O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi vatandoshlar uchun iftorlik uyushtirdi
Muqaddas Ramazon oyida O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi Rossiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston delegatsiyasi, ushbu mamlakatda mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlar va ish beruvchilar ishtirokida iftorlik uyushtirdi.
Ta’kidlash joizki, bunday tadbir elchixonada ilk bor o‘tkazildi.
Elchi Botirjon Asadov mehmonlarni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston jamiyatida an’anaviy islomiy qadriyatlarni asrab-avaylash va targ‘ib qilish, o‘zlikni anglash, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida atroflicha ma’lumotlarni tadbir ishtirokchilari bilan o‘rtoqlashdi. Shu o‘rinda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan hududlarga chiqib, mehnat qilayotgan fuqarolar va ularning yashash joylari va shart-sharoitlarini o‘rganish hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar kiritish bo‘yicha vazifalar qo‘yilgani alohida qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan yil davomida elchixona tomonidan Rossiya hududlariga bir necha amaliy safarlar amalga oshirilgani holda, belgilangan vazifalarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan ishlar olib borilmoqda.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Bosh vaziri maslahatchisi Mehriddin Xayriddinov davlatimiz rahbari xorijdagi, jumladan, Rossiyadagi vatandoshlarga alohida e’tibor qaratayotgani, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xususan, mehnat muhojirlarining mamlakatimizda yashayotgan oila a’zolariga munosib shart-sharoit yaratish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinganini qayd etdi.
U, shuningdek, Rossiya vazirlik va idoralari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar va hududlarga rejalashtirilgan tashriflar haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berdi. Yaqin fursatda ushbu mamlakatda ro‘yxatga olish muddatini 15 kunga uzaytirish to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitim kuchga kirishi kutilayotgani, bu esa tegishli ruxsatnomalarni rasmiylashtirish uchun qo‘shimcha vaqt berishini ma’lum qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari Ibrohim Inomov suhbat davomida Qur’oni Karim suralaridan qiroat qilgani barobarida yig‘ilganlarga delegatsiyaning Rossiyaga xizmat safaridan ko‘zlangan maqsad va vazifalar haqidagi ma’lumotlarni ham o‘rtoqlashdi.