Prezident IT mutaxassislar bilan muloqot qildi
Dunyoda axborot texnologiyalari shiddat bilan rivojlanmoqda. Jahonda uning o‘sish sur’atlari yiliga 10 foizni tashkil etib, bu yil jami 4 trillion 300 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
Ushbu bozorda mustahkam o‘rin egallash uchun mamlakatimizda katta ishlar boshlangan. So‘nggi besh yilda sohaga 2 milliard dollar, shu jumladan 700 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar yo‘naltirilgan.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barcha hududlarda IT-parklar ochilib, ular uchun alohida soliq rejimi joriy etildi. Bu orqali 14 ming nafar yoshlar yuqori daromadli ish bilan ta’minlandi. Bundan tashqari, o‘zini o‘zi band qilgan IT mutaxassislar soni yil boshidan 2,5 barobarga o‘sib, 43 ming nafarga yetdi.
Eng asosiysi, IT kasblarni egallash yoshlar o‘rtasida trendga aylandi. Maktab, litsey, kollej, texnikum va universitetlarda “Bir million dasturchi” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning o‘zida mamlakatimizda 134 ta yangi, jumladan, 50 ta xorijiy IT kompaniyalar tashkil etildi, eksportyor korxonalar soni esa 2 barobarga oshdi. Xizmatlar hajmi va turi ham ko‘paydi.
Soha uchun infratuzilma yaratilib, sifat yaxshilanayotgani bunda muhim omil bo‘lmoqda. Xususan, so‘nggi uch yilda mobil internet narxi 9 barobarga arzonlashdi. Mamlakatimiz bu boradagi xalqaro reytingda 68-o‘rindan 15-o‘ringa ko‘tarildi.
– Kelgusi besh yilda mamlakatimizda axborot texnologiyalari xizmatlari eksportini 1 milliard dollarga yetkazishni reja qilganmiz. Agar yoshlarni bu kasbga o‘qitishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ysak, ularni sifatli infratuzilma, kompyuter va kafolatli buyurtma bilan ta’minlasak, bu marraga bemalol erishamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari buning uchun 4 ta masalani hal etish lozimligini ta’kidladi.
Birinchisi, internet qamrovi va sifatini keskin oshirish. Chunki hozir hududlarni tezkor internet bilan qamrab olish darajasi 70 foiz atrofida. 118 ta qishloqqa internet ham, mobil aloqa ham kirib bormagan.
Ikkinchisi, axborot texnologiyalariga iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish. Bugungi kunda yoshlarning “startap”lariga atigi 10 milliard so‘m grant ajratilgan. Kompyuter bilan ta’minlash ishlari yetarli emas.
Uchinchisi, barcha sohalarda raqamlashtirishni birinchi navbatdagi vazifalar qatoriga olib chiqish. Bu borada hukumat, qator vazirlik va kompaniyalarda tizim bor. Lekin Transport vaziriligi, Energetika vazirligi, Veterinariya qo‘mitasi, O‘zbekiston temir yo‘llari hamda “O‘zagrosug‘urta” kompaniyalarida ahvol sust.
To‘rtinchi muhim masala hududlarda yoshlarni eksport bozorlariga chiqishga ko‘maklashishdir. Xususan, xorijiy korxonalar yoshlarimizga ishonch bildirib, joriy yilning o‘zida 100 million dollarlik xizmatlarga buyurtma bergan. Lekin mahalliy korxonalarimiz buyurtmalari bundan ancha kam.
Yig‘ilish ochiq muloqot tarzida o‘tdi. Avval axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Shermatov sohadagi muammolarni va ular yuzasidan takliflarini aytdi. Uchrashuv ishtirokchilari ham o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.
Davlatimiz rahbari mutaxassis va yoshlarning takliflarini qo‘llab-quvvatlab, mutasaddilarga tegishli qaror loyihalarini ishlab chiqish topshirildi.
– Bu masalalar – bugunimiz, kelajagimiz, ayniqsa, yoshlarimizga munosib ish o‘rinlari yaratish uchun katta zamin, – deya ta’kidladi Prezident.
Ushbu muloqot o‘tkazilgan “Astrum” IT akademiyasida yuzlab yoshlar zamonaviy dasturlash ko‘nikmalarini egallab, o‘qish davomidayoq daromad topmoqda. Davlatimiz rahbari bunday maskanlarni boshqa hududlarda ham tashkil qilish zarurligini aytib, bu boradagi tashabbuslar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.
Videoselektor orqali viloyat hokimlari, hududlardagi mutaxassislar bilan ham muloqot qilindi.