Jinoyat jazosiz qolmaydi
Afsuski ishlash uchun xorijga borib, turli xil yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolayotgan vatandoshlarimiz oʻz kelajaklarini barbod qilishmoqda.
1986-yil Andijon viloyatining Asaka tumanida tugʻilgan Botir Madaminov ham ana shundaylardan biri hisoblanadi.
U 2008-2010-yillarda otasi va ikki nafar ukasi bilan Rossiya Federatsiyasiga ishlash uchun bir necha marotaba borib keladi. Keyinroq yolgʻiz oʻzi Moskva oblastining Serpuxova rayoniga ishlash uchun boradi. U 2011-yilning dekabr oyiga qadar fargʻonalik Abdurahim va andijonlik Umid ismli shaxslar bilan birgalikda qurilish ishlarida ishlaydi. Ammo bu ikki kimsa “Jihodchilar” diniy ekstremistik tashkilotining “Moskva jamoati” aʼzolari boʻlganliklari bois, ular asta-sekin Botirni “hijrat”, “jihod” qilishga daʼvat etishadi. Natijada Botir ularga ergashib, “Jihodchilar” oqimining “Moskva jamoati” aʼzosiga aylanadi.
2011-yil dekabr oyida esa u Pokistonning Mir-Ali shahriga borib, “Turkiston islom harakati” xalqaro terroristik tashkilotiga qoʻshiladi.
Dastlab u jangarilar tayyorlash lagerida qurol-yarogʻ hamda portlovchi qurilmalar bilan ishlash usullarini oʻrganadi. Soʻngra 2012-2013-yillar davomida “Nosir” taxallusi ostida Pokiston hukumati qoʻshinlariga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etadi.
2013-yilning kuz faslida “Turkiston islom harakati” tashkiloti Pokiston qurolli kuchlarining jiddiy qarshiligiga uchragach, 2014-yilning noyabr oyida ular Afgʻonistonga oʻtishadi.
2015-yilning oxirida Botir Madaminov “Islom Davlati Xuroson viloyati” terroristik guruhi safiga qoʻshilib, 2016-2018-yillarda guruh aʼzolariga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatish bilan shugʻullanadi
2019-yilning 3-aprel kuni Botir Madaminov yurtimizga qaytarildi.
Jinoyatga jazo muqarrar. Odil sud tomonidan Madaminov Botir Bahodirovichning sodir etgan qilmishlari atroflicha koʻrib chiqildi va u 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Bunday adashgan shaxslarning achchiq kechinmalari boshqalarga saboq boʻlmogʻi lozim.
O'zA