Xorijda ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni qaytarish tartibi belgilandi
“Xorijda ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolarining bolalarini Oʻzbekistonga qaytarish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” Hukumat qarori (6-son, 07.01.2020-y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq:
xorijda ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar Oʻzbekistonga Ichki ishlar vazirligi tomonidan qaytariladi;
3 yoshgacha boʻlgan bolalarni Oʻzbekistonga qaytarish Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda tashkil etiladi;
ushbu bolalarning shaxsini tasdiqlovchi hujjati boʻlmaganda, ularning Oʻzbekiston fuqaroligiga mansubligi Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan tasdiqlanadi.
Qaror bilan tasdiqlangan nizomda xorijda ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni qaytarish tartibi belgilandi.
Nizomga koʻra, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi xorijda ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni qaytarish boʻyicha vakolatli organlar hisoblanadi.
Bu boradagi faoliyat Ichki ishlar vazirligining Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi telegram kanali