Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishi butun mintaqa manfaatlariga xizmat qiladi
2020-yil yil 29-fevral kuni Qatar poytaxti Dohada AQSH va “Tolibon” harakati oʻrtasida tinchlik kelishuvi imzolandi. Marosimda ishtirok etgan xorijiy delegatsiyalar vakillari Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish yoʻlidagi tashabbuslari va qatʼiy saʼy-harakatlarini yuqori baholadi:
Zalmay Xalilzod, AQSHning Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili:
– Tan olish kerak, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkentda uyushtirilgan Afgʻoniston boʻyicha xalqaro anjuman mazkur kelishuvga poydevor vazifasini oʻtadi. Qolaversa, dastlab AQSH va “Tolibon” harakati ishtirokida boshlangan muzokaralar endilikda ikki tomonlama shakldan chiqib, ayni paytda Afgʻonistondagi ichki siyosiy kuchlarning tinchlik oʻrnatish yoʻlidagi saʼy-harakatlariga yoʻl ochdi.
Bugungi kunda nafaqat mintaqa davlatlari, balki butun dunyo afgʻon zaminida shakllangan xalqaro terrorizm unsurlariga qarshi kurashda birlashmoqda. Imzolangan bitimga koʻra, bundan buyon Afgʻoniston zamini xalqaro terror guruhlariga hech qanday boshpana bermaydi. Bu boradagi kelishuvlar kelajakda bitimga imzo chekkanlar tomonidan qatʼiy monitoring qilib boriladi. Asosiy maqsadimiz Afgʻoniston hududida tinchlik va barqarorlik oʻrnatishdir.
Yana bir bor taʼkidlayman, Prezident Shavkat Mirziyoyevning bu masaladagi tashabbuslari ijobiy natijaga erishilishida nihoyatda katta rol oʻynadi. Uzoq kutilgan tinchlik jarayoni nafaqat mintaqa, balki butun dunyodagi tinchliksevar ellar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
Xususan, AQSH va Oʻzbekiston uchun ham mintaqada savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da kengaytirish, oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash, integratsiya jarayonini jadallashtirish imkonini beradi. Mintaqada sanoat, transport-logistika xizmatlari rivojlanadi, yangi ish oʻrinlari paydo boʻladi. Bunday ijobiy oʻzgarishlardan barcha tomonlar manfaatdor.
Markus Potsel, Germaniya Federativ Respublikasining Afgʻoniston va Pokiston boʻyicha vakili:
– Oʻzbekiston va Germaniya Markaziy Osiyoning bir qismi hisoblangan Afgʻoniston masalasida koʻp yillardan buyon hamkorlik qilmoqda. Buning doirasida davlatlarimiz afgʻon yoshlarining taʼlim olishi uchun grantlar ajratib kelyapti. Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish boʻyicha kelishuvdan soʻng amalga oshadigan besh tomonlama yondashuv, yaʼni Qatar, Norvegiya, Indoneziya, Oʻzbekiston va Germaniyaning Afgʻonistondagi turli siyosiy kuchlar va guruhlar oʻrtasida oʻzaro muloqotni yoʻlga qoʻyish borasidagi harakatlari ham birgalikdagi intilishlarning yorqin misolidir.
Umuman olganda, Germaniya va YEI davlatlari afgʻon zaminida tinchlik oʻrnatilishi tarafdori, chunki bu mojaroning yakun topishi avvalo jabrdiyda afgʻon xalqi manfaatlariga xizmat qiladi. Bu, oʻz navbatida, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ham har tomonlama foydali. Jumladan, savdo-sotiqni rivojlantirish, iqlim oʻzgarishiga qarshi birgalikda kurashish, muqobil energiya ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni hayotga tatbiq etish yaxshi samara beradi.
Men 2018-yil mart oyida Toshkentda Afgʻoniston boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro anjumanda ishtirok etganman. 2019-yil avgustda ham Oʻzbekistonda boʻlib, tashqi ishlar vaziri hamda Prezidentning Afgʻoniston masalalari boʻyicha maxsus vakili bilan uchrashdim.
Germaniya Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish borasidagi alohida oʻrnini eʼtirof etadi. Zero, Afgʻonistonda tinchlikni taʼminlashga qaratilgan Toshkent konferensiyasi aynan Oʻzbekiston yetakchisi tashabbusi bilan tashkil etildi. Qolaversa, 2019-yil may oyida GFR Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning Oʻzbekistonga tashrifi mobaynida ham ikki davlat rahbarlari Afgʻoniston masalasini chuqur tahlil qilgan edi.
Abdulaziz Komilov, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri:
– Bugun juda muhim xalqaro anjumanning guvohi boʻldik. Amerika Qoʻshma Shtatlari va Afgʻoniston “Tolibon” harakati oʻrtasida tinchlik oʻrnatish shartnomasi imzolandi. Qirq yil mobaynida ilk bor Afgʻonistonda tinchlikka erishish boʻyicha yaxshi imkoniyat ochilyapti. Bunda Oʻzbekistonning hissasi juda katta.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qatʼiy irodasi va pragmatik yondashuvi tufayli Toshkentda boshlangan Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish jarayoni Dohadagi tarixiy kelishuvga erishilishida asosiy omil boʻldi.
Bu muhim shartnomaning ijobiy natijalari nimada koʻrinadi? Avvalo, Afgʻoniston xalqining tinch, baxtli-saodatli hayotiga eshiklar ochildi. Birinchi marta ushbu zaminda urush, zoʻravonliklar toʻxtaydi.
Ikkinchidan, mazkur tinchlik bitimi Oʻzbekistonning ham osoyishtaligi va barqarorligi demakdir. Hatto Tolibonlar biz bilan uchrashuvda “Biz hech qachon Oʻzbekiston xavfsizligiga tahdid soladigan xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymaymiz va bu borada birga ishlashga tayyormiz”, – deya taʼkidladi. Bu mamlakatimiz uchun juda katta yutuq, Prezidentimiz olib borayotgan siyosatining ijobiy natijasidir.
Afgʻoniston bilan pragmatik manfaatlarimiz bor. Bular – yangi yoʻllar qurish, savdo-iqtisodiy aloqalarni oʻrnatish, Oʻzbekiston mahsulotlarini Afgʻoniston orqali Hindiston, Pokiston, Eron kabi Janubiy Osiyo davlatlariga eksport qilish. Biz bundan buyon ham xalqaro hamjamiyat bilan Afgʻoniston boʻyicha hamkorlikni izchil davom ettiramiz. Prezidentimizning afgʻon diyorida tinchlik oʻrnatish, Oʻzbekiston atrofida xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha tashabbuslarining ijobati yoʻlida harakat qilamiz. Chunki yurtimizdagi keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirishda bizga avvalo tinchlik kerak.
Abdul Salom Hanafiy, “Tolibon” harakatining Qatardagi siyosiy vakolatxonasi rahbari oʻrinbosari:
– Biz janob Prezident Mirziyoyevning Afgʻonistondagi tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik borasidagi ijobiy tashabbuslarini yuqori baholaymiz. Oʻzbekiston va Afgʻoniston xalqi azaldan bir-biri bilan ogʻa-ini, doʻst. Biz hammamiz bir vujudmiz. Bu mintaqada yashayotgan barcha mamlakatlar, barcha millatlar hammalari, inshaolloh, kelajakda ham bir joyda ahil yashashlari kerak. Afgʻoniston xavfsizligi bu Oʻzbekistonning ham xavfsizligidir.
Qori Din Muhammad, “Tolibon” harakatining Qatardagi siyosiy vakolatxonasi rahbari oʻrinbosari:
– Uzoq yillardan buyon, qariyb 40 yildan beri Afgʻonistonda urush davom etmoqda. Bizga va qoʻshnilarimizga urushning tugashi, tinchlik va barqarorlik oʻrnatilishi juda muhim. Oʻzbekiston Prezidenti Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishi uchun tashabbuslar ilgari surganini bilamiz va bugun biz bu tarixiy natija ostonasida turibmiz.
Afgʻoniston va Oʻzbekiston umumiy sarhad va madaniyatga ega. Ikki mamlakat xalqi bir daryoning ikki sohilida yashashadi. Taqdirlarimiz bir qoʻlning besh barmogʻi singari tarixan mushtarak. Sizlarning tinchlik oʻrnatilishini taʼminlash, qurilish, taʼlim va boshqa koʻplab sohalarda koʻrsatayotgan yordamlaringiz uzoq davlatlardan kelayotgan yordamlardan koʻra samaraliroq boʻlmoqda.
Eldor Oripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori:
– AQSH va “Tolibon” harakati oʻrtasida tinchlik bitimining imzolanishi darhaqiqat, tarixiy voqeadir. 40 yillik urushdan soʻng ilk marta zoʻravonlikka, aholi oʻrtasidagi sanoqsiz qurbonlarga chek qoʻyish imkoni yuzaga keldi. Oʻtgan davr ichida 2 million qurbon berildi, 4 milliondan ziyod afgʻon mamlakatni tark etdi.
Mazkur sulh istiqbollari yaqin fursat ichida millionlab afgʻonlar tinch-osuda hayot kechira boshlashidan hikoya qilmoqda. Albatta, ushbu tinchlik bitimi imzolanishiga, Afgʻonistonda tinchlikka erishish boʻyicha muvaffaqiyatga erishishda shaxsan Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning hissasi katta. U kishining tashabbusi bilan oʻz vaqtida ushbu tinchlik jarayoniga kuchli start berildi.
Men Afgʻoniston boʻyicha Toshkent konferensiyasini nazarda tutayapman. Oʻshanda global mamlakatlar va qoʻshni davlatlar oʻrtasida afgʻon mojarosini bartaraf qilish borasida umumiy prinsiplar va yondashuvlar boʻyicha umumiy kelishuv shakllantirilgan edi. Buni uddalash mumkinligiga ishonganlar juda kam edi. Umuman, Afgʻonistonda tinchlik istiqboliga ishonayotganlar kam edi. Biroq Oʻzbekistonning izchil va pragmatik siyosati sharofati bilan buning uddasidan chiqdik.
O'zA