Qardoshlik va hamkorlik yangi boshqichga ko’tarilmoqda
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining yettinchi sammitida ishtirok etish uchun 2019-yil 14-oktabr kuni Boku shahriga tashrif buyurdi.
Boku xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Ozarbayjon Bosh vazirining birinchi o’rinbosari Yokub Ayubov, Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliev bilan uchrashdi.
Davlat rahbarlari o’zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalarini muhokama qilib, bu borada birinchi galdagi vazifalarni belgilab oldilar.
Mamlakatlarimiz yetakchi kompaniyalari va tadbirkorlari darajasida ishbilarmonlik aloqalarini yo’lga qo’yish, shuningdek, sanoat, qishloq xo’jaligi, transport va boshqa ustuvor tarmoqlarda kooperatsiyani rivojlantirishga alohida e'tibor qaratildi.
Ikki tomonlama hukumatlararo komissiya faoliyatini jonlantirish hamda O’zbekiston va Ozarbayjon hududlari delegatsiyalarining o’zaro tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.
Ilhom Aliev Shavkat Mirziyoyevni mamlakatimiz Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga qo’shilgani bilan tabriklab, bu, shubhasiz, ikki tomonlama munosabatlarni, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga yangi sur'at bag’ishlashini qayd etdi.
Davlatimiz rahbari sammitga tayyorgarlik yuksak darajada tashkil etilganini alohida ta'kidladi va Ozarbayjonning tashkilotda muvaffaqiyatli raislik qilishini tiladi.
Uchrashuv yakunida Prezidentlar ko’p asrlik do’stlik va strategik sheriklikka asoslangan O’zbekiston — Ozarbayjon munosabatlarini yanada mustahkamlash borasida intilishlari qat'iy ekanini ta'kidladilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Kavkaz musulmonlari idorasi raisi shayxulislom Ollohshukur Poshshozodani qabul qildi.
Uchrashuvda millatlararo totuvlik va diniy bag’rikenglikni yanada mustahkamlash, konfessiyalararo muloqotni kengaytirish, ta'lim va yoshlarning ma'naviy tarbiyasi masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari bu boradagi xalqaro hamkorlik darajasi tobora yuksalib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Birgalikdagi sa'y-harakatlar zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi samarali kurashish, muqaddas Islom dinining sof qadriyatlari va chinakam insonparvarlik maqsadlarini xalqaro hamjamiyatga yetkazishga xizmat qilishi ta'kidlandi.
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, o’z navbatida, O’zbekiston Prezidentining islom olamining boy merosini o’rganish va asrab-avaylash bo’yicha tashabbuslarini alohida e'tirof etar ekan, bu borada qabul qilinayotgan choralar samarali ekanini qayd etdi.
Ollohshukur Poshshozoda mamlakatlarimiz va butun mintaqada tinchlik, totuvlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta'minlash yo’lida faol muloqot va hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Sammitning asosiy voqealari 15-oktabr kuni bo’lib o’tadi. Turkiy kengashga a'zo davlatlar rahbarlari tashkilot doirasidagi ko’p qirrali hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan masalalarni muhokama qiladilar.
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi (Turkiy kengash) bundan o’n yil avval — 2009-yil 3-oktabrda Ozarbayjonning Naxichevan shahrida Ozarbayjon, Turkiya, Qirg’iziston va Qozog’iston ishtirokida tashkil etilgan. Ushbu xalqaro tashkilotning asosiy maqsadi turkiy tilli davlatlar o’rtasida o’zaro ishonch, do’stlik, yaxshi qo’shnichilik aloqalarini mustahkamlash, mintaqada va dunyoda tinchlik hamda xavfsizlikni ta'minlashdan iborat.
Bu yilgi sammitning o’ziga xos tomoni shundaki, O’zbekiston birinchi marotaba Turkiy kengashning teng huquqli a'zosi sifatida ishtirok etmoqda.
Ma'lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 3-sentabr kuni Qirg’izistonning Cho’lponota shahrida bo’lib o’tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining oltinchi sammitida ilk bor faxriy mehmon sifatida qatnashgan edi. Davlatimiz rahbari ushbu sammitdagi nutqida Turkiy kengash doirasidagi aloqalarni rivojlantirishga oid muhim yo’nalishlarga to’xtalib, O’zbekiston mazkur xalqaro tuzilma doirasida o’zaro samarali hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini, uning kelajagiga katta umid va ishonch bilan qarashini ta'kidlagan edi.
Bu yil O’zbekiston ushbu tashkilotga teng huhuqli a'zo bo’lib qo’shilish yo’lidagi tarixiy qadamni tashladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 14-sentabr kuni “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to’g’risidagi Naxichevan Bitimini (Naxichevan, 2009-yil 3-oktabr ) ratifikatsiya qilish hakida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini imzoladi. Shu tariqa O’zbekiston yana bir yirik xalqaro tashkilotning teng huhuqli a'zosiga aylandi.
Bu galgi anjuman iqtisodiyot, kichik va o’rta biznesni qo’llab-quvvatlashga bag’ishlangan bo’lib, bu O’zbekistonning tashabbuslariga mosdir. Umuman, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga a'zolik mamlakatimiz va xalqimiz manfaatlariga xizmat qiladi.
O'zA