Vatanimiz mustaqilligi – biz uchun kuch-qudrat va ilhom manbai, taraqqiyot va farovonlik asosi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!
Muhtaram mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Bugun yurtimizda ulug‘ bayram, katta tantana. Ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi jonajon Vatanimiz istiqlolining shonli o‘ttiz yillik to‘yini zo‘r shodu xurramlik bilan nishonlamoqda.
“Yangi O‘zbekiston” deb nom olgan mana shu muazzam bog‘da biz bugun birinchi marta Mustaqillik bayramini o‘tkazmoqdamiz.
Shu munosabat bilan siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni chin qalbimdan tabriklab, o‘zimning samimiy va eng ezgu tilaklarimni bildiraman.
Aziz do‘stlar!
Barchamizga ayonki, el-yurtimiz asrlar davomida ozod va erkin hayotni, adolatli jamiyatni orzu qilib yashadi. Bu muqaddas maqsad yo‘lida jon olib, jon berib kurashdi, mashaqqatli sinovlarni mardona yengib o‘tdi.
Xalqimiz qalbidagi hurriyat sari ezgu intilishni hech qanday bosqin, zulm va zo‘ravonliklar yo‘qota olmadi. Bunga ko‘hna tariximizning o‘zi guvoh.
1991-yil 31-avgust kuni mamlakatimiz hayoti va taqdirida tub burilish yasagan, tom ma’nodagi buyuk tarixiy voqea yuz berdi. Necha yuz yillar davomida kelajakka katta umid va ishonch bilan qarab, hamisha sabr-matonat bilan yashagan xalqimiz ulug‘ orzusiga erishdi – o‘zining davlat mustaqilligini qo‘lga kiritdi.
Bugungi qutlug‘ ayyomda barchamiz, butun xalqimiz O‘zbekiston mustaqilligini e’lon qilib, tariximizning eng murakkab va og‘ir davrlarida davlatimizni boshqargan Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimov nomini, u kishining bevosita rahbarligida, xalqimizning matonati va jasorati bilan amalga oshirilgan ulkan ishlarni esga olishimiz tabiiydir.
Istiqlol yillarida yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurish yo‘lida muhim ishlar bajarildi. Qisqa muddatda mamlakatimiz Konstitutsiyasi ishlab chiqildi. Zamonaviy davlatchilik asoslari, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari shakllandi.
Mamlakatimiz mustaqilligi va suverenitetini, sarhadlarimiz daxlsizligini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan Qurolli Kuchlar barpo etildi.
Milliy valyutamiz – so‘m joriy qilindi, oltin-valyuta zaxiralarimiz shakllantirildi. Qadimiy tariximiz, boy madaniy merosimiz, milliy-diniy qadriyatlarimiz, o‘zligimiz tiklandi.
Muxtasar aytganda, ko‘pni ko‘rgan xalqimiz o‘zining mustahkam irodasi va matonati, beqiyos salohiyatini namoyon etib, tarixan qisqa fursat ichida ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi.
Vatanimiz jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladi.
Mana shunday buyuk tarixiy jarayonlarda faol ishtirok etish nasib qilganidan ko‘pchilik vatandoshlarim qatori men ham baxtiyorman.
Hurmatli tantana qatnashchilari!
Biz bugun xalqchil va demokratik tamoyillarga asoslangan yangi O‘zbekiston davlatini, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etmoqdamiz. Shu maqsadda avvalo bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga eng muhim vazifa sifatida ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz.
Bugun dunyoda va mintaqamizda, chegaralarimizda keskinlik, turli tahdid va xatarlar kuchayib borayotgan bir sharoitda bu masalaning qanday beqiyos ahamiyatga ega ekanini hammamiz yaxshi tushunamiz.
Davlat va jamiyatimizning siyosiy-huquqiy poydevorini mustahkamlash, mamlakatni modernizatsiya qilish, bu jarayonda parlament va siyosiy partiyalarning rolini, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar jadal amalga oshirilmoqda. Demokratiyaning asosiy talabi bo‘lgan inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini, so‘z va vijdon erkinligini ta’minlashga alohida e’tibor berilmoqda.
Respublikamizda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya qabul qilindi. Ko‘p yillardan buyon jiddiy muammo bo‘lib kelgan majburiy va bolalar mehnati to‘liq tugatildi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining fuqarolik masalasi bo‘yicha chaqirig‘iga javoban 2020-yilning o‘zida 50 mingdan ortiq yurtdoshimizga O‘zbekiston fuqaroligi berildi.
Ma’lumki, mustaqil va kuchli sud hokimiyati inson huquqlari, demokratiya va qonuniylikni qaror toptirishning asosiy shartidir. Bu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalarga doir 40 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Hozirgi vaqtda ular asosida jiddiy amaliy ishlar olib borilmoqda.
Ana shunday xayrli ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida men kuni kecha Mustaqillik bayrami munosabati bilan yana bir muhim farmonga imzo chekdim. Ushbu hujjatga muvofiq, ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 215 nafar shaxs afv etilib, o‘z oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytish imkoniga ega bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi tarixda ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga saylandi. Bu esa ushbu yo‘nalishdagi islohotlarimiz xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotganining yaqqol tasdig‘idir.
Muhtaram yurtdoshlar!
Shuni alohida ta’kidlash zarurki, o‘tgan besh yillik vaqt barchamiz, butun mamlakatimiz, xalqimiz uchun keskin sinovlar davri bo‘ldi. Ayniqsa, 2020 yili boshlangan koronavirus pandemiyasi va shu sababli kelib chiqqan iqtisodiy inqiroz global dunyoning ajralmas qismi sifatida O‘zbekiston uchun ham jiddiy muammolarni yuzaga keltirdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti xulosasiga ko‘ra, pandemiya Ikkinchi jahon urushidan keyin dunyo miqyosida yuz bergan eng ulkan sinovdir.
Yodingizda bo‘lsa, biz pandemiya boshlangan ilk kunlarda bu qiyinchiliklardan yanada toblanib, kuchli va qudratli bo‘lib chiqishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ygan edik. Yaratganning inoyati, el-yurtimizning ahilligi va fidokorona mehnati bilan bu mashaqqatli sinovlarni mardona yengib o‘tmoqdamiz.
Mamlakatimizda olib borilayotgan jadal va keng ko‘lamli islohotlar yurtimizda yangi davrni – yangi O‘zbekiston davrini boshlab berdi.
Bugun yurtimizda tarixan qisqa fursatda butunlay yangicha siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-ma’rifiy va madaniy muhit paydo bo‘ldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi va nufuzli reyting agentliklari tahlillariga ko‘ra, hozirgi qiyin va murakkab sharoitda O‘zbekiston jahonning sanoqli mamlakatlari qatorida moliyaviy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, ishlab chiqarish tarmoqlarini tiklash va iqtisodiy faollikni oshirishga erishib kelmoqda.
Mana, yaqinda Amerika Qo‘shma Shtatlarining “J.P.Morgan” investitsiya banki tomonidan e’lon qilingan “O‘zbekiston: yuksalish yo‘li” nomli tahliliy hisobotda ham ayni shu fikrlar bayon etilgan.
Shu o‘rinda iqtisodiyotimizdagi tarkibiy islohotlar va asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar haqida ayrim ma’lumotlarni keltirib o‘tishni zarur, deb bilaman.
2017-2020-yillarda mamlakatimizning iqtisodiy o‘sish darajasi 18,3 foizni tashkil etib, yalpi ichki mahsulot 60 milliard dollarga yetdi. Bu haqda gapirganda, tashqi savdo aylanmasi 2016-yildagi 24 milliard dollardan 2020-yilda 36 milliard dollarga ko‘payganini ta’kidlash lozim. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 369 trillion so‘mni tashkil qilib, 2016-yilga nisbatan 23,4 foizga o‘sdi. Natijada sanoat mahsulotlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 19,5 foizdan 27,4 foizga ko‘tarildi.
Iqtisodiy sohani, jumladan, bojxona tartiblarini liberallashtirish tufayli 2020 yilda eksport hajmi 15,1 milliard dollarni tashkil qilib, 2016 yilga nisbatan 25 foizga o‘sdi.
Islohotlarimiz samarasining turli xalqaro reytinglarda tan olinishi mamlakatimiz uchun xalqaro moliya bozorlariga chiqish imkoniyatini yaratdi. Jumladan, joriy yilda 635 million dollarlik va 2,5 trillion so‘mlik davlat yevroobligatsiyalari, Ipoteka bankining 785 milliard so‘mlik va “O‘zavtomotors” aksiyadorlik jamiyatining 300 million dollarlik korporativ obligatsiyalari chet el investorlariga sotildi.
Sarmoyadorlarning mamlakatimiz iqtisodiyotiga bo‘lgan ishonchini keskin oshirishga muvaffaq bo‘ldik. Investitsiyalarning umumiy hajmi qisqa muddatda 2,1 martaga, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar hajmi 3 barobarga yaqin o‘sgani ham buning isbotidir.
O‘tgan uch yil mobaynida soliq sohasida yangi tizim joriy etildi. Soliqlar soni sezilarli darajada kamaytirildi, aylanma mablag‘dan olinadigan soliqlar bekor qilindi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirilib, ushbu soliq zanjirining yaxlit tizimi yaratildi.
2017-2020-yillarda banklarimiz kapitalini 5,7 barobar yoki 5 milliard dollargacha oshirishga erishdik.
Elektroenergetika, neft-gaz, kommunal sohalarda amalga oshirilgan tarkibiy o‘zgarishlar natijasida davlat boshqaruvi va xo‘jalik funksiyalari bir-biridan ajratildi, raqobat muhitini yaratish uchun muhim qadamlar tashlandi.
Ayni paytda yangi-yangi infratuzilma tarmoqlari barpo etildi. Minglab kilometr uzunlikdagi yangi yo‘llar, elektr va gaz tarmoqlari qurildi va ta’mirlandi.
Jamoat transporti izchil rivojlanmoqda. Jumladan, Toshkent shahrida 2 ta yangi metro stansiyasi hamda qariyb 12 kilometrlik yer usti metro liniyasi foydalanishga topshirildi.
“Sergeli” yo‘nalishi bo‘yicha 6,2 kilometrlik qurilish ishlari yakunlandi.
Ayni paytda O‘zbekistonda ko‘plab yirik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlash joiz. Shular qatorida yaqinda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining qiymati 2 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan 3-mis boyitish fabrikasi qurilishiga tamal toshi qo‘yilganidan barchangiz xabardorsiz.
Kuni kecha Navoiy viloyatining Karmana tumanida 110 million dollar investitsiya hisobidan ishga tushirilgan quyosh elektr stansiyasi O‘zbekiston energetika tizimida birinchi ulkan qadam bo‘ldi.
Ayni paytda “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida ikkita yangi zavod – azot kislotasi hamda ammiak va karbamid ishlab chiqarish korxonalari ishga tushirildi. Umumiy qiymati 1,5 milliard dollar bo‘lgan ushbu loyihalar evaziga “Navoiyazot”da mahsulot ishlab chiqarish hajmi 3 barobarga oshadi.
Bunday muhim voqealar milliy sanoatimiz tarixida yangi davr boshlanayotganidan dalolat beradi.
Yurtimizda kichik va xususiy biznes sub’ektlari ikki barobar ko‘payib, sohada 1 million 400 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Bu korxonalarning yarmidan ko‘prog‘i keyingi uch yilda tashkil etilgani alohida ahamiyatga ega.
Tadbirkorlik faoliyatini erkinlashtirish maqsadida 16 ta qonun, 100 dan ziyod qaror qabul qilindi. O‘tgan bir yil davomida litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartibi soddalashtirildi hamda ularni berish muddatlari qisqartirildi. Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish maqsadida barcha tekshiruvlar uchun moratoriy e’lon qilindi.
Shuningdek, o‘zini o‘zi ish bilan band qilgan aholi uchun qulay sharoit yaratish natijasida bir yilda 500 ming nafar fuqaro ro‘yxatdan o‘tib, faoliyatini qonuniy asosda yo‘lga qo‘ydi.
Tadbirkorlik sohasidagi mana shunday yondashuv natijasida Jahon bankining “Biznesni yuritish” xalqaro reytingida O‘zbekiston besh yil ichida 141-o‘rindan 69-o‘ringa ko‘tarildi. Albatta, bu jiddiy ko‘rsatkich, ammo u hali bizni qoniqtirmaydi. Shuning uchun biz ushbu yo‘nalishdagi ishlarimizni izchil davom ettiramiz.
Xabaringiz bor, yaqinda tadbirkorlar bilan yangi formatdagi uchrashuv o‘tkazdik. Unda mamlakatimiz bo‘yicha 10 mingdan ziyod ishbilarmonlar qatnashdi. Ochiq muloqotga tayyorgarlik doirasida 15 mingdan ortiq taklif va tashabbuslar atroflicha o‘rganilib, tadbirkorlar ko‘targan masalalar bo‘yicha amaliy choralar belgilandi.
Biz milliy iqtisodiyotimizda haqiqiy bozor munosabatlarini joriy etish, shu asosda mamlakatimizni taraqqiy ettirish uchun tadbirkorlarga bundan buyon ham barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Nega deganda, tadbirkor – iqtisodiyotning, islohotlarimizning asosiy tayanchi va lokomotividir.
Mana shu haqiqatni hech kim unutmasligi kerak.
Bugungi kunda zamonaviy iqtisodiyotning eng istiqbolli sohasi bo‘lgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mamlakatimizda keng joriy etilmoqda. Shu maqsadda o‘nlab IT-parklar, kichik sanoat zonalari, soha uchun mutaxassislar tayyorlaydigan o‘quv maskanlari, iqtidorli kompyuter dasturchilari uchun maxsus loyihalar tashkil etilmoqda.
Aholimizning katta qismi yashaydigan qishloq joylarini rivojlantirish va obod qilish, agrar sohaning samaradorligi va raqobatdoshligini oshirish, tarmoqda yangi ish o‘rinlari yaratish masalasi doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda.
Biz qishloq xo‘jaligida narxlar shakllanishiga davlat aralashuvini bekor qildik, paxta va g‘alla yetishtirishda davlat buyurtmasi tugatildi. 122 ta paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyati yo‘lga qo‘yilib, yuqori hosil olishga erishildi. Qishloq xo‘jaligini moliyalash tizimi qayta ko‘rib chiqilmoqda.
Biz hududlarni tarmoqlar bilan birga kompleks rivojlantirish bo‘yicha yangi tizimni joriy etdik. Buning natijasida hududlarning moliyaviy imkoniyatlari kengayib, 2021 yilning o‘zida mahalliy dasturlar uchun qo‘shimcha 3 trillion so‘m mablag‘ shakllantirish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Bugun ishonch bilan ayta olamizki, O‘zbekiston uchun global inqirozning og‘ir damlari ortda qolmoqda.
Iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanish sur’atini aholining real yalpi daromadi 2016-yilga nisbatan 28 foizga o‘sganida ham ko‘rish mumkin.
Hozirgi kunda nominal hisoblangan o‘rtacha oylik ish haqi 2,7 million so‘mni tashkil qilib, 2016-yilga nisbatan 2,1 barobarga oshirildi.
Mana, yaqinda qabul qilingan Farmonga binoan, mamlakatimizda 1-sentabrdan ish haqi, pensiyalar, stipendiya va nafaqalar miqdorini yana oshirdik.
Biz bundan buyon ham aholimizning daromadi va turmush darajasini muntazam yaxshilab borishga jiddiy ahamiyat qaratamiz.
Yurtimizda ijtimoiy muammolarni hal etishning o‘ziga xos yangi tizimi yaratilganidan barchangiz yaxshi xabardorsiz. “Temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “mehr daftari”, “mahallabay” ishlash usullari aynan shu maqsadda joriy etilmoqda.
Islohotlar doirasida qabul qilingan yirik dasturlar jamiyatimizda ijtimoiy muhitni yaxshilash va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Birgina “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini oladigan bo‘lsak, joriy yilning o‘zida jami 8 mingga yaqin qishloq va mahallada umumiy qiymati 20 trillion so‘mlik qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilayotgani, o‘ylaymanki, ko‘p narsadan dalolat beradi.
Bu ishlarning barchasi “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” degan ezgu da’vat asosida amalga oshirilmoqda.
Aholini uy-joy bilan ta’minlash masalasi ham biz uchun ustuvor vazifa bo‘lib kelmoqda. 2017-2020-yillar davomida 140 mingdan ziyod arzon va sifatli uy-joylar bunyod etildi. Ushbu ko‘rsatkich 2016-yilga nisbatan qariyb 11 barobar oshdi. Respublikamizda ipoteka tizimi izchil rivojlanmoqda.
Shuni ta’kidlash zarurki, yurtimizda ilgari hech qachon bunday katta ko‘lamdagi qurilish ishlari amalga oshirilmagan.
Og‘ir turmush sharoitida yashayotgan oilalarning uy-joy bo‘yicha boshlang‘ich badallari davlat byudjeti hisobidan to‘lab berilmoqda. Bu yo‘nalishdagi ishlarimiz davom ettiriladi, shu yilning o‘zida yana 50 mingga yaqin oila uy-joy bilan ta’minlanadi.
Qadrli do‘stlar!
Davlat va jamiyat taraqqiyoti, xalq farovonligini ta’minlashda sog‘liqni saqlash, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, madaniyat va san’at, sport sohalari hal qiluvchi o‘rin tutishini hammamiz yaxshi tushunamiz.
Bugungi kunda yurtimizda tibbiyot sohasi, uning faoliyat mazmuni tubdan o‘zgarmoqda, desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Avvalo, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning sifati va samaradorligi, sog‘lom turmush tarzi yangi bosqichga ko‘tarildi. Ko‘p tarmoqli poliklinika va kasalxonalarning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda.
Tez tibbiy yordam tizimi zamon talablari asosida qayta tashkil etilib, moliyaviy ta’minoti kuchaytirildi.
2016-yilda mavjud bo‘lgan 800 ta “Tez yordam” shoxobchasining soni bugunga kelib 1 ming 666 taga yetkazildi. Tez tibbiy yordam brigadalari soni esa 1 ming 648 tadan 2 ming 685 taga ko‘paytirildi.
Ma’lumki, ilgari ko‘plab yurtdoshlarimiz murakkab tibbiy operatsiyalarni o‘tkazish uchun chet ellarga borishga majbur edi. Keyingi yillarda tibbiyot sohasini rivojlantirishga oid islohotlar natijasida bunday amaliyotlar endi o‘zimizda ham muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Respublikamiz aholisiga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatayotgan markazlar soni 2016 yilda 10 tani, ularning hududiy filiallari esa atigi 2 tani tashkil etardi. Bugungi kunda bunday markazlarning soni 20 taga yetkazildi, joylarda esa 124 ta filial faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu ishni davom ettirib, joriy yilda yana qo‘shimcha 48 ta hududiy filial tashkil etiladi.
Hammangiz ko‘rib turibsiz, sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni o‘z vaqtida boshlab, to‘g‘ri yo‘l tanlaganimiz uchun kutilmagan pandemiya qarshisida sarosimaga tushib qolmadik. Xalqimizning sog‘lig‘i va hayotini asrash maqsadida zudlik bilan barcha tadbirlarni ishlab chiqdik. Jumladan, koronavirusga qarshi kurashish uchun maxsus tibbiy markazlar tashkil etildi. Dori-darmon va himoya vositalarining zaxirasi shakllantirildi.
Hududlarda ishga tushirilgan 60 ta kislorod stansiyasi tegishli shifoxonalarni kislorod bilan uzluksiz ta’minlashga xizmat qilmoqda. Mamlakatimizda vaksina ishlab chiqarish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi.
2021-yil uchun davlat byudjetida 3 trillion so‘m zaxira shakllantirilib, aholi sog‘lig‘ini saqlash va koronavirusga qarshi emlash choralarini ko‘ryapmiz.
Xalqimizni tezkor va samarador, sifatli tibbiy yordam bilan ta’minlashga qaratilgan islohotlar izchil davom ettiriladi.
Aziz vatandoshlar!
Atoqli ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan hikmatli so‘zlarini men qayta-qayta takrorlashdan charchamayman.
Keyingi yillarda masalaga mana shunday yondashuv bizning ushbu sohadagi faoliyatimiz mezoniga aylandi. Chindan ham, agar biz ta’limni o‘zgartirsak, ta’lim insonni o‘zgartiradi. Inson o‘zgarsa – butun jamiyatimiz o‘zgaradi.
Shu bois biz uzluksiz ta’limni takomillashtirish, farzandlarimizni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalash, yuqori malakali pedagog kadrlar tayyorlashni tubdan yaxshilashga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz.
Ta’lim-tarbiyaning boshlang‘ich bo‘g‘ini bo‘lgan maktabgacha ta’lim tizimidagi o‘zgarishlardan hammangiz yaxshi xabardorsiz. Sohada yagona davlat siyosatini yuritish maqsadida Maktabgacha ta’lim vazirligini tashkil etdik.
2017-yili yurtimizda 5 ming 211 ta bog‘cha faoliyat yuritgan bo‘lsa, joriy yilda bu raqam – tasavvur qiling – 19 ming 316 taga yetdi. Davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari hamda oilaviy bog‘chalarning joriy etilishi, bir qator imtiyozlar berilishi tufayli 13 mingdan ziyod nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu islohotlar natijasida biz maktabgacha ta’limga qamrov darajasini 62 foizga, 6 yoshdagi bolalar o‘rtasida esa 77 foizga yetkazishga erishdik.
Yangi turdagi ta’lim maskanlari, xususan, Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Birgina 2020-yilni oladigan bo‘lsak, yurtimizda matematika fani bo‘yicha 56 ta, kimyo-biologiya fani bo‘yicha 28 ta, informatika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha 14 ta ana shunday maktablar tashkil etildi.
Ta’lim sohasida yangicha yondashuvlar faol joriy etilmoqda. O‘zingiz ayting, bundan to‘rt-besh yil oldin respublikamizda xususiy maktab yoki bog‘cha bo‘lishini tasavvur qilish mumkinmidi?
Biz bu sohada jahon tajribasini o‘rganib, yangi tartib-qoidalarni, zamonaviy ta’lim usullarini joriy etmoqdamiz. Jumladan, xususiy maktab ochish uchun litsenziya olish tartibi soddalashtirildi. Nodavlat ta’lim maskanlari davlat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotgani tufayli hozirgi vaqtda ularning soni 195 taga yetdi.
Bularning barchasi o‘z ijobiy natijasini bermoqda. Buni 2017-2020-yillarda o‘quvchilarimiz nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida 30 ta medalni qo‘lga kiritgani misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Yoshlarni talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish uchun o‘tgan o‘quv yilida 339 ta kasb-hunar maktabi, 194 ta kollej va 195 ta texnikum faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunda islohotlarimiz talabi, hayotning o‘zi oliy ta’lim sohasini jadal rivojlantirishni taqozo etmoqda. Shu bois yurtimizda so‘nggi 5 yilda 64 ta yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkazildi. Qabul kvotasi 3 barobar oshirildi.
Endilikda bitiruvchi yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2016 yilgi 9 foizdan – shunga e’tibor bering – 28 foizga yetkazildi. Yaqin kelgusida ushbu ko‘rsatkichni 50-60 foizga yetkazish mo‘ljallanmoqda.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, avvalambor, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash doimiy e’tiborimiz markazida turibdi. Shu maqsadda joriy yilda nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun – 3 ming 155 ta, “Mehribonlik” uylari va Bolalar shaharchalari bitiruvchilari uchun – 1 ming 580 ta, kam ta’minlangan oilalarga mansub xotin-qizlar uchun – 2 mingta qo‘shimcha qabul kvotalari davlat granti sifatida ajratildi.
Bugungi kunda yangicha va mustaqil fikrlaydigan, mas’uliyatli, tashabbuskor, vatanparvar yoshlarimiz jahon maydonlarida turli soha va yo‘nalishlarda yuksak marralarni egallamoqda.
Mana, yaqinda Yaponiyada bo‘lib o‘tgan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida mohir sportchilarimiz g‘olib va sovrindor bo‘lib, barchamizni quvontirdilar.
Ayni kunlarda Tokioda yozgi Paralimpiya o‘yinlari qizg‘in davom etmoqda. Unda ishtirok etayotgan O‘zbekiston jamoasi a’zolari bugungi kunga qadar 5 ta oltin, 4 ta kumush, 6 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, o‘zlarining tengsiz matonatini namoyon etmoqdalar.
Yurtimiz sharafini munosib himoya qilayotgan mana shu jasoratli o‘g‘il-qizlarimizga yangi muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilaymiz.
Hurmatli do‘stlar!
Bugun mustaqilligimizning birinchi yilida tug‘ilgan bolalar o‘ttiz yoshga – ayni kamolot yoshiga yetdi. Men mana shu navqiron yoshlarimizga, aziz o‘g‘il-qizlarimga murojaat qilib aytmoqchiman.
Siz istiqlol farzandlari, ozod va erkin, hur fikrli insonlar sifatida hayotga dadil kirib kelayotganingiz biz uchun eng katta baxt, katta davlatdir.
Men ishonaman, sizlar zamonaviy bilim va taraqqiyot cho‘qqilarini puxta egallab, biz boshlagan ishlarni munosib davom ettirasiz.
Yuksak g‘ayrat-shijoatingiz va fidokorona mehnatingiz bilan yurtimizda Yangi O‘zbekistonni – Uchinchi Renessansni bunyod etishga albatta qodir bo‘lasiz.
Hech qachon bo‘sh kelmang, aziz farzandlarim! Sizlarga hamisha baxt va omad yor bo‘lsin!
Muhtaram vatandoshlar!
Hammangiz guvohi bo‘lib turibsiz, so‘nggi yillarda biz “Xalq va armiya – bir tanu bir jon” degan ezgu tamoyil asosida Qurolli Kuchlarimizni yanada takomillashtirish, davlatimizning mudofaa salohiyatini oshirish bo‘yicha muhim islohotlarni amalga oshirdik. Milliy gvardiya, Davlat mudofaa sanoati qo‘mitasi tuzildi.
Sohada zamonaviy kadrlarni tayyorlash, harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan ta’minlash, ularning oila a’zolarini, harbiy pensionerlarni qo‘llab-quvvatlashga doimiy e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda milliy armiyamizning tezkor va ixcham, har qanday tahdidlarga munosib zarba berishga qodir jangovar kuchga aylanib borayotgani bizning eng katta yutug‘imizdir.
Albatta, armiya faqat qurol va aslaha bilangina kuchli hisoblanmaydi. Armiya avvalo ona Vatan uchun jonini ham ayamaydigan harbiylar – askar va serjantlar, ofitser va generallar bilan qudratlidir.
Bugun Qurolli Kuchlarimiz safida Vatan himoyachisi bo‘lishni o‘z hayotining ma’no-mazmuni deb bilgan haqiqiy bahodir, mardi maydon farzandlarimiz xizmat qilmoqda. Ular Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Bobur Mirzo kabi buyuk bobolarimizning jangovar mahoratini sharaf bilan davom ettirmoqda.
Har qanday sharoitda ham o‘z burchini vijdonan bajarishga qasamyod qilgan mard va jasur posbonlarimizning fidokorona xizmatlari va jasoratini barchamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.
O‘z hayotini Vatan himoyasidek muqaddas va mas’uliyatli ishga bag‘ishlagan va buni har kuni, har daqiqada amalda isbotlayotgan ona yurt qalqonlari bizning faxrimiz va g‘ururimizdir.
Mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash maqsadida davlat, jamiyat va shaxs xavfsizligini ta’minlash tizimi tubdan isloh qilinmoqda. Buning uchun eng quyi tizim – profilaktika inspektorlari tizimi zamonaviy tuzilma sifatida shakllantirildi. Ular endilikda mahalla idoralari bilan yaqin hamkorlikda faoliyat olib bormoqda.
Bugungi kunda 2017-yilga nisbatan jinoyatlar soni 12 mingga kamaygani, joriy yilning olti oyi yakuniga ko‘ra esa, mavjud 9 ming 251 ta mahalladan qariyb 50 foizida bironta ham jinoyatga yo‘l qo‘yilmaganini alohida ta’kidlash lozim. Bu albatta islohotlarimizning ijobiy samarasidan dalolat beradi va bu ishlarimizni izchil davom ettirishni taqozo etadi.
Qadrli tantana ishtirokchilari!
Mamlakatimiz yangilanish davriga qadam qo‘ygan birinchi kunlardan boshlab biz ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosat yuritib kelayotganimiz sizlarga yaxshi ma’lum.
O‘tgan qisqa davrda Vatanimizning mintaqa va jahon miqyosidagi siyosiy o‘rni va nufuzi keskin oshdi. Dunyoda O‘zbekistonga nisbatan ishonch ruhi va hamkorlikka intilish tamoyillari kuchaydi.
Avvalo, mintaqamizdagi davlatlar bilan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari yo‘lga qo‘yildi. Chegaralar ochildi, odamlar qavmu qarindoshlari bilan aloqalarini tiklab, bir mamlakatdan ikkinchi davlatga emin-erkin borib kela boshladi.
Jahon siyosatshunosligida “Markaziy Osiyo ruhi” degan ibora paydo bo‘ldi. Xalqaro maydonda mintaqa nomidan yangi tashabbuslar ilgari surila boshlandi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini o‘tkazish yaxshi an’anaga aylandi. Yaqinda Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan navbatdagi maslahat kengashida hamkorlikning yangi, istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi.
So‘nggi kunlarda yon qo‘shnimiz Afg‘onistonda yuz berayotgan voqealarni hammamiz tashvish bilan kuzatib turibmiz. Biz bu mamlakatda tezroq tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi tarafdorimiz.
Afg‘oniston Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashda ko‘prik vazifasini bajara olishiga ishonamiz.
Afg‘oniston bilan aloqalarimizda do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini qo‘llab-quvvatlash hamda ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillariga sodiq qolamiz.
Ushbu mamlakatda hokimiyat tranziti xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlarini inobatga olgan holda, milliy kelishuv asosida tinch yo‘l bilan amalga oshirilishi o‘ta muhim, deb hisoblaymiz.
O‘tgan davrda Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa mamlakatlar bilan samarali bitim va kelishuvlarga erishdik. Amerika Qo‘shma Shtatlari va G‘arb davlatlari bilan pragmatik hamkorlik sari yangi qadamlar tashlandi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi kabi xalqaro tuzilmalar bilan aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichda davom ettirilmoqda. 2019 yilda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga to‘la huquqli a’zo bo‘ldik. Bu mamlakatimiz uchun xalqaro maydonda yangi iqtisodiy, siyosiy va madaniy imkoniyatlar ochib berdi.
O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan kuzatuvchi davlat maqomida qisqa davrda samarali aloqalarni yo‘lga qo‘yishga erishdi. 2020-yilda mamlakatimiz ilk bor Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida raislik qildi. Bu davr pandemiya sharoitida o‘tganiga qaramasdan, O‘zbekistonning bu boradagi faoliyati muvaffaqiyatli tashkil etildi va yuqori baholandi.
Bu yil Shanxay hamkorlik tashkiloti raisligini qabul qilib olamiz va uning kelgusi yili o‘tadigan Sammitiga puxta tayyorgarlik ko‘rayapmiz.
Iqtisodiy diplomatiya vositalaridan samarali foydalanish respublika eksporti va investitsiyalar oqimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Chet ellardagi vatandoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashga, ular bilan samarali hamkorlik qilishga katta e’tibor berilmoqda. Ular respublikamizdagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga jalb qilinmoqda. Yaqinda ana shunday muhim vazifalar bilan bevosita shug‘ullanadigan “Vatandoshlar” jamoat fondini tashkil etganimizdan barchangiz xabardorsiz.
Ayni paytda uzoq-yaqindagi barcha taraqqiyparvar mamlakatlar bilan o‘zaro do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash bizning ustuvor maqsadimiz bo‘lib qoladi.
Bugungi quvonchli kunda biz bilan davramizda o‘tirgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, xalqaro tashkilotlar vakillariga, chet ellik sheriklarimizga, O‘zbekistonning barcha do‘stlariga tinchlik va ravnaq tilaymiz. Xususan, tantanamizda ishtirok etayotgan Fransiya Senatining hurmatli vakillariga chuqur ehtiromimizni bildiramiz.
Hurmatli yurtdoshlar!
Hammangizga yaxshi ma’lumki, shu yil 24-oktabr kuni mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi.
So‘nggi besh yil mobaynida mamlakatimiz milliy saylov qonunchiligida jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Nufuzli xalqaro ekspertlar ta’kidlaganidek, yangi O‘zbekistonda saylov qonunchiligini izchil takomillashtirish hamda saylovlarni o‘tkazish amaliyoti sifat jihatidan yangi pog‘onaga ko‘tarildi.
Bu galgi Prezident saylovlari ilk bor 2019-yilning 25-iyunida qabul qilingan Saylov kodeksi asosida bo‘lib o‘tadi.
Bu saylov barchamiz uchun O‘zbekistonning kelgusi taraqqiyoti qanday yo‘ldan boradi, farzandlarimiz, oilamiz, mamlakatimiz kelajagini qanday barpo etamiz, degan hal qiluvchi savollarga javob beradigan g‘oyat muhim siyosiy tadbirdir. Shuning uchun ushbu siyosiy jarayonga ko‘pmillatli xalqimiz ham, jahon hamjamiyati ham katta qiziqish va e’tibor bilan qaramoqda.
Saylovda dunyoning 50 ga yaqin mamlakati hamda o‘nlab xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etishi kutilmoqda.
Shu ma’noda, bo‘lg‘usi saylovlar yuksak demokratik mezonlar asosida o‘tadi hamda yangi O‘zbekiston xalqining o‘sib borayotgan siyosiy tafakkurini, ijtimoiy faolligi va madaniy saviyasini yaqqol namoyon etadi, deb ishonaman.
Aziz va muhtaram vatandoshlarim!
Biz keyingi yillarda belimizni mahkam bog‘lab, milliy manfaatlarimizni ta’minlash, xalqimizni rozi qilish yo‘lida sidqidildan mehnat qilib, g‘oyat muhim natijalarni qo‘lga kiritmoqdamiz.
Eng asosiy natija – boshlagan islohotlarimiz ortga qaytmaydigan muqarrar tus olganida, bugungi jamiyatimizning ma’naviy uyg‘onishida namoyon bo‘lmoqda.
Ma’naviy uyg‘oq jamiyatni, o‘z oldiga ulkan vazifalar qo‘yib, kelajak sari ishonch bilan borayotgan xalqni hech kim o‘z yo‘lidan to‘xtata olmaydi. Bunday xalqni Yaratganimiz ham qo‘llab-quvvatlaydi, doimo yo‘lini ochib beradi.
Bugun million-million vatandoshlarimizning ongu tafakkuri o‘zgarib, ular islohotlar jarayoniga o‘zini bevosita daxldor deb bilmoqda, bu o‘zgarishlarning faol ishtirokchisiga aylanmoqda.
Bugun biz yagona xalq, yagona millat bo‘lib, ko‘zlagan yuksak maqsadlarimiz sari dadil bormoqdamiz. Vujudimizda, qonimizda ajdodlarimizdan meros buyuk qudrat jo‘sh urayotgan ekan, biz ezgu orzu va maqsadimiz bo‘lmish yangi O‘zbekistonni albatta bunyod etamiz. O‘zbekiston har tomonlama obod va farovon, erkin demokratik mamlakatga aylanadi.
Men siz, azizlarni, millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha yurtdoshlarimizni ana shunday ulug‘ va sharafli safda – yangi O‘zbekiston bunyodkorlari safida ko‘rib turganimdan baxtiyorman.
Oradan hali qancha yillar, asrlar o‘tadi. Yurtimizda yangi-yangi avlodlar dunyoga keladi. Milliy davlatchiligimizni tiklab, bizga taraqqiyot va farovonlikka erishish yo‘lida mana shunday beqiyos imkoniyatlarni yaratib bergan istiqlolimiz jonajon Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin, o‘chmas sahifa bo‘lib qoladi.
Fursatdan foydalanib, siz qadrdonlarimni, mo‘’tabar nuroniylarimiz, mehribon opa-singillarimiz, azmu shijoatli yoshlarimizni, butun xalqimizni Mustaqillik bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Mana shu muborak ayyomda barcha yutuqlarimizning bunyodkori bo‘lgan mehnatkash, mard va saxovatli, bag‘rikeng va olijanob xalqimizga farzandlik mehri bilan ta’zim qilaman.
Barchamizni oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazgan ona xalqimiz doimo omon bo‘lsin!
Yurtimizda yashayotgan har bir oila, har bir inson ezgu maqsadlariga yetsin!
Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
E’tiboringiz uchun rahmat.