Biometrik pasportlar ID-kartaga almashtiriladi
“Oʻzbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarini rasmiylashtirish va berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori qabul qilindi (129-son, 06.03.2020-y.).
Qarorga muvofiq, 2021-yil 1-yanvardan boshlab yangi tugʻilgan bolaga, Oʻzbekiston fuqarosiga, Oʻzbekiston hududida doimiy yashaydigan fuqaroligi boʻlmagan shaxsga va xorijiy fuqaroga belgilangan namunadagi identifikatsiya ID-kartasi beriladi.
ID-karta shaxsni, fuqarolikni tasdiqlaydigan hujjat hisoblanib, Oʻzbekiston hududida foydalaniladi. ID-karta 10 yil muddatga beriladi.
ID-karta rasmiylashtirilganligi va berilganligi uchun davlat boji miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 89 foizini tashkil etadi (198 ming 470 soʻm).
Oʻzbekiston fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasporti, fuqaroligi boʻlmagan shaxs va xorijiy fuqaroning yashash guvohnomasi ularning amal qilish muddati tamom boʻlgunga qadar haqiqiydir. Ushbu hujjatlarning egalari ularni belgilangan tartibda ID-kartaga almashtirish huquqiga ega.
Biometrik pasportni ID-kartaga almashtirish:
- 2021-yil 1-yanvardan 2022-yil 31-dekabrgacha ixtiyoriylik asosida;
- 2023-yil 1-yanvardan 2030-yil 31-dekabrgacha majburiy tartibda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasporti 2030-yil 1-yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi telegram kanali