Samarqandda MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kengashining 54-yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi
2022- yil 27- oktyabr kuni MDH ishtirokchi davlatlari Parlamentlararo assambleyasi Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda Hamdo‘stlik mamlakatlari parlament delegatsiyalari, hamkor xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Parlament aʼzolari saylov, referendum va ularni kuzatish to‘g‘risidagi ko‘plab namunaviy qonunlarni ko‘rib chiqdi.
Bundan tashqari, xavfsizlik, fan va taʼlim, intellektual faoliyat va boshqa sohalarga oid qator namunaviy hujjatlar ko‘rib chiqilmoqda. Hamdo‘stlik davlatlarining deputatlari va senatorlari kelgusida o‘z davlatlarining milliy qonunchiligida namunaviy qonunlarda mavjud bo‘lgan huquqiy normalardan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Namunaviy qonun ijodkorligi Assambleyaning asosiy faoliyat yo‘nalishi hisoblanadi. Hamdo‘stlik mamlakatlari parlamentlari aʼzolarining MDH PA maydonidagi o‘zaro hamkorligi tufayli respublikalarimiz huquqiy tizimlarining uyg‘unlashuvini taʼminlashga va MDH hududida hayotning turli sohalaridagi muammolarni hal qilishda kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishga erishilmoqda.
MDH PA faoliyatining 30 yili davomida 600 dan ortiq hujjatlar ishlab chiqilib, MDH mamlakatlari parlamentlariga taqdim etilgan.
Federatsiya Kengashi rahbari V.Matviyenko Assambleyaning Samarqanddagi sessiyasi doirasidagi tadbirlar dasturi keng ekanini aytdi. “Biz O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga MDH PA majlisini Samarqandda o‘tkazish taklifi uchun minnatdorchilik bildiramiz. Assambleyaning 30 yilligi nishonlanayotgan yilda Assambleya faoliyatida birinchi marta yalpi majlis va MDH PA Kengashi Sankt-Peterburgdagi qarorgohidan tashqarida o‘tkazilmoqda”, - dedi u.
Tanzila Narbayeva o‘tgan 30 yil davomida MDH PA Hamdo‘stlik mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bilan bog‘liq dolzarb masalalarni birgalikda muhokama qilish va muhim qarorlar qabul qilish uchun samarali maydon bo‘lib xizmat qilganini qo‘shimcha qildi. “Assambleya MDH makonida demokratik jarayonlar, parlamentarizm va fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shmoqda. Uning mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni taʼminlashdagi roli ortib bormoqda”.
Tojikiston Majlisi namoyandagon Majlisi Oli raisi Maxmadtoir Zokirzodaning fikricha, MDH PA parlamentlararo hamkorlik va qonun ijodkorligining muhim va nufuzli institutiga aylandi, uning asosiy saʼy-harakatlari ishtirokchi davlatlarning milliy qonunchiligini yaqinlashtirishga va umumiy huquqiy bazani shakllantirishga qaratilgan.
Qirg‘iziston Jogorku Keneshi raisi Nurlanbek Shakiyev ishonch va o‘zaro anglashuvga asoslangan MDH PA salohiyatini mustahkamlash borasidagi ishlar katta ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. PA barcha yo‘nalishlarda – siyosiy, iqtisodiy, gumanitar, jamoaviy xavfsizlik sohasida o‘zaro hamkorlik, o‘zaro manfaatli sheriklikning samarali tuzilmasi bo‘lib qolishi kerak.
Kengash ishtirokchilari MDH PA ellik to‘rtinchi yalpi majlisi kun tartibini muhokama qildi, MDH Davlat rahbarlari kengashining 2022 -yil 14- oktyabrdagi qarorlarini, shuningdek, MDH PA bir qator Doimiy komissiyalari faoliyati to‘g‘risidagi axborotni eshitdi.
Qozog‘iston Respublikasi parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev Qozog‘istonning 2022- yilda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga raisligi haqida maʼlumot berdi. U MDH PA 30 yil davomida ko‘p tomonlama hamkorlikning samarali instituti sifatida o‘zini namoyon etganini, taʼlim, ijtimoiy siyosat va inson huquqlari, madaniyat, turizm va hamkorlikning boshqa sohalarini muhokama qilish uchun muhim maydonga aylanganini taʼkidladi.
Federatsiya Kengashining Fan, taʼlim va madaniyat qo‘mitasi raisi Liliya Gumerova ilm-fan va taʼlim sohasida namunaviy qonun ijodkorligining istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha tavsiyalar taqdim etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra hujjat amaldagi namunaviy hujjatlarni yangilash va yangi qonunlar ishlab chiqish bo‘yicha aniq takliflarni o‘z ichiga oladi.
“Davlatlararo munosabatlar va milliy qonunchilikning rivojlanishi, yangi texnologiyalar ishlab chiqilishi va joriy etilishi munosabati bilan fan va taʼlim sohasini namunaviy tartibga solish doimiy takomillashtirishni taqozo qilmoqda”.
Kengash ishtirokchilari MDH PA huzuridagi Ekologiya va tabiatdan foydalanish bo‘yicha Ekspert kengashini tuzish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi hamda Kengash to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Mazkur masala yuzasidan Federatsiya Kengashining Agrar-oziq-ovqat siyosati va tabiatdan foydalanish qo‘mitasi aʼzosi Viktor Novojilov maʼruza qildi.
MDH PA Kengashi Bosh kotibi Dmitriy Kobiskiy 2023-2025- yillarga mo‘ljallangan MDHda namunaviy qonun ijodkorligining Istiqbolli rejasi loyihasi va Parlamentlararo Assambleyaning kelgusi yil uchun ish rejasi haqida so‘z yuritdi.
MDH PA Kengashi majlisi kun tartibidagi masalalar muhokamasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi raisi Nuriddin Ismoilov, Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi Raisi Sagiba Gafarova, Armaniston Milliy Majlisi Raisi Alen Simonyan, Belarus Respublikasi Milliy Majlis Respublika kengashi Raisi Natalya Kochanova, Turkmaniston Milliy Gengeshi Majlisi Raisi Gulshat Mammedova ishtirok etdi.