O‘zbekiston Prezidenti Tataristonning yetakchi kompaniyalari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi
Uchrashuvda Tatariston bilan amaliy sheriklikni kengaytirish va iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida qo‘shma innovatsion loyihalarni ilgari surish masalalari har tomonlama ko‘rib chiqildi.
Yetakchi korxona va kompaniyalar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning ilk natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Toshkent viloyatidagi “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki doirasida kooperatsiya ko‘lami kengayib bormoqda. Xususan, 16 ta investitsiya loyihasi tayyorlanmoqda va amalga oshirilmoqda.
Qabul qilingan “yo‘l xaritasi”ga muvofiq mashinasozlik tarmog‘ida, yangi turdagi kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish borasida, kichik tonnajli kimyo va neftni qayta ishlash, agrar sanoat, IT sohalarida kooperatsiyani kuchaytirish va loyihalarni ilgari surish istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekiston hududlarida, shu jumladan Jizzax va Toshkent viloyatlarida qo‘shma biznes loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’limga oid, texnik ixtisosliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish borasidagi dasturlarni amalga oshirishga kelishib olindi.