Ayrim xorij davlatlaridan O‘zbekiston hududiga kirib kelgan yo‘lovchilar majburiy karantinga olinadi

Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishida mamlakatimizda epidemiologik vaziyat barqarorligini saqlab qolish va yurtimiz hududiga koronavirus infeksiyasining yangi “omikron” shtammi kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bir qator yangi tartib va cheklovlar belgilandi.
Jumladan, endilikda xorijiy davlatlardan O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchilar:
mamlakatimizga tashrif buyurishidan kamida 72 soat oldin topshirilgan koronavirus infeksiyasiga PZR test natijasi bo‘yicha manfiy ko‘rsatkichga ega maʼlumotnomaga ega bo‘lishlari lozimligi;
koronavirus infeksiyasiga PZR test natijasi bo‘yicha manfiy ko‘rsatkichga ega maʼlumoti mavjud bo‘lmaganda, aeroport, temir yo‘l vokzallari va chegara o‘tkazish punktlarida tashkil etilgan koronavirus infeksiyasiga ekspress test topshirishlari shartligi belgilandi.
Shuningdek:
Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan Avstraliya, Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Isroil, Italiya, Niderlandiya, Chexiya va Misr davlatlari hududidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib keluvchi yo‘lovchilar yuqoridagi talablar bajarilgandan so‘ng mamlakatimiz hududiga kirib kelgan kundan eʼtiboran o‘n kun davomida majburiy uy karantini yoki o‘z hisoblaridan mehmonxonaga karantinga joylashtiriladi.