Oʻzbekiston: Chinakam doʻstlik va hamkorlik anjumani
Qoʻqon shahrida olis tarix va bugungi zamon nafasini, turli qadriyat va anʼanalarni oʻzida yaqqol namoyon etgan, mushtarak dillarni birlashtirgan chinakam doʻstlik va hamkorlik bayrami –birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivali yakunlandi.
Bayramlar va shodiyonalarning shukuhi insonga juda katta zavq, quvonch bagʻishlaydi. Mamlakatimizda ilk bor oʻtkazilgan xalqaro miqyosdagi mazkur festivalda qatnashgan minglab yurtdoshlarimiz va xorijlik mehmonlar ana shu sururni oʻzida his etdi. Jahon hunarmandlari jam boʻlgan bu tadbir katta shodiyona sifatida nishonlandi. Bir hafta davomida koʻhna va latif shahar butun dunyoning nigohida boʻlib, unutilmas va shukuhli onlarga boy boʻldi.
Xalqaro hunarmandchilik festivali yurtimizda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan koʻp asrlik hunarmandlik anʼanalarini asrab-avaylash, yanada rivojlantirish hamda butun dunyoga tarannum etishga qaratilgan ezgu tashabbusning yorqin ifodasidir. Festival dunyoning turli mamlakatlarida asrlar mobaynida sayqallanib kelayotgan tajribalarni oʻzaro uygʻunlashtirish imkoniyatini yaratib bergani bilan ahamiyatli boʻldi.
Ezgu fazilatlari bilan dunyoga tanilgan xalqimiz oʻzining mehmondoʻstlik, shirinsuxanlik va odamiylik xislatlarini Qoʻqon shahrida yana bir bor namoyon etdi. Davlatimiz rahbari birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivalining tantanali ochilish marosimidagi nutqida taʼkidlaganidek, jahon xalq amaliy sanʼatini asrab-avaylash va rivojlantirish, bebaho boylikni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, bu yoʻldagi saʼy-harakat va imkoniyatlarimizni birlashtirishda mana shunday xalqaro anjumanlarning oʻrni va ahamiyati beqiyosdir.
Festivalda dunyoning 78 davlatidan 370 dan ziyod mohir hunarmand, taniqli madaniyat arboblari, sanʼatshunos olimlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Oʻrda maydonidagi hunarmandlar shaharchasi yurtimiz va xorijiy davlatlarning amaliy sanʼatini namoyish etdi. Xususan, hunarmandchilik va xalq amaliy sanʼati istiqbollariga bagʻishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada 26 mamlakatdan 36 olim va tadqiqotchi ishtirok etdi. Uning yakunida “Xalq amaliy sanʼati va hunarmandchilikni rivojlantirish boʻyicha Qoʻqon rezolyutsiyasi” imzolandi. Shuningdek, xalqaro tanlovlar, mahorat darslari, moda va dizayn namoyishlari barcha ishtirokchilarga zavq va ilhom bagʻishladi. Bunda esa hunar egalarining chin yurakdan ishlashi, ularning mehnati Oʻzbekistonda yuqori baholanayotgani va sohani rivojlantirish davlat siyosatiga aylanib, yangidan-yangi imkoniyatlar yaratilayotgani tasdigʻini topdi.
– Bir necha kun davomida chiroyli, oʻzgacha shouning guvohi boʻldik, – dedi Belarus Respublikasi madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari Natalya Karchevskaya. – Prezidentingiz Oʻzbekistonning xalq amaliy sanʼati borasidagi imkoniyatini dunyoga ajoyib tarzda koʻrsatib berdi. Davlatlarimiz rahbarlarining oʻzaro iliq munosabatlari tufayli xalqlarimiz oʻrtasida aloqalar mustahkamlanmoqda. Biz festival doirasida osh bayramida ham boʻldik. Hammaning kayfiyati koʻtarinki, biz oʻzbek xalqini, qadriyatlarini juda sevamiz. Davlatlarimiz orasidagi masofa uzoq boʻlsada, koʻnglimiz yaqin.
Qoʻqon shahriga “Jahon hunarmandlar shahri” maqomi berilishi ham tarixiy voqea boʻldi. 2014-yilda taʼsis etilib, shu kungacha dunyodagi 36 shahar sazovor boʻlgan ushbu unvonning MDH mamlakatlari orasida birinchilardan boʻlib Oʻzbekistonning Qoʻqon shahriga berilgani, albatta, har bir yurtdoshimiz qalbida cheksiz faxr-iftixor uygʻotmoqda.
Xalqaro hunarmandchilik festivali doirasida koʻrik-tanlov ham oʻtkazildi. Unda 78 davlatdan 200 dan ortiq, yurtimizdan esa 1100 dan ziyod hunarmand oʻzining 30 dan ortiq yoʻnalishdagi ishlarini taqdim etdi. Sakkizta nominatsiya boʻyicha 24 gʻolib aniqlandi. Jumladan, “Eng yaxshi hunarmand” nominatsiyasi boʻyicha birinchi oʻrinni (mukofot 7000 AQSH dollari) Muhammadali Yunusov (Oʻzbekiston) egalladi, ikkinchi oʻringa (5000 AQSH dollari) Sufiyan Ismoil Kxatri (Hindiston), uchinchi oʻringa (3000 AQSH dollari) Alisher Narzullayev (Oʻzbekiston) munosib topildi. Shuningdek, “Eng yosh hunarmand”, “Eng yaxshi hunarmandchilik maktabi ustasi”, “Qadimiy sulola davomchisi”, “Qadimiy hunarmandchilik turini tiklagan hunarmand”, “Eng faol hunarmand” nominatsiyasi gʻoliblari ham taqdirlandi.
Xalqimizning, jahon hunarmandlarining bayrami oʻz nihoyasiga yetdi. Uning yopilish marosimida hunarmandlar koʻrik-tanlovining gʻoliblari diplom, festival statuetkasi va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
2021-yilda xalqaro festival ikkinchi bor oʻtkazilishini maʼlum qilgan tadbir tashkilotchilari festivalni yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazishga yaqindan yordam bergan YUNESKOning yuqori martabali vakillariga, Jahon hunarmandlar kengashining Osiyo-Tinch okeani, Amerika va Afrika mintaqalari boʻyicha rahbarlariga, xorijiy va mahalliy hunarmandlar hamda barcha ijodiy jamoalarga minnatdorlik bildirdi.
Sanʼatkorlarning bayram dasturi barchaga bir olam zavqu shavq ulashdi. Qadimiy va navqiron Qoʻqon shahrida festival yakunlangan boʻlsada, xalq sayli davom etmoqda.
OʻzA