Markaziy Osiyo: transport hamkorligida yangi tashabbuslar
Mintaqamiz orqali Yevropa va Osiyo bozorini bir-biri bilan bog‘laydigan eng qisqa yo‘nalishlar o‘tgan bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun transport xarajatlari import qilinadigan tovarlar qiymatining 60 foizigacha yetmoqda.
Mazkur muammoni yechish mintaqada transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va logistika xizmatlarini yaratishni taqozo etib, keyingi yillarda O‘zbekiston bu boradagi amaliy choralarning yetakchi tashabbuskoriga aylanmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2018-yilda Nur-Sulton shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi Maslahat uchrashuvida transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish orqali mintaqaga yirik dengiz portlari va jahon bozorlari bilan bog‘lanish imkonini berish ustuvor vazifa ekaniga e’tibor qaratgan edi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, xavfsizlik va barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlik” rezolyutsiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjatda mintaqada transport infratuzilmasi va tranzit yo‘laklarini rivojlantirish, yangi avtomobil va temir yo‘llar, aviaqatnovlarni ochish orqali barcha transport turlarining o‘zaro hamkorligini kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
O‘tgan yili kuzda Toshkentda “Markaziy Osiyo xalqaro transport yo‘laklari tizimida: strategik istiqbollar va foydalanilmagan imkoniyatlar” mavzuida xalqaro konferensiya tashkil etildi. 40 dan ziyod mamlakat, xalqaro tashkilot, moliya institutlari, yirik transport kompaniyalari vakillari ishtirok etgan anjuman mintaqa mamlakatlari transport-tranzit salohiyatini rivojlantirish istiqbollarini belgilab olish imkonini berdi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari ana shunday tashabbuslar va o‘zaro ishonch, do‘stona muhit sharoitida qator transport loyihalarini amalga oshirib kelmoqda.
O‘zbekiston va Tojikiston poytaxtlari o‘rtasida aviaqatnovlar tiklandi. Toshkent – Olmaota yo‘nalishi bo‘ylab tezyurar poyezdlar harakati, qo‘shimcha parvozlar, Markaziy Osiyodan ilk bor to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xitoyga chiqadigan Toshkent – Andijon – O‘sh – Irkishtom – Qoshg‘ar avtomobil yo‘lagi bo‘yicha qatnovlar yo‘lga qo‘yildi.
Tranzit tashishlar hajmini oshirish maqsadida 2018-yilda O‘zbekiston bilan Tojikiston chegarasida Samarqand va Panjikentni birlashtiruvchi “Jartepa” nazorat-o‘tkazish punkti, G’alaba – Amuzang – Xushadi temir yo‘l liniyasi ishga tushirildi. Sakkizta avtomobil va bitta “Amuzang” temir yo‘l o‘tkazish maskani, O‘zbekiston – Qirg‘iziston chegarasidagi “Do‘stlik” nazorat-o‘tkazish punkti faoliyati tiklandi.
Yuk oqimlarini Amudaryo orqali Osiyo va Tinch okeani mintaqasi, Janubiy Osiyo davlatlaridan Kaspiy dengizi, keyin Qora dengiz va O‘rtayer dengizi hududi, Yevropa, Kavkazorti, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib chiqish imkonini beruvchi Turkmanobod – Forob yangi temir yo‘l va avtomobil ko‘priklari bunyod etildi.
O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy temir yo‘lini qurish jarayoni ham faol bosqichga chiqdi. Mazkur temir yo‘l Xitoydan Qirg‘iziston va O‘zbekiston orqali Sharqiy Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlariga yuk tashish imkoniyatini yaratadi, Markaziy Osiyo transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Yana bir yutuq O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilganidir. Bu Toshkent aeroportidan Afg‘oniston samolyotlarida Yevropa mamlakatlariga amalga oshiriladigan parvozlar uchun aviaxab sifatida foydalanishda qo‘l keladi.
Mintaqa mamlakatlari xalqaro transport loyihalariga ham jiddiy e’tibor qaratmoqda. Ulardan biri "Yevroosiyo" transport yo‘lagi bo‘lib, Xitoy va G’arbiy Yevropani bog‘laydigan ushbu magistralni 2023 yilgacha qurib foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.
Albatta, mintaqaning transport salohiyatini oshirishga qaratilgan shu kabi amaliy choralar o‘z samarasini berayotir. Agar Qozog‘iston va O‘zbekiston misolida oladigan bo‘lsak, ushbu mamlakatlarda tranzit hajmi yil sayin o‘sib borayotganini ko‘rish mumkin.
2017-yilda Qozog‘istonda avtotransport orqali olib o‘tilgan yuklar hajmi 2,1 million tonnani tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich avvalgi yillardagidan deyarli 50 foiz ko‘p. 2018-yilda esa mamlakat orqali tashilgan yuk hajmi 19,2 million tonnani tashkil etgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-yilda mamlakatimizdan avtotransport orqali tranzit hajmi 582,6 ming tonnaga yetgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2018-yilda 637,7 ming tonnani tashkil qilgan.
29-noyabr kuni Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Mazkur tadbir kun tartibiga ilmiy-texnik va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik bilan bir qatorda mintaqa transport infratuzilmasini rivojlantirish masalalari kiritilgan. Mintaqa davlatlarining oliy darajadagi muloqoti Markaziy Osiyo transport-tranzit salohiyatini rivojlantirishga oid qo‘shma sa’y-harakatlarni muhokama qilish va bu borada yangi chora-tadbirlarni ishlab chiqishga asos bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zA