Prezidentning siyosiy yoʻli milliy parlamentarizm tizimi rivojining asosidir
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasida mamlakatimizdagi demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, keng koʻlamli oʻzgarishlarning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan yoʻlimizning asosiy ustuvorliklarini belgilab berdi.
Yangilanayotgan Oʻzbekiston odimlari
Davlatimiz rahbari tinchlik va taraqqiyotimizni, barcha oʻzgarishlarning natijalarini Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligini taʼminlash bilan bogʻlaydi. Shu bois maʼruzada Bosh Qomusimizda mustahkamlab berilgan prinsip —Oʻzbekiston fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ham bevosita, ham oʻz vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega ekanligi toʻgʻrisidagi qoidaga alohida urgʻu berilgan boʻlib, bu, oʻz navbatida, xalq vakillari zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi. Deputatlarning xalq vakillari, deb atalmish yuksak rutbadagi asosiy vazifalari oʻz elektoratining manfaatlarini himoya qilishdan, joylarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning qoʻsh qanoti hamda xalq bilan muloqotni amalga oshirishda ishonchli koʻprik boʻlishdan iboratdir.
Prezidentimizning nutqi koʻpchilik uchun oʻz ishini yana bir bor qayta koʻrib chiqish, tahlil qilish, joriy vazifalarning bajarilish maromi va sifatini bugungi va ertangi kun shiddatlariga hamohang tarzda qayta qurishga katta turtki boʻldi. Ayni paytda ularning faoliyati xalqimiz orzu-umidlariga qanchalik mos kelishini aniq belgilab olish imkonini berdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi vakolatlari muddati tugashiga ham oz fursat qoldi. Parlament quyi palatasi faoliyatining soʻnggi uch yili Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan taklif etilgan islohotlar yoʻlini amalga oshirish bilan bevosita bogʻliq holda kechdi.
Shu oʻrinda haqli savollar tugʻiladi: soʻnggi uch yil ichida mamlakatimiz qonun chiqaruvchi oliy organining oʻrni va roli qay darajada oʻzgardi, uning faoliyatida qanday tizimli oʻzgarishlar, yangilanishlar roʻy berdi? Mamlakatimiz parlamenti oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga qanday natijalar bilan qadam qoʻymoqda?
Shavkat Mirziyoyevning Prezidentlik vakolatlari mamlakatimiz uchun murakkab geosiyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatlar mavjud boʻlib turgan bir vaqtda boshlandi. Koʻplab milliy va xorijiy ekspertlar qayd etganidek, mamlakatimiz uchun muhim boʻlgan oʻtish davrida Oʻzbekistonda haqiqiy bozor mexanizmlarini joriy etishga, davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimi samaradorligini oshirishga, eng asosiysi, tom maʼnodagi xalq demokratiyasini qaror toptirishga, jamoatchilikning, fuqarolarning shaxdu shijoatini uygʻotishga juda katta ehtiyoj mavjud edi.
Mamlakatimizning yillar davomida toʻplanib qolgan muammolarni chuqur va har tomonlama biladigan, odamlarning dardu tashvishlarini oʻz qalbidan oʻtkazgan, uzoqni koʻra oladigan yangi yetakchisi millatimizga va jahonga Oʻzbekistonni qayta qurish hamda taraqqiy ettirishning yangi siyosiy modelini taqdim etdi. Davlatimiz rahbari tomonidan mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichida ijtimoiy hamjihatlikka, amaliy yaratuvchanlik va bunyodkorlik prinsiplariga asoslangan milliy gʻoya shakllantirildi.
Oʻzbekiston Prezidenti har tomonlama murakkab sharoitlarda, tobora koʻpayib borayotgan tahdidlarga qarshi oʻz vaqtida samarali yechim topishga muvaffaq boʻldi. Qisqa muddat ichida tanlab olingan yoʻlimizdagi eng asosiy koʻzlangan maqsadga erishildi — xalqimiz oʻz Prezidentiga ishondi! Ana shu ishonch bilan uning siyosiy yoʻlini roʻyobga chiqarishda faol ishtirokchiga aylandi!
Soʻnggi uch yilda mamlakatimizda qoʻlga kiritilgan barcha yutuqlarni, erishilgan marralarni tahlil qilar ekanmiz, biz komil ishonch bilan “Oʻzbekiston Prezidenti tanlagan yangi siyosiy yoʻl zafar qozondi”, deb ayta olamiz. Biz bugunning oʻzidayoq Oʻzbekistondagi siyosiy tanlovning, shakllantirilgan barqaror, samarali siyosiy tizimning qanchalik toʻgʻri ekanligini toʻliq eʼtirof etishga haqlimiz.
Shunisi diqqatga sazovorki, davlatimiz rahbari islohotlarning ilk davridanoq mamlakatimiz siyosiy tizimining bir boʻlagini tashkil etuvchi hokimiyat vakillik organlari ishiga katta eʼtibor qaratib, deputatlarni xalqning haqiqiy vakillari, uning xohish-irodasi va manfaatlarining tom maʼnodagi ifodachisi sifatida eʼtirof etgan holda, ular bilan uzluksiz muloqotda boʻlib kelmoqda.
Chunonchi, turli darajadagi deputatlar bilan boʻlib oʻtgan ana shunday muloqotlar, uchrashuvlarda davlatimiz yetakchisi tomonidan ilgari surilgan Yangi siyosiy yoʻl, uni mamlakatimiz ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotining turli sohalarida samarali amalga oshirish vositalari batafsil muhokama qilindi.
Shu oʻrinda 2017-yilning 12-iyul kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalari aʼzolari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari vakillari bilan boʻlib oʻtgan, mamlakatimiz siyosiy hayotida gʻoyat muhimligi bilan tariximiz sahifalaridan oʻrin olgan uchrashuvini alohida taʼkidlab oʻtish joizdir.
Oʻzbekiston Prezidentining mazkur uchrashuvdagi dasturiy maʼruzasida parlamentimiz va hokimiyat vakillik organlari uchun yangi siyosiy yoʻl belgilab berildi. Xususan, xalq bilan, xalqning oʻzi tanlagan qonuniy vakillari bilan muloqotning tubdan yangi mexanizmi taklif etildi.
2017-yildan eʼtiboran yangi demokratik institut — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaat bilan chiqish instituti joriy qilindi. Ushbu teran siyosiy va yuridik mazmun-mohiyatga ega boʻlgan muhim institut parlamentning mamlakat hayotidagi roli va oʻrnini chinakamiga oshirish, Oʻzbekistonni rivojlantirishning yangi siyosiy yoʻlidagi muhim ustuvorliklar va vazifalar boʻyicha ijtimoiy hamjihatlikni taʼminlash uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.
Mamlakatimiz Prezidentining Oliy Majlisga har yili yoʻllaydigan ana shu Murojaatnomalarida belgilangan vazifalar milliy parlamentimizning, butun deputatlar korpusining faoliyatini tubdan modernizatsiya qilishning asosiy negiziga aylandi.
Ushbu vazifalarga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati sohasidagi ishlar qisqa muddatda qayta koʻrib chiqilib, sifat jihatidan yangi shakl va usullar joriy etildi.
Birinchidan, joylarda parlament nazoratini amalga oshirish, deputatlarning saylov okruglaridagi saylovchilar bilan hamkorligining shakllari va usullari, ijro etuvchi hokimiyat organlariga mavjud muammolarni hal etishda koʻmaklashish, hududlarda taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish mexanizmlari oʻzgartirildi.
Taʼkidlash joizki, 2017-2018-yillarning oʻzida respublikamizning 137 ta tuman va shahridagi haqiqiy holat bevosita joylarga chiqib oʻrganildi. Shu asnoda koʻplab tahliliy va amaliy hujjatlar toʻplanib, mazkur hujjatlar asosida mahalliy davlat hokimiyati hududiy organlarining faoliyati tanqidiy jihatdan koʻrib chiqildi.
Fuqarolarni tashvishlantirayotgan muammolarni, tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni aniqlash uchun xonadonma-xonadon, uyma-uy yurilib, 400 ming nafardan ziyod fuqarolar hamda 14 mingdan ortiq tadbirkorlik subyekti vakillari bilan suhbatlar oʻtkazildi. Ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tizimli ishlar yoʻlga qoʻyildi.
Ikkinchidan, deputatlar korpusi qonun ijodkorligi faoliyatining natijadorligi oshdi.
Agar 2016-yil mobaynida deputatlar tashabbusi bilan jami 11 ta qonun kiritilgan boʻlsa, 2017-yil mobaynida bu koʻrsatkich 27 tani tashkil etib, 2,5 baravar oʻsdi. Keyingi yillarda ham shunday oʻsish kuzatildi.
Uchinchidan, parlament faoliyatining asosiy yoʻnalishlari samaradorligini oshirishni taʼminlash maqsadida uning yangi tuzilmaviy boʻlinmalari tashkil etildi.
Masalan, Oliy Majlis huzurida Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tashkil qilindi. Ushbu institut faoliyati parlament ishini axborot-tahliliy jihatdan taʼminlash sifatini oshirishga, uning ishi samaradorligini kuchaytirish boʻyicha yangi ilgʻor uslubiyot va texnologiyalarni joriy etish uchun koʻmaklashishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Parlament tomonidan sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatning koʻp qirraliligi inobatga olingan holda, Qonunchilik palatasida Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitalari tashkil etildi.
Oila va xotin-qizlar masalalari boʻyicha komissiya, shuningdek, Yoshlar masalalari boʻyicha komissiya tashkil etilib, ular faoliyati samarali yoʻlga qoʻyildi.
Toʻrtinchidan, axborot maydonida deputatlar faoliyati sezilarli darajada faollashdi, jamoatchilikni mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati toʻgʻrisida xabardor etish borasida ularning roli keskin oshdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy sahifalardan foydalanilishi, Qonunchilik palatasi rasmiy veb-saytidagi barcha fuqarolar uchun ochiq boʻlgan “deputatning virtual qabulxonasi” xizmati xalq vakillarining barcha saylovchilar bilan munosabati sifati va tezkorligini, ular faoliyatining shaffofligi hamda hisobdorligi darajasini jiddiy tarzda oshirdi.
Hozirgi vaqtda aynan deputatlar odamlarni bezovta qilayotgan dolzarb masalalar boʻyicha jamoatchilik bilan olib borilayotgan faol muloqotning tashabbuskori boʻlmoqda. Qisqa muddat ichida deputatlar oʻzlarining koʻplab dadil va ochiq chiqishlari bilan jamiyatda obroʻ-eʼtibor, hurmat qozonishga muvaffaq boʻldilar. Parlament tomonidan qonunlarning mohiyati va ahamiyatini, ularni amalda qoʻllashning oʻziga xos xususiyatlarini aholining turli qatlamlariga tushuntirish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.
Beshinchidan, parlament nazoratini yuritishning yangi shakli — hukumatning har choraklik hisobotini eshitish deputatlar faoliyati samaradorligini oshirish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.
Qabul qilingan qonunlarning, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy taraqqiyotimiz bobidagi vazifalarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan sifatli, oʻz vaqtida bajarilishi borasidagi parlament monitoringi milliy qonunchiligimizni, parlamentning nazorat faoliyatini rivojlantirishning istiqbolli rejalarini shakllantirish negiziga, jamiyatda qonuniylik va huquq-tartibotni taʼminlashning muhim omiliga aylandi.
Mamlakatimiz parlamenti faoliyatini modernizatsiya qilishning mana shu va boshqa chora-tadbirlari Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishdagi uning rolini sezilarli darajada kuchaytirdi. Oliy Majlis deputatlarining mazkur hujjatda belgilangan vazifalarni amalga oshirishdagi faol ishtiroki parlamentga xalq xohish-irodasining toʻla huquqli ifodachisi sifatida saylovchilarning oʻzi muallif va gʻoyaviy tashabbuskor boʻlgan muhim loyihalarni ilgari surish hamda roʻyobga chiqarish imkonini bermoqda.
Shu asosda parlamentimiz, mahalliy hokimiyat vakillik organlari Prezidentning “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan shiorini amalga tatbiq etmoqda. Bu shior milliy qonunchiligimizning butun tizimini modernizatsiyalash jarayonida toʻliq oʻz ifodasini topmoqda. Keyingi uch yil ichida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarda davlat apparati ishining xalq oldida hisob berish, odamlarni qiynayotgan, tashvishlantirayotgan muammolarni hal etishga eʼtibor qaratish kabi ustuvorliklari bevosita oʻz ifodasini topgan.
Milliy qonunchiligimiz tizimini insonparvarlik gʻoyalari bilan uygʻunlashtirish, oddiy odamlarning manfaatlarini davlat organlarining idoraviy manfaatlaridan ustun qoʻyish, davlat apparatini aholi, fuqarolik jamiyati institutlari bilan amaliy muloqotning faol subyektiga aylantirish borasidagi tashabbuslar aynan Oʻzbekiston Prezidenti siyosiy irodasining mahsulidir.
Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning yuridik tahlili ushbu hujjatlarda nafaqat qoidalarni yuridik bayon etish uslubi, balki normativ tashabbuslarni shakllantirish prinsiplari ham tubdan oʻzgarganligini koʻrsatmoqda. Ekspertlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmon va qarorlarining tili zamonaviy normativ-huquqiy hujjatlarning eng ilgʻor namunasi ekanligini taʼkidlamoqda. Barcha qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar oddiy fuqaroga tushunarli tarzda aniq, ravon yozilgan boʻlib, ularda ilgari surilayotgan barcha maqsad-vazifalar yaqqol koʻrsatib berilgan, belgilangan har bir muammoning yechimi bajarilishi talab etiladigan tegishli chora-tadbirlar majmui bilan mustahkamlab qoʻyilgan.
Bunday yondashuvlarni Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida ham kuzatishimiz mumkin. Shu bois keyingi vaqtlarda qabul qilinayotgan qonunlarning sifati keskin oshdi. Bunda qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari ishini yoʻlga qoʻyishning yangi usullari joriy etilishi, tartibga soluvchi qoidalar taʼsirchanligi, samaradorligini baholash yuzasidan kompleks tadbirlarning amalga oshirilishi, ekspertlar va jamoatchilikning fikr-mulohazalarini toʻliq hisobga olish tizimi shakllantirilgani muhim omil boʻlmoqda.
Davlatimiz rahbarining Yangi siyosiy yoʻli nafaqat qonun ijodkorligiga, balki deputatlik faoliyatiga ham yangicha mazmun-mohiyat baxsh etdi. Deputatlarning oʻz saylov okruglaridagi faoliyati shakl-shamoyilini oʻzgartirish, ularning saylovchilar bilan doimiy muloqot oʻrnatish mexanizmlarini takomillashtirish borasida aynan Prezidentimiz tomonidan ilgari surilib, amalga oshirilgan tashabbuslar parlamentimizga yurtdoshlarimizni tashvishlantirayotgan muammolarni chuqur oʻrganish, xalq va davlat institutlari oʻrtasida koʻprik boʻlish, saylovchilarning manfaatlarini toʻlaroq ifodalash imkonini berdi.
Deputatlarning har oy oʻn kun davomida bevosita saylov okruglarida ishlashi natijasida xalq noiblari oʻz saylovchilarining ehtiyojlari va muammolari toʻgʻrisida axborot olishini taʼminlovchi barqaror mexanizm shakllandi. Shuningdek, ikki tomonlama hisobdorlik tizimi yaratildi.
Joylarda amalga oshirilgan faoliyat doirasida tegishli hududlardagi tadbirkorlik subyektlariga jiddiy, tashkiliy-texnik yordam koʻrsatildi.
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining ishi ham yangi mazmun-mohiyat bilan boyidi. Parlament aʼzolari bu Kengashlarning ishida doimiy asosda ishtirok eta boshladilar. Mahalliy va respublika darajasidagi deputatlarning birgalikdagi saʼy-harakatlari bilan uzoq yillar davomida oʻz yechimini topmay kelayotgan koʻplab masalalar tezkor ravishda hal etilmoqda.
Shuni alohida qayd etish kerakki, mamlakatimiz rahbarining davlat hokimiyati turli tarmoqlarining oʻzaro bir-birini tiyib turish hamda muvozanatini saqlash mexanizmlari tizimida parlamentning rolini oshirishga qaratilgan tashabbuslari alohida eʼtibor va eʼtirofga loyiqdir. Natijada Oliy Majlisning faoliyatiga hukumat ishi ustidan parlament nazoratining muhim turi — muntazam ravishda oʻtkaziladigan “hukumat soati” joriy etildi.
Hukumat aʼzolarining nomzodlarini tasdiqlash borasida mamlakatimiz Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tajriba Oliy Majlisning nazorat qilish vakolatlarini kengaytirish yoʻlidagi yana bir muhim qadam boʻldi.
Hisobdorlikning bunday shakllarini joriy etish hukumatning ochiqligini va masʼuliyatini, fuqarolarning davlat institutlari faoliyatidan xabardorlik darajasini tubdan oshirdi.
Parlament oʻzining barcha saʼy-harakati va imkoniyatini ishga solib, milliy iqtisodiyotimiz va jamiyatimiz hayoti uchun eng muhim boʻlgan koʻplab tadbirlarda faol ishtirok etmoqda. Deputatlarning qishloq xoʻjaligi sektori samaradorligini oshirish, xususan, suvni tejash tizimini joriy etish, boʻsh turgan koʻchmas mulk obyektlaridan foydalanishni maqbullashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish borasida hamda boshqa ishlarda faol ishtirok etgani yaxshi samara berdi.
Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida parlament Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan, ochiq, oʻzaro manfaatli va amaliy tashqi hamkorlikka qaratilgan, Vatanimiz milliy manfaatlarini himoya qilishga hamda ilgari surishga asoslangan tashqi siyosiy yoʻlning faol ishtirokchisiga aylandi.
Mamlakatimiz parlamenti samarali xalqaro aloqalar siyosatini amalga oshira borib, qisqa muddat ichida koʻplab nufuzli parlamentlararo birlashmalarning faol ishtirokchisiga aylandi. Parlamentlararo Ittifoq, MDHga aʼzo mamlakatlarning Parlamentlararo Assambleyasi shular jumlasidan boʻlib, Oʻzbekiston parlamenti aʼzolari mazkur tashkilotlar rahbarlik tuzilmalaridagi yuqori lavozimlarga tayinlandilar. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi 2017-yildan eʼtiboran oʻzining YEXHT Parlamentlararo Assambleyasidagi ishtirokini qayta tikladi.
Parlamentimiz tashqi siyosat borasida belgilab berilgan ustuvor yoʻnalishlar — Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni saqlash hamda mustahkamlash, dunyoning yetakchi davlatlari, xalqaro tashkilotlar bilan strategik sheriklikning koʻp qirrali tizimini shakllantirish, respublikamiz hududidan tashqaridagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslarining huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilishni taʼminlash sohalarida faol ishtirok etmoqda.
Hozirgi vaqtda Oliy Majlis xalqaro aloqalarining keng koʻlamli dasturi mamlakatimiz tashqi siyosiy yoʻlining muhim tarkibiy qismi boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlarini ham ikki tomonlama shartnomalar yoʻnalishi boʻyicha, ham xalqaro parlamentlar tuzilmalari faoliyati doirasida dadil ilgari surish imkonini bermoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bagʻishlangan maʼruzasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar parlamentimiz oldiga yangi masʼuliyat yukladi.
Davlatimiz rahbari qonun ijodkorligi faoliyatini hamda huquqni qoʻllash amaliyotini yanada takomillashtirish, mamlakatimizda Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash sohasidagi oʻzaro chambarchas bogʻliq kompleks vazifalarni belgilab berdi.
Maʼruzada oʻz aksini topgan muhim gʻoya shundan iboratki, davlatning huquq sohasidagi siyosati tizimlilikka, davlat va jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy hayotida kechayotgan haqiqiy jarayonlarni chuqur anglashga asoslanishi lozim.
Davlatimiz rahbari qabul qilinayotgan qonunlar amalga oshirilayotgan islohotlarga hamohang boʻlgandagina ishlashini taʼkidlagani bejiz emas.
Vaholanki, bu parlamentimiz, eng avvalo, uning quyi palatasi kelgusi davrda hal etishi kerak boʻlgan muhim vazifalardan biridir. Sir emaski, bugun faoliyatning bir sohasida qabul qilinayotgan qonunlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning boshqa jabhasida chiqarilayotgan qonun hujjatlariga har doim ham mos kelavermaydi. Bundan tashqari, qonunlarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga samarali taʼsirini baholashning taʼsirchan tizimini yaratish borasida ham koʻp ishlar amalga oshirilishi kerak.
Qonunlar nafaqat tizimli asosda qabul qilinishi, balki xuddi shunday ijro etilishi zarurligi ham Prezidentimiz tomonidan alohida qayd etildi. Shu sababli, qabul qilinayotgan qonunlarni aholi keng qatlamlariga yetkazish, ularning ijrosi va qoʻllanilishi ustidan qatʼiy parlament nazoratini amalga oshirishga jiddiy eʼtibor qaratish talab etiladi.
Endilikda fuqarolarning, butun jamiyatning huquqiy bilimi va madaniyatini yuksaltirish yuzasidan deputatlar korpusining ishini sezilarli darajada kuchaytirish zarur, chunki busiz jamiyatda qonun ustuvorligini, izchil demokratik islohotlar amalga oshirilishini taʼminlash mushkul.
Maʼruzada taʼkidlanganidek, Konstitutsiya va qonunlarga hurmat, huquqiy ong va madaniyat har bir fuqaro uchun hayotiy qoidaga, har bir mansabdor shaxs faoliyatini baholash mezoniga aylanishi kerak.
Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan qoʻyilgan mana shu va boshqa qator maqsadli vazifalarni ado etish, davlatning butun huquqiy tizimi taʼsirchanligini taʼminlash boʻyicha belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishda Konstitutsiyamizning normalari, eng avvalo, uning asosiy prinsiplari va qoidalari fundamental baza, muhim huquqiy poydevor boʻlib xizmat qilishi zarur.
Prezidentimiz mamlakatimiz qonunchiligida, huquqni qoʻllash amaliyotida xalq hokimiyatchiligi, inson huquq va erkinliklari ustuvorligi, mulk huquqining daxlsizligi, vijdon va diniy eʼtiqod erkinligi kabi prinsiplar oʻta muhimligini taʼkidlab, ularni amalga oshirish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni belgilab berdi.
Shu munosabat bilan parlament kelgusida jinoyatga oid siyosatni yanada insonparvarlashtirish, davlatimiz rahbari tashabbusi asosida jinoyat sudlov ishlarini yuritishda qonuniylikni taʼminlash, xususan, advokatura institutining fuqarolar huquqlarini himoya qilishdagi rolini oshirishga qaratilgan qonun hujjatlarini tayyorlash ishlarida bevosita ishtirok etishi lozim boʻladi.
Maʼruzada Inson huquqlarini taʼminlash sohasidagi milliy strategiyani, Advokatura institutini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifalari ilgari surildi.
Taʼlim sohasida va umuman, jamiyatda huquqiy madaniyatni rivojlantirish dasturi eng muhim hujjatlardan biri boʻlishiga eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlarning soʻzsiz ijro etilishi ustidan taʼsirchan parlament va jamoatchilik nazoratini hamda boshqa keng koʻlamli ishlarni amalga oshirishga qaratilgan vazifalar belgilab berildi.
Ishonchimiz komilki, xalq saylagan vakillar orqali fuqarolar manfaatlarini ifodalovchi haqiqiy demokratik organ sifatida shakllangan, davlat hokimiyati organlari tizimida munosib oʻrin egallagan, mamlakatda amalga oshirilayotgan ulkan va keng koʻlamli islohotlarga jalb etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi kelgusida ham davlatimiz rahbarining xalqimiz farovonligi, beqiyos Vatanimizning gullab-yashnashiga qaratilgan Yangi siyosiy yoʻlining faol ishtirokchisi va davomchisi boʻlib qoladi.
Nurdinjon ISMOILOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri