Invest in Samarkand” I Xalqaro investitsion forum va viloyat mahalliy ishlab chiqaruvchilarining “Made in Samarkand” milliy koʻrgazmasi yakunlari toʻgʻrisida
22-23-noyabr kunlari Samarqand shahrida “Invest in Samarkand” I Xalqaro investitsion forum va viloyat mahalliy ishlab chiqaruvchilarining “Made in Samarkand” milliy koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.
Samarqand viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbir viloyat iqtisodiy imkoniyatlari va toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya jalb etish salmogʻini oshirish, Samarqandning investitsion jozibadorligi va eksport imkoniyatlarini kengaytirish, yangi ish oʻrinlarini yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻldi.
Birinchi bor tashkil etilishiga qaramay forum ishida 31 davlatdan 310 dan ortiq vakillar qatnashdi.
Forumning birinchi kunida investor va tadbirkorlar, tadbirkorlik subyektlari vakillari Samarqand viloyatidagi “Pure Milky”, “Agromir”, “SAG gilamlari”, “Afrosiyob jeans” kabi korxonalarga tashrif buyurib, viloyatda tadbirkorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, investitsiya muhiti haqida maʼlumotga ega boʻldi.
Forumning ikkinchi kunida esa asosiy tadbirlar, yaʼni yalpi majlis va seksiya majlislari boʻlib oʻtdi.
Yalpi majlisda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, Oʻzbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi oʻrinbosari I.Jasimov, xorijlik delegatsiyalar vakillari, Samarqand viloyatida faoliyat koʻrsatayotgan investorlar soʻzga chiqdilar.
Seksiya majlislarida viloyat eksport imkoniyatlarini oshirish, mintaqaning kapital jalb etishdagi imkoniyat va jozibadorligi, mintaqa iqtisodiyotida sayyohlik industriyasini shakllantirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, import oʻrnini toʻldirish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashni rivojlantirish kabi masalalar muhokama etildi. Shuningdek, xorijiy sarmoyadorlar bilan “B2B”, “B2G”, “G2G” formatda muloqotlar va yangi investitson loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.
Forum doirasida Oʻzbekistonning Ispaniya qirolligidagi elchixonasi hamkorligida Samarqand viloyati hokimi va Ispaniya qirollik klubi – Madridning “Real” jamoasi rahbari bilan Samarqandda ushbu klubning akademiyasini ochish boʻyicha hamkorlik kelishuvi imzolandi.
Yirik xorijiy investorlar bilan Samarqand xalqaro aeroportini qurish va undan foydalanish, zamonaviy attraksionlar va keng formatli, IMAX kinoteatrli istirohat bogʻi, avtobus texnika vositalari ishlab chiqarish, “IT istirohat bogʻi”, “Siti”, biznes markazlari, sayyohlik majmualari boʻyicha va bir qator ijtimoiy-gumanitar loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.
Forum yakunlari boʻyicha oʻtkazilgan brifingda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov “Invest in Samarkand” I xalqaro investitsiya forumida umumiy miqdori 1,7 milliard AQSH dollaridan ortiq 234 ta kelishuv bitimlari imzolangani qayd etdi.
Jumladan, 1 mlrd. 543 million AQSH dollari miqdorda 53 ta investitsion bitimlar imzolandi. Shundan, mahalliy tadbirkorlar investitsiyalari qiymati 126,8 million AQSH dollari va toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar qiymati esa 1 mlrd. 416 million AQSH dollarini tashkil etdi.
Xitoy Xalq Respublikasining “Nanyang PuKang Yunlong Pharmaceutical co.ltd” korporatsiyasi va Kattaqoʻrgʻon shahridagi “PUKANG ZHIYAO” MCHJ oʻrtasida farmatsevtika va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha (“Makkajoʻxoridan dorivor yogʻ ishlab chiqarish” loyihasi, qiymati 70 million AQSH dollar) kelishuvga erishildi.
Xitoy Xalq Respublikasining “Huatong Cable inc” korxonasi va “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi oʻrtasida “Tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish” boʻyicha qiymati 30 million AQSH dollarlik loyiha imzolandi.Janubiy Koreyaning “M.Pharm Corp” va Samarqand tumanidagi “Koreyskaya strana” korxonasi farmatsevtika sohasida qiymati 20 million AQSH dollari boʻlgan loyihani birgalikda amalga oshiradigan boʻldi. Shu bilan birga forum davomida umumiy qiymati 181 million AQSH dollari miqdoridagi 61 ta eksport shartnomasi imzolandi.
Masalan, Samarqand shahridagi “Zarafshon tekstil” korxonasi va Rossiya Federatsiyasining “Avgust” korxonasi oʻrtasida trikotaj va jinsi mahsulotlarini eksport qilish boʻyicha 20 million dollarlik bitim tuzildi.
Toyloq tumanidagi “Bro Bins” korxonasi va Turkiyaning “Shark Yildizi” shirkati oʻrtasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilish boʻyicha 5 million dollarlik shartnoma imzolandi.
Bulungʻur tumanidagi “Samarqand Garden Plast” korxonasi esa Afgʻonistonning “Musin Amiri” korxonasi bilan 9 million dollarlik ana shunday kelishuvga erishdi.
Umuman, forum davomida sanoat yoʻnalishida umumiy qiymati 1 mlrd. 70,3 million AQSH dollari boʻlgan 46 ta bitim, xizmat koʻrsatish sohasida 464,8 million dollarlik 10 ta bitim, qishloq xoʻjaligi sohasida 189,1 million dollarlik 58 ta bitimlar imzolandi.
– “Invest in Samarkand” I xalqaro investitsiya forumi va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning koʻrgazmasidan kutilgan natijalarga erishdik, deb aytishga toʻla asoslarimiz bor, – dedi E.Turdimov. – Shu bois kelgusida bu forumni anʼanaviy oʻtkazishga qaror qildik. Imzolangan bitimlarning qogʻozda qolib ketmasligi, real hayotda oʻz aksini topishini taʼminlashni oʻz oldimizga maqsad qilib belgilab olganmiz. Buning uchun yoʻl xaritalarini tuzib, loyihalarning oʻz vaqtida amalga oshirilishi uchun zarur chora-tadbirlarni koʻramiz.
OʻzA