkidlab oʻtildi.
Majlisda ushbu masala boʻyicha boshqa muhim chora-tadbirlar ham belgilab olindi.
Senat Kengashi majlisida Oʻzbekiston Respublikasining ayrim davlatlaridagi elchilarini tayinlash bilan bogʻliq masalalar ham koʻrib chiqildi.
Muhokama etilgan barcha masalalar boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati