O'zbekiston Respublikasining
Rossiya Federatsiyasidagi Elchixonasi

O`zbekiston va xalqaro xavfsizlik masalalari

O‘zbekiston Respublikasining BMTning Narkotik va jinoyatchilikka qarshi kurash tashkiloti (UNODC) bilan o‘zaro hamkorlik munosabatlari

Xalqaro konvensiya va BMTning rezolyutsiyalariga binoan, BMTning Narkotik va jinoyatchilikka qarshi kurash tashkilotining asosiy maqsadlari bu – a’zo davlatlarda narkotik moddalarni nazorat qilish, transmilliy jinoyatlar va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi konvensiyalarning bajarilishiga ko‘maklashish, shuningdek jinoiy sud jarayonlarini isloh qilish, terrorizm va odam savdosi kabi illatlarni oldini olishdan iborat.

BMTning Narkotik va jinoyatchilikka qarshi kurash tashkilotining mintaqaviy vakolatxonasi Markaziy Osiyo davlatlariga noqonuniy giyohvand moddalarining savdosi va iste’molini kamaytirish, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash, shuningdek terrorizmga aloqador jinoyatlarga jazo berish va terrorizm haqida ogohlikka chaqirish sohasida ko‘maklashib kelmoqda. Ushbu tashkilotning mintaqaviy vakolatxonasi Toshkent shahrida joylashgan bo‘lib, uning mintaqaviy ofislari Bishkek (Qirg’iziston), Dushanbe (Tojikiston), Ashxobod (Turkmaniston), Ostona va Olma-Ota (Qozog’iston), shuningdek Boku (Ozarbayjon) shaharlarida ham mavjuddir.

O‘zbekiston o‘zining 30 millionlik aholisi bilan Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynab kelmoqda. BMTning Narkotik va jinoyatchilikka qarshi kurash tashkilotining mintaqaviy vakolatxonasi noqonuniy giyohvand moddalar aylanishi, jinoyatchilik, giyohvand moddalar savdosi, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashga yo’naltirilgan loyihalarni amalga oshirish yo’li bilan aholi, ayniqsa yoshlar salomatligini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash bo’yicha masalalarni hal etishda O‘zbekistonda 1993-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda.

Hozirgi kunda ushbu tashkilot bilan hamkorlikda quyidagi qo‘shma loyihalar amalga oshirilib kelinmoqda:

1.“Giyohvand vositalar, psixotrop moddalar va ularning prekursorlarining qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishiga qarshi kurashish bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot muvofiqlashtirish markazi (CARICC)ni tashkil etish” Mintaqaviy loyihasi (loyihaning umumiy qiymati – 15,4 mln. AQSh doll.). Loyiha doirasida CARICC ni tashkil etish bo’yicha shartnomaning ishtirokchi-davlatlari milliy koordinatorlari Kengashining bir qancha yig’ilishlari o’tkazilib, faoliyatning dolzarb masalalari ko’rib chiqildi, yaqin 2 yildagi faoliyatning eng asosiy yo’nalishlari belgilab olindi.

2. “Treatment II – narkotik moddalarga qaramlikni oldini olish va uning sog‘liq uchun salbiy oqibatlari” Mintaqaviy loyihasi (loyihaning umumiy qiymati – 1 mln. 490 ming AQSh doll.). Sog‘likni saqlash, Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirliklarining 7 ta mutahassislari loyiha doirasida 2009-yil 24-avgustdan 17-sentabrgacha Toshkent shahrida o’tkazilgan mintaqaviy treninglarda o‘qitildi. 2010-2011 yillarda loyihani amalga oshirish dasturiga muvofiq o‘qitish treninglari tashkillashtirildi.

3. “Oilaviy hayot ko‘nikmalarini shakllantirish dasturi vositasida yoshlar o‘rtasida psixoaktiv moddalarning noqonuniy iste’mol qilinishi, OIV/OITS va jinoyatchilikni oldini olish” Mintaqaviy loyihasi. O‘zbekiston ushbu loyihada 2017-yilga qadar ishtirok etadi. Hozirgi kunda ushbu loyiha doirasida Toshkent shahri va respublikaning uch viloyatida maktab yoshigacha bo‘lgan bolalar uchun “Oila va maktab birgalikda” dasturi amalga oshirilmoqda.

4. “Chegara punktlarini mustahkamlash orqali Afg‘onistonning shimoliy marshrutlari orqali o‘tuvchi noqonuniy opiatlarning aylanishiga qarshi kurashish” Mintaqaviy loyihasi (loyihaning umumiy qiymati – 1,3 mln. AQSh doll.).

O’zbekiston Respublikasiga kiruvchi va tranzit orqali MDH mamlakatlari o’tuvchi shaxslar va transport vositalarining asosiy oqimi o’zbek-tojik chegarasidagi «Oybek-avtoyo’l» o’tkazuv punkti orqali amalga oshirilishi hisobga olingan holda, asosiy tehnik hamkorlik oqimi ushbu nazorat-o’tkazuv punktiga yo’naltirilgan.

Bundan tashqari, 2011-yilda noqonuniy giyohvand moddalarga qarshi kurash sohasida yuqori natijalarga erishish bo’yicha mintaqa davlatlari uchun kompleks tavsiyaviy hujjat hisoblangan 2011-2015-yillar uchun mo‘ljallangan Afg‘oniston va unga qo‘shni davlatlarda narkotik moddalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashdagi xatti-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash mintaqaviy dasturi yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu dasturning asosiy maqsadlaridan biri mintaqa mamlakatlarining narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishdagi salohiyatini kuchaytirish, shuningdek xalqaro operatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun mahsus manbalar ajratishdan iborat.

Mazkur dastur loyihasining umumiy qiymati 60 mln. AQSh dollarini tashkil qiladi. Asosiy donor-mamlakatlar Yaponiya, Rossiya, Shvetsiya, Norvegiya va Italiya hisoblanadi. Dastur ishtirokchilari : Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Eron, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston.

5. “BMTning Narkotik va jinoyatchilikka qarshi kurash tashkiloti (UNODC) va Butunjahon bojxona tashkilotining konteyner tashilmalarini nazorat qilish bo‘yish global dasturi”. Konteyner tashilmalarini nazorat qilish bo‘yicha global dastur (GPCT) 2004-yilda BMTning Narkotik va jinoyatchilikka qarshi kurash tashkiloti (UNODC) va Butunjahon bojxona tashkiloti tomonidan bojxona va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini birlashtirish orqali bu kabi jinoyatchilik faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida ishlab chiqilgan.

GPCTning o‘n yillik amalda bo‘lish davrida katta yutuqlarga erishildi. Faqatgina 2013-yilda 23 tonna kokain, 6 tonna kannabis, 1,2 tonna geroin, 60 tonna tramadola va 725 kg miqdorda fil suyaklari ushlab qolindi. 119 ta konteynerda kontrafakt mahsulotlar aniqlandi. O‘zining amaliyotga tadbiq etilishidan so‘ng GPCT port nazorati bo‘yicha 30 dan ortiq tezkor bo‘linmalarni tashkil qildi, bu esa, o‘z navbatida, narkotik va boshqa taqiqlangan mahsulotlarning, xususan, 100 tonna kokain, 3 mln tonna geroin, 60 tonna kannabis va taqiqlangan narkotik moddalari ishlab chiqishda qo‘llaniluvchi 1273 tonna miqdoridagi kimyoviy modda-prekursorlar, shuningdek, sigaretalar, avtomobillar, dori vositalari, elektron chiqindilar, xavfli materiallar va yovvoyi hayvonlar kabi taqiqlangan tovarlar va narkotik moddalarni aniqlash va musodara qilishning sezilarli darajada oshishiga sabab bo‘ldi.

6. “Markaziy Osiyo mintaqasi va Ozarbayjondagi prekursorlar ustidan nazorat qilish” Mintaqaviy loyihasi (loyihaning umumiy qiymati – 6 mln. AQSh doll.). Ushbu loyiha doirasida 30 dan ortiq treninglar, turli uchrashuvlar o‘tkazilgan bo‘lib, ularda mamlakatimizning turli tashkilotlaridan 220 dan ortiq vakillar ishtirok etdilar.

Vazirlik va idoralar kompyuter va laborator uskunalar, transport va tehnik vositalar, materiallar, o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlandi.

Shuningdek, loyiha huquq-tartibot organlarining Afg‘onistonga kimyoviy prekursorlar noqonuniy olib o‘tilishini oldini olish bo‘yicha mintaqaviy va milliy operatsiyalarini moliyalashtiradi.

7. “Markaziy Osiyo va Afg‘oniston Islom Respublikasi davlatlari huquqni muhofaza qilish organlari shaxsiy tarkibini narkotik moddalarga qarshi kurash sohasida malakasini oshirish”, Rossiya-NATO Kengashi Mintaqaviy loyihasi (loyihaning umumiy qiymati – 2.140.000 AQSh doll.). Loyiha doirasida narkotik moddalar noqonuniy aylanishiga qarshi kurash bo‘yicha bo‘linmalar xodimlarini tayyorlashda Domodedovo xalqaro idoralararo markazida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo‘mitasi Oliy harbiy bojxona institutida, Bishkekda, Ashxobodda, Anqaradagi TADOK Akademiyasida 28 ta trening o‘tkazilib, ularda O‘zbekiston Respublikasining huquq-tartibot va boshqa mas’ul organlarining 144 nafar vakillari ishtirok etdilar.

 

 

 

 

Telefon: (499) 230-00-76, 230-00-78; Faks: (499) 238-89-18
119017, 12 Pogorelskiy tor ko‘chasi, Moskva, Rossiya 

Elektron-pochta: info@uzembassy.ru