O‘zbekiston va Rossiya TIV rahbarlari MGIMOning Toshkent shahridagi filialiga tashrif buyurdilar
2020-yilning 16-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining (universiteti) Toshkent shahridagi filialiga tashrif buyurdilar.
O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 11-fevraldagi qarori bilan tashkil etilgan nufuzli Rossiya oliy ta’lim muassasasining filiali joriy o‘quv yilida ilk talabalarni qabul qildi va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) resurs bazasida o‘z dasturlarini amalga oshirishni boshladi.
Ikki mamlakat vazirlari o‘qituvchi va talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, mazkur ta’lim muassasasining infratuzilmasi bilan tanishdilar.
Yangi ta’lim dargohining faollar zalida O‘zbekiston va Rossiya tashqi siyosat idoralari rahbarlari MGIMO filiali va JIDU talabalari va professor-o‘qituvchilari tarkibi oldida nutq so‘zladi. Sergey Lavrov bo‘lajak diplomatlarning savollariga javob berdi.
Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti Maslahatchisi, JIDU rektori Abdujabbor Abduvaxitov ishtirok etdi.