Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-iyul kuni geologiya sohasidagi natijalar va yil yakunigacha bo‘lgan rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi B.Islomov oxirgi yillarda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hisobot berdi. Jumladan, zamonaviy texnologiyalar joriy qilingani natijasida geologik o‘rganish va burg‘ilash ishlari hajmi 1,5 barobargacha oshgani aytildi.
Yerosti qazilmalariga soliq stavkalari pasaytirilib, sohada xususiy investorlarga yo‘l ochildi. Konlarni auksion orqali sotish hisobiga, 1 milliard 400 million dollar investitsiya kiritish boshlandi.
Geologiya fanlari universiteti tashkil etilib, faoliyati eng zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or metodikalar asosida yo‘lga qo‘yildi.
Shu yil 19-may kuni bo‘lgan taqdimotda Prezident “Navoiyuran” davlat korxonasini transformatsiya qilish, uran zaxirasini oshirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Bugun shu borada boshlangan ishlar, o‘rta va uzoq muddatga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar haqida axborot berildi.
Unga ko‘ra, texnologik jarayon va moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlarga o‘tkazish, uran ishlab chiqarish hajmi hamda zaxirasini 2030-yilgacha 2 barobar oshirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari bu ishlarni samarali tashkil etish uchun “Navoiyuran”da loyiha ofisi ochish, chet ellik mutaxassislarni jalb qilib, kadrlar malakasini oshirish kerakligini ta’kidladi.
Rangli va noyob metalli konlarni o‘zlashtirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Bu borada geologik qidiruv maydonlari kengaytirilgan. O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi huzurida “Yangi kon” kompaniyasini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bu kompaniya litiy, alyuminiy, magniy, grafit va boshqa nodir metallarni ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalari ijrosini tashkillashtiradi.
Yer ostidagi qadrli ne’matlardan yana biri – bu suv. So‘nggi yillarda 21 ta tumanda yerosti suvining satxi 20 metrgacha pasayib ketgan. Joylarda ayrimlar buni tushunib yetmay, undan xo‘jasizlarcha foydalanmoqda. 2021-yilning o‘zida 1 ming 200 ta noqonuniy quduq burg‘ilash holati aniqlangan.
Shu bois Prezidentimiz yerosti suvlaridan oqilona foydalanishni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Ayni maqsadda yerosti suvlarini samarasiz ishlatganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Shuningdek, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida yerosti suvi zaxirasini oshirish choralari ko‘rilayotgani aytildi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy qilish, Qashqadaryoda bu bo‘yicha klaster tashkil etishga qaratilgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
– Umuman, geologiya iqtisodiyotning o‘sishiga asosiy turtki beradigan soha. Bu boradagi salohiyatini to‘liq ishga solish kerak, – dedi davlatimiz rahbari.