Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi
2021-yil 25-avgust kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Komissiya Raisi Z.Nizamxodjayev olib bordi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishining oldini olish, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari huzurida saylov uchastkalarini tuzish, ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish hamda D.A.Xidoyatovni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi etib ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.
Markaziy saylov komissiyasi a’zolari majlis kun tartibidagi birinchi masala – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishining oldini olish bo‘yicha Yo‘riqnomani tasdiqlash masalasini ko‘rib chiqdilar.
Yo‘riqnomada saylov okruglari va uchastkalarida, ovoz berish xonalarida saylov komissiyasi a’zolari, saylovchilar, kuzatuvchilar va OAV vakillari uchun karantin qoidalariga rioya qilish talablari aks ettirilgan.
Qayd etilganidek, okrug va uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarning kirish qismida va ovoz berish xonasida ijtimoiy masofani saqlash uchun 1,5–2 metr oraliq masofani belgilovchi hamda harakatlanish yo‘nalishini ko‘rsatuvchi chiziqlar bo‘lishi lozim.
Okrug va uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarga kamida bir nafar tibbiyot xodimi biriktiriladi. Saylov okrugi hududida epidemiologik vaziyatning kunlik tahlili Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hududiy boshqarmalari tomonidan olib boriladi.
Majlisda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari huzurida saylov uchastkalarini tuzish to‘g‘risidagi qaror loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, Saylov kodeksining 10, 14 va 16-moddalariga muvofiq hamda Tashqi ishlar vazirligining O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov uchastkalarini tuzish haqidagi taqdimnomasiga asosan mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari huzurida 54 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov uchastkalari tuziladi.
Shuningdek, majlisda ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi MSK qaroriga muvofiq 9 nafar mahalliy OAV vakili ro‘yxatdan o‘tkazildi. Qayd etish joiz, shu kunga qadar akkreditasiyadan o‘tkazilgan mahalliy OAV vakillari soni 757 nafar, xorijiy OAV vakillari soni 48 nafarni tashkil etmoqda.
Kun tartibiga kiritilgan navbatdagi masala yuzasidan Komissiya a’zolari tomonidan Toshkent viloyati davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining bo‘shab qolgan o‘ringa O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zosi saylovi bo‘yicha 2021 yil 24 avgust kuni o‘tkazilgan qo‘shma majlisi bayonnomasiga asosan Davron Abdulpattaxovich Xidoyatov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zosi etib ro‘yxatga olindi.
Majlis so‘ngida kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.