O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari bo‘lajak sammitga tayyorgarlikning borishini muhokama qildilar
O‘zbekiston-Qirg‘iziston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarining keng ko‘lamli kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Prezident Sadir Japarov Qoraqalpog‘istondagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinishlarga chek qo‘yish maqsadida O‘zbekiston rahbari tomonidan ko‘rilgan qat’iy choralarni to‘liq qo‘llab-quvvatladi. Boshqa davlatning ichki ishlariga aralashishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari bo‘lajak oliy darajadagi ikki va ko‘p tomonlama uchrashuvlar rejasini, shu jumladan Cho‘lponota shahrida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo mamlakatlari sammitiga tayyorgarlik masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Yaqin orada muhim yo‘nalishlardagi kelishuvlarni ilgari surishga qaratilgan qator qo‘shma tadbirlarni o‘tkazishga kelishib olindi.
Tomonlar mintaqaviy transport yo‘laklari va energetika infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi yirik infratuzilmaviy loyihalarni ishlab chiqishni jadallashtirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladilar.