Mashhur «Tretyakov galereyasi» bilan bitim imzolandi
“Dubai Exhibition Centre” majmuasidagi O‘zbekiston pavilyonida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi va Davlat Tretyakov galereyasi o‘rtasida bitim imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
I.V.Saviskiy nomidagi Davlat sanʼat muzeyi kolleksiyalarini o‘rganish maqsadida erishilgan mazkur kelishuv O‘zbekiston Respublikasining “Expo 2020 Dubai” butunjahon ko‘rgazmasidagi ishtiroki doirasida amalga oshdi.
Ushbu hujjat Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Tretyakov Davlat galereyasi tomonidan I.V.Saviskiy nomidagi Davlat sanʼat muzeyi kolleksiyalarini o‘rganish, sheriklik munosabatini o‘rnatish va tomonlarning uzoq muddatli, samarali va o‘zaro manfaatli hamkorligini rivojlantirish maqsadlarini ko‘zlaydi.
Ikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlik madaniyat sohasidagi taʼlimni rivojlantirish, mutaxassislar malakasini oshirish, ilmiy maslahat berish, shuningdek, bitimda ko‘rsatilgan vazifalarni bajarishga ko‘maklashadigan muzeylar mutaxassislarining amaliyot jarayonini va mahorat darslarini tashkil etishga ko‘maklashadi.
Bitimdan kelib chiqib, Jamg‘arma va Galereya quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish majburiyatini oladi:
- muzey kolleksiyasidagi sanʼat asarlarini taqdim etuvchi qo‘shma ko‘rgazma dasturlari, loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
- jamoatchilik va professional hamjamiyatga faoliyat natijalarini taqdim etishga qaratilgan taʼlim, ilmiy, madaniy-maʼrifiy tadbirlar (shu jumladan forum, konferensiya, davra suhbati, seminarlar), multimedia loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha tomonlarning birgalikdagi ishtiroki;
- innovatsion tizim va texnologiyalardan foydalanish sohasidagi qo‘shma faoliyat (raqamlashtirish, arxivlash, kengaytirilgan voqelik va multimedia texnologiyalarini qo‘llash);
- texnologik tadqiqotlar, ilmiy-maʼrifiy, madaniy va boshqa dasturlar va loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
- madaniy merosni saqlash va o‘rganish sohasidagi ilmiy maʼlumotlarni to‘plash, tahlil qilish va almashish, tarix, madaniyat, muzey faoliyati, tarixiy-madaniy merosni muhofaza qilish sohalarida axborot almashish;
- muzey hududida texnologik tadqiqotlarni inobatga olgan holda ilmiy-tadqiqot va restavratsiya majmuasi loyihalarini amalga oshirish;
Mazkur bitimning imzolanishi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasining xalqaro madaniy tashkilotlar va xayriya jamg‘armalari bilan hamkorligini rivojlantirish, xalqaro va davlatlararo madaniy aloqalarini kengaytirish uchun sharoit yaratadi.