Italiya TIV rahbari o‘rinbosari bilan uchrashuv
2019-yilning 12-dekabr kuni Rim shahrida tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Italiya Respublikasi Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri o‘rinbosari Manlio Di Stefano bilan uchrashdi.
Suhbatda ikki tomon kun tartibining hamda BMT doirasidagi va “O‘zbekiston – Yevroittifoq” shaklidagi hamkorlikning keng qamrovli masalalari ko‘rib chiqildi.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni o‘zaro manfaatli asosda kuchaytirishga tomonlar tayyor ekanligi tasdiqlandi.
Ta’kidlanganidek, iyun oyida Yevroittifoqning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasi qabul qilinishi, O‘zbekiston va Yevroittifoq o‘rtasidagi Kengaytirilgan sherikchilik va hamkorlik bo‘yicha bitim loyihasi ustida olib borilayotgan birgalikdagi ishlar aloqalarni uzoq muddatli asosda rivojlantirish va mavjud salohiyatni to‘laqonli ro‘yobga chiqarish uchun qulay zamin yaratadi.
May oyida Rimda o‘tkazilgan Hukumatlararo ishchi guruh oltinchi yig‘ilishining amaliy yakunlari – qiymati 330 mln. AQSh dollariga teng bo‘lgan 10 ta loyihani birgalikda amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki tomonlama savdo umumiy kun tartibining ustuvor masalasi hisoblanib, uning hajmi joriy yilning 9 oyi davomida 15% ga o‘sdi va 320 mln. dollardan ko‘proqni tashkil etdi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi turizm sohasidagi almashinuvlarni kengaytirish va madaniy aloqalarni, jumladan 2020-2021-yillarda Italiyada O‘zbekiston va O‘zbekistonda Italiya Madaniyat kunlari doirasida musiqa va tasviriy san’at, teatr va kino sohalaridagi almashinuvlarni faollashtirishning muhimligi ham e’tirof etildi.
Uchrashuvda 2020-yilga rejalashtirilgan O‘zbekiston-Italiya uchrashuvlari va qo‘shma tadbirlar jadvali ham muhokama qilindi.