Moskvadagi Kreml davlat saroyida Rossiyadagi O'zbekiston madaniyati kunlarining ochilish marosimi bo'lib o'tadi
19-noyabr kuni Kreml davlat saroyida mamlakatlarimiz o'rtasidagi do'stlik va madaniy aloqalarni chuqurlashtirishga qaratilgan keng ko'lamli madaniy tadbir – Rossiyadagi O'zbekiston madaniyati kunlarining ochilish marosimi bo'lib o'tadi.
Mazkur tadbir Rossiya jamoatchiligi uchun O'zbekistonning boy madaniy merosi, uning ko'p asrlik an'analari, zamonaviy hayoti va yutuqlari bilan yaqindan tanishish uchun noyob imkoniyat ochadi. Tomoshabinlar O'zbekistonning taniqli san'atkorlari ijrosidagi o'zbek, rus va jahon klassikasi asarlardan bahramand bo'lishadi.
Dasturning markaziy tadbiri O'zbekiston san'at ustalari ishtirokidagi gala konsert hisoblanadi. Unda O'zbekiston Qahramoni Munojot Yo'lchiyeva, xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov, Farrux Zokirov, Sevara Nazarxon, Gulsanam Mamazoitova, Oygul Nodirova, xizmat ko'rsatgan artistlar Ozoda Nursaidova, Ilyos Arabov, iste'dodli ijrochilar Shirin Mamatova, Sabina Mustayeva ishtirok etadi. Konsert dasturidan, shuningdek, xalq artisti Kamolidin O'rinboyev boshchiligidagi Davlat simfonik orkestri hamda Mukarrama Turg'unboyeva nomidagi "Bahor" davlat raqs ansambli chiqishlari ham o'rin olgan.
Ikki soatlik konsert dasturidan o'zbek xalq qo'shiqlari, raqslari va jahon opera klassikasi durdonalari o'rin olgan. Dasturga kiritilgan har bir asar Vatanga muhabbat va milliy an'analarga hurmat tuyg'ulari bilan yo'g'rilgan.
Tadbir doirasida O'zbekiston tarixi, madaniy an'analari va kundalik hayoti haqida hikoya qiluvchi fotoko'rgazma ham bo'lib o'tadi. Unda mamlakatimizdagi muhim voqealar, me'moriy obidalar va zamonaviy o'zgarishlarga bag'ishlangan 80 dan ortiq noyob fotosuratlar namoyish etiladi.
Mehmonlar O'zbekistonning madaniy va ijtimoiy sohalardagi yutuqlarini fotosuratlarda ko'rishlari mumkin, bu esa mamlakatning yangilanish va modernizatsiyaga intilishi ramzidir. Shuningdek, ushbu ko'rgazma tomoshabinlarga o'zbek xalqining madaniy qadriyatlari bilan tanishish va milliy o'zlikni saqlash yo'lidagi sa'y-harakatlarini qadrlash, jahon madaniy hayotiga qo'shgan hissasini ko'rish imkonini beradi.
Tadbirda Rossiya va O'zbekiston rasmiylari, madaniyat va ishbilarmon doiralari vakillari, diplomatlar va san'at arboblari ishtirok etishi kutilmoqda.
Qayd etish kerakki, Rossiyadagi O'zbekiston madaniyati kunlari xalqlarimiz o'rtasidagi do'stlik va o'zaro hamjihatlik, madaniy hamkorlik timsoliga aylanadi.
Bundan tashqari, ushbu tadbir O'zbekiston madaniy merosining rang-barangligi va qadriyatini, uning yangi imkoniyatlarga ochiqligini hamda o'zaro hurmat va qo'llab-quvvatlashga asoslangan madaniy muloqotni davom ettirish tarafdori ekanligini ta'kidlaydi.