Azmu shijoatli xalqimiz tariximizning yangi sahifasini yaratishga qodir
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 24-yanvar kuni Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatnomani taqdim etdi.
Toshkent shahridagi Xalqaro kongress markazida bo‘lib o‘tgan anjumanda Oliy Majlis Senati a'zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar rahbarlari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari, nodavlat tashkilotlar faollari, jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbir O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining teleradiokanallari, shuningdek, hududiy va nodavlat telekanallar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish qilindi.
Mamlakatimiz siyosiy hayotida yangilik bo‘lgan bunday tadbir ilk bor 2017 yil 22 dekabrda o‘tkazilgan edi. 2018 yil 28 dekabrda Oliy Majlisga ikkinchi Murojaatnoma taqdim etildi. Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini qamrab olgan mazkur dasturiy ma'ruzalarda mamlakatimizni taraqqiy ettirish va xalqimiz farovonligini oshirish, jonajon O‘zbekistonimizning xalqaro obro‘-e'tiborini yuksaltirishga qaratilgan ko‘plab muhim vazifalar belgilab berilgan va ushbu ma'ruzalar xalqimizda, jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otgan edi.
Bu galgi Murojaatnomada ham o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi, joriy va kelgusi 5 yilga mo‘ljallangan istiqbolli rejalar, davlatimiz ichki va tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari bayon etilib, dolzarb qonunchilik tashabbuslari ilgari surildi.
Prezidentimiz jonajon O‘zbekistonimiz yangi o‘n yillikka qadam qo‘ygani, erishilgan natijalarimiz tarixga aylanib, endilikda oldimizda yangi-yangi o‘zgarishlarni amalga oshirish, bundan-da ulkan marralarni egallash bo‘yicha vazifalar paydo bo‘layotganini ta'kidladi.
Ma'lumki, 2019 yil Prezidentimiz taklifi bilan mamlakatimizda Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili deb e'lon qilingan edi. Zamon shiddat bilan o‘zgarib, dunyo miqyosida manfaatlar kurashi, raqobat tobora avj olib borayotgan bir paytda taraqqiyotimizning ustuvor yo‘nalishlari aniq-ravshan belgilab olingani samarasida o‘tgan yilgi natijalar ham salmoqli bo‘ldi. Iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish va raqobatbardoshlikni kuchaytirish dasturlari jadal amalga oshirilgani natijasida iqtisodiy o‘sish 5,6 foizni tashkil etdi.
Xalqimizning turmush sharoitini yaxshilash islohotlarning o‘zagini tashkil etdi, shahar va qishloqlar obodligiga alohida e'tibor qaratildi. Biznesga shart-sharoit kengaydi, yangi tartib-taomillar joriy qilindi. Bu tashabbuslar tufayli tadbirkorlarning manfaatdorligi ortdi. Natijada O‘zbekiston Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingida 7 pog‘ona ko‘tarilib, biznesni ro‘yxatga olish ko‘rsatkichi bo‘yicha 190 ta mamlakat orasida 8-o‘rinni egalladi va eng yaxshi islohotchi davlatlar qatoridan joy oldi. Bunday yutuqlarni yana ko‘plab keltirish mumkin.
Ta'lim mazmunini tubdan o‘zgartirishga qaratilgan izlanishlar davom ettirildi. Sog‘liqni saqlash, kam ta'minlangan aholi qatlamini ijtimoiy muhofaza qilish, uy-joy qurish qamrovi kengaydi. Bir so‘z bilan aytganda, barcha sohadagi islohotlar, avvalo, xalqimizga munosib turmush sharoiti yaratish, hayotini o‘zgartirish tamoyili asosida olib borildi.
Prezidentimiz yangi parlament va hukumatning kelgusi 5 yildagi faoliyatining pirovard maqsadi – O‘zbekistonda yashayotgan ko‘p millatli xalqimiz hayotini yuksaltirishdan iborat bo‘lishi shartligini ta'kidladi.
Har birimiz ishni ana shunday tashkil qilsak, zimmamizdagi mas'uliyatni to‘liq his etib, vijdonan ishlasakkina xalqimizning ishonchini oqlaymiz, mehrini qozonamiz, dedi davlatimiz rahbari.
Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan O‘zbekistonni rivojlangan mamlakatga aylantirishdek oliy maqsadga erishish uchun barcha sohadagi islohotlar ilm-ma'rifat va innovatsiyaga yondashgan holda amalga oshirilmoqda. Murojaatnomada ilm-fanni rivojlantirish, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tayyorlash orqali mamlakatni yuksaltirish strategik maqsadimiz bo‘lib qolishi ta'kidlandi.
Shu maqsadda Prezidentimiz taklifiga muvofiq, 2020 yil – mamlakatimizda Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, deb e'lon qilindi. Davlatimiz rahbarining ushbu taklifi tadbir ishtirokchilari tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi.
Prezidentimiz deputat va senatorlarga, ularning timsolida butun xalqimizga Murojaatida mamlakatimizdagi demokratik islohotlar hech qachon ortga qaytmasligini ta'kidlab, yangi O‘zbekistonni barpo etish borasidagi ulug‘vor maqsadlarni bayon etdi, 2020 yilda ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi.
Xalqimiz shuni yaxshi bilishi kerak: oldimizda uzoq va mashaqqatli yo‘l turibdi. Barchamiz jipslashib, tinimsiz o‘qib-o‘rgansak, ishimizni puxta va unumli bajarsak, zamonaviy bilimlarni egallab, o‘zimizni ayamasdan oldinga intilsak, albatta, hayotimiz va jamiyatimiz o‘zgaradi, dedi Shavkat Mirziyoev.
Murojaatnomada buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan azmu shijoatli xalqimiz bir tanu bir jon bo‘lib, yaxshi niyat bilan mehnat qilsa har qanday marralarni egallashga, boshqacha aytganda, tariximizning yangi sahifasini yaratishga qodir ekani qayd etildi.
Bir so‘z bilan aytganda, xalqimiz Prezidentimiz boshchiligida marrani baland oldi. Mamlakatimiz taraqqiyot yo‘lining yangi davriga qadam qo‘ydi. Murojaatnomada bayon qilingan har bir ustuvor yo‘nalish ijrosi mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘taradi, xalqimizga munosib hayotni barpo etishda poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
O'zA