O‘zbekistonlik diplomatlarning Tambov viloyatiga tashrif buyurishdi

Tashrif davomida viloyat rahbari vazifasini bajaruvchi Maksim Yegorov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, o‘zbekistonlik diplomatlar Tambov agrosanoat majmuasi va viloyat sanoat ishlab chiqarish korxonalari, mintaqa Savdo-sanoat palatasida ham muzokaralar o‘tkazishdi.
Safar doirasida, shuningdek, Michurin nomidagi Davlat agrar universiteti, Tambov Davlat texnika universiteti va G. R Derjavin nomidagi Tambov Davlat universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Maksim Yegorov bilan uchrashuv do‘stona ruhda kechdi. Mamlakatlarimiz rahbarlari tomonidan belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida mintaqa va O‘zbekiston o‘rtasidagi agrosanoat majmuasi, sanoat, taʼlim, sayyohlik, ilm-fan va madaniyat sohasidagi hamkorlikning holati va istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuv natijasi o‘laroq, iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash, yetkazib berilayotgan mahsulotlar turini kengaytirish, tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirish, ijtimoiy-madaniy sohada qo‘shma tadbirlar o‘tkazilishi bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Viloyat Savdo-sanoat palatasi prezidenti Yelena Voronina bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida ikki mamlakatda faoliyat ko‘rsatadigan ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatishga yaqindan ko‘maklashish bilan bog‘liq masalalarga asosiy eʼtibor qaratildi. Uchrashuvda o‘zaro hamkorlik munosabatlarini o‘rnatishdan manfaatdor bo‘lgan biznes vakillari, shuningdek, O‘zbekistondagi kompaniyalar bilan hamkorlik qilayotgan mahalliy tadbirkorlar ham ishtirok etdi.
Tambov viloyati universitetlari rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda esa O‘zbekiston universitetlari bilan faol hamkorlik olib borilayotgani alohida taʼkidlangani barobarida amalga oshirilayotgan qo‘shma taʼlim dasturlari haqida ham atroflicha fikr yuritildi. Shu o‘rinda mamlakatimizdan talabalarni taklif etish va universitetlararo almashuv sohasidagi hamkorlik ko‘lamlarini yana-da kengaytirish masalasiga alohida urg‘u berildi.