“INNOPROM. Markaziy Osiyo”: Yirik investorlar va yuqori darajadagi mehmonlar platformasi

“INNOPROM. Markaziy Osiyo”: Yirik investorlar va yuqori darajadagi mehmonlar platformasi
25-27 aprel' kunlari «O‘zekspomarkaz» Milliy ko‘rgazmalar majmuasida «INNOPROM. Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
Dunyoning o‘nlab mamlakatlaridan kelgan turli soha vakillarining professional muloqoti uchun yaratilgan ushbu noyob maydoncha O‘zbekistonning iqtisodiy, investisiyaviy, sanoat hayotidagi yana bir keng ko‘lamli voqeadir.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad sanoat sohasidagi eng yangi texnologiyalar va ishlanmalarni targ‘ib qilish, yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, bitimlar tuzish va natijada sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirishdan iboratdir.
2021 yil o‘tkazilgan birinchi ko‘rgazmada nima bo‘lgan edi?
O‘tgan yil 5-7 aprel' kunlari birinchi marta «INNOPROM. O‘zbekistonda katta sanoat haftaligi» tashkil etilgan edi. Unda O‘zbekiston, Rossiya, Fransiya, Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Ozarbayjon, Belarus', Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston va boshqa davlatlarning hukumat va ishbilarmon doiralari delegasiyalari ishtirok etgandi. Ko‘rgazmaga jami 10 mingdan ortiq kishi, shu jumladan, sanoat va moliya kompaniyalari rahbarlari, hokimiyat organlari, ishbilarmonlar uyushmalarining vakillari keldi.
Ko‘rgazma natijalariga ko‘ra, ishtirokchilar pandemiyadan keyingi davrda sanoatni rivojlantirishning ustuvor vazifalari va istiqbolli mexanizmlari, savdo-iqtisodiy aloqalarni tiklash yo‘llari, iqtisodiy o‘sishning omili sifatida sanoat innovasiyalarini joriy qilish imkoniyatlarini belgilab oldilar, shuningdek, ikki tomonlama ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatdi.
Tadbirlar va biznes uchrashuvlar natijasida 3,2 milliard dollarlik investisiya bitimlari, eksport va import shartnomalari va kelishuvlarga erishildi.
Ikkinchi ko‘rgazmada nima bo‘ladi?
Bu yil Toshkent yana bir bor yirik investorlar va yuqori darajadagi mehmonlarni «INNOPROM. Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasining investisiyaviy hamda iqtisodiy salohiyati xususida konstruktiv muloqot qilishga taklif etdi.
Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Hindiston, shuningdek, boshqa davlatlar, jumladan, MDH mamlakatlaridan 200 ga yaqin xorijiy kompaniyalar va 1300 dan ortiq jismoniy shaxslar tadbirda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tdi.
O‘zbekistonda tashkil etilayotgan ushbu ikkinchi ko‘rgazma Markaziy Osiyo mintaqasi va unga chegaradosh mamlakatlar uchun an'anaviy yillik sanoat kooperatsiyasi maydonchasini yaratib beradi. Ko‘rgazmaning asosiy bo‘limlari metallurgiya va materiallar, sanoat avtomatizasiyasi, mashinasozlik va butlovchi qismlar ishlab chiqarishga bag‘ishlanadi.
Tadbir sermazmun biznes dasturiga ega
Ko‘rgazmaning biznes dasturi sanoat kun tartibining eng dolzarb mavzulari bo‘yicha 20 dan ortiq ixtisoslashtirilgan sessiyani o‘z ichiga olgan.
Turli xil formatlarda – panel' munozaralari, muhokamalar, davra suhbatlari va biznes uchrashuvlarida ishtirokchilar Markaziy Osiyoning keskin texnologik o‘sish makoni sifatidagi istiqbollari, shuningdek mintaqa mamlakatlarining investisiyaviy va sanoat salohiyatini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Sanoat ishlab chiqarishi va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikning asosiy masalalarini qamrab olgan keng ko‘lamli kongress dasturi hamda “V2V” aloqalar birjasi ham ko‘zda tutilgan.
Yirik EKSPO imkoniyatlar
Ko‘rgazmaning o‘zida 5 ta - O‘zbekiston, Belarus', Qozog‘iston, Rossiya va Tojikiston milliy ekspozisiyalari, Rossiya hududlarining 8 ta (Moskva shahri, Sverdlovsk, Chelyabinsk, Tula va Nijniy Novgorod viloyatlari, Xanti-Mansi avtonom okrugi, Krasnodar o‘lkasi va Tatariston Respublikasi) birlashgan stendlari, 52 ta kompaniya, jumladan, Fransiyaning Valeo, Cornerstone, Spectrum, SNF, Smoove, Alvarez & Marshal, TrendMicro, Integra, Vengriyaning Hungarian Water Treatment Cluster, Budapest Hydro va Italiyaning Camozzi Pnevmatika kompaniyalari ishtirokchi yoki hamishtirokchi sifatida o‘z mahsulotlarini namoyish etishi rejalashtirilgan.
Yoshlar uchun yangi imkoniyatlar
Yosh mutaxassislar va talabalar uchun «INNOPROM universiteti» maxsus loyihasi doirasida ma'ruzalar o‘tkaziladi. Yirik sanoat kompaniyalari rahbarlari, shuningdek, yetakchi universitetlarning rektorlari zamonaviy ishlab chiqarishni qanday qilib boshqarish kerakligi haqida so‘zlab beradi.
Hududlar o‘rtasidagi bevosita muloqotlar
Siyosatdan uzoq bo‘lgan «INNOPROM. Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat ko‘rgazmasining formati bu safar konstruktivlikning yangi ranglari bilan porlaydi. Uning asosiy ustuvorligi hududlar o‘rtasidagi faol muloqotdadir. Bunga investisiyalar hajmining o‘sishiga, yangi loyihalar yaratilishiga, natijalarga urg‘u bergan holda hamkorlik qilishga alohida turtki sifatida qaralmoqda. Muloqotning ochiqligi allaqachon yangi bosqichga ko‘tarilgani muhimdir. O‘zbekistonga kelgan har bir delegasiya o‘z tashrif dasturiga ega va bu yil u faqat Toshkent shahri bilan chegaralanib qolmaydi. O‘nlab dasturlar va missiyalar, uchrashuvlar va kelishuvlarni manfaatlar kesishmalarini topish istagi birlashtirmoqda.