O'zbekiston Respublikasining
Rossiya Federatsiyasidagi Elchixonasi

 

16 dekabr 2016

SHAVKAT MIRZIYOYEVNING O‘ZBEKISTON PREZIDENTI LAVOZIMIGA KIRISHISH TANTANALI MAROSIMIGA BAG‘ISHLANGAN OLIY MAJLIS PALATALARINING QO‘SHMA MAJLISIDAGI NUTQI

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Muhtaram Senat Raisi va senatorlar!

Hurmatli Spiker va deputatlar!

Xonimlar va janoblar!

Avvalo, siz, azizlarga, sizlarning timsolingizda butun xalqimizga murojaat qilib, menga yuksak ishonch bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylagan barcha vatandoshlarimga chin qalbimdan yana bir bor minnatdorlik izhor etishga ijozat bergaysiz.

Bugun, mana shu yuksak minbardan turib, yurtimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillariga, muhtaram otaxon va onaxonlarimizga, munis ayollarimiz, navqiron yoshlarimizga samimiy tashakkur bildiraman. Yuksak insoniy fazilatlar sohibi bo‘lgan, mehnatkash va bag‘rikeng xalqimiz oldida bosh egib ta’zim qilishni o‘zim uchun ham qarz, ham farz deb bilaman.

Siz, azizlarning, el-yurtimizning menga bildirgan mana shunday yuksak ishonchini o‘zim uchun katta sharaf va ulkan mas’uliyat deb hisoblayman.

Hech narsa bilan qiyoslab, o‘lchab bo‘lmaydigan bunday oliy ishonchni oqlash uchun bor kuch-g‘ayratim, bilim va tajribamni, butun borlig‘imni bag‘ishlashga va’da beraman.

Mening nomzodimni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga ko‘rsatgan va butun saylov kampaniyasi davomida qo‘llab-quvvatlagan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining barcha a’zolariga alohida minnatdorlik bildiraman.

Shu bilan birga, muqobillik asosida o‘tgan ushbu saylovlarda ishtirok etgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Hatamjon Ketmonovga, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Sarvar Otamurodov va «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy kengashi raisi Narimon Umarovga yana bir bor o‘z tashakkurimni izhor etaman.

Fursatdan foydalanib, menga o‘z tabrik va qutlovlarini yo‘llagan barcha xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar yetakchilariga, siyosat va jamoat arboblariga, shuningdek, saylov jarayonida va har doim bizga xayrixoh bo‘lib kelgan, bugungi yig‘ilishimizda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning yurtimizdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlariga o‘zimning chuqur minnatdorligimni, chuqur hurmat-ehtiromimni bildiraman.

Qadrli yurtdoshlar!

Barchamizga ma’lumki, har bir suveren davlat o‘zining betakror tarixi va madaniyatiga egadir. Bu tarix, bu madaniyatning haqiqiy ijodkori, yaratuvchisi esa, haqli ravishda shu mamlakat xalqi hisoblanadi.

O‘zbekistonimizning ko‘p asrlik tarixi va keyingi 25-yillik rivojlanish davri, o‘z davlat mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlashga qaratilgan taraqqiyoti bu haqiqatni yana bir bor yaqqol tasdiqlab berdi. Ana shu bunyodkorlik jarayonining qudratli va hal qiluvchi kuchi, hech shubhasiz, ko‘pmillatli xalqimizdir.

O‘zbek xalqining necha ming yillik tarixida qanday murakkab davrlar, og‘ir sinovlar bo‘lganini barchamiz yaxshi bilamiz.

O‘zbekistonning eng yangi tarixi va biz erishgan olamshumul yutuqlar mard va matonatli xalqimiz har qanday qiyinchilik, to‘siq va sinovlarni o‘z kuchi va irodasi bilan yengib o‘tishga qodir, deb baralla aytishga to‘la asos beradi.

Biz ajdodlarimizning yorqin xotirasini asrab-avaylab, qalbimizda, yuragimizda abadiy saqlaymiz. Bukilmas iroda, fidoyilik va jasorat namunasini amalda namoyon etib, o‘z hayotini aziz Vatanimizning har tomonlama ravnaq topishiga bag‘ishlagan ustoz va murabbiylarimiz, zamondoshlarimiz bilan biz cheksiz faxrlanamiz.

Men bugun Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar va harakatlar, jamoat tashkilotlari, butun xalqimizning sa’y-harakatlarini O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, barchamiz uchun aziz va qadrli bo‘lgan Islom Abdug‘aniyevich Karimov bizga vasiyat qilib qoldirgan yagona maqsad yo‘lida birlashtirishga da’vat etaman.

Bu olijanob maqsad – izchil va barqaror rivojlanayotgan, erkin va farovon, demokratik O‘zbekiston davlatini barpo etishdan iboratdir.

Bugungi kunda O‘zbekiston jahon hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rni va mavqeiga ega. Biz dunyodagi barcha davlatlar bilan yaqindan hamkorlik qilish va amaliy muloqot uchun ochiqmiz. Bo‘lib o‘tgan demokratik saylov jarayoni buning yana bir ishonchli va yaqqol tasdig‘i bo‘ldi.

Saylovni kuzatish uchun dunyodagi 5 ta nufuzli xalqaro tashkilot hamda 46 ta davlatdan 600 nafarga yaqin kuzatuvchi qatnashgani sizlarga yaxshi ma’lum. Ayniqsa, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining to‘laqonli missiyasi birinchi marta yurtimizga tashrif buyurdi. Ya’ni, ushbu xalqaro tuzilmaning 32 ta mamlakatdan kelgan 200 nafarga yaqin vakili – bu albatta kichkina gap emas – aynan demokratik tamoyillar talablari asosida saylov jarayonini sinchiklab kuzatib bordi.

Saylovda xalqimiz o‘zining xohish-irodasini, yuksak siyosiy ongi va faol fuqarolik pozitsiyasini yorqin namoyon etdi. Bu, o‘z navbatida, el-yurtimizning o‘z taqdiri va kelajagiga qanday katta ishonch va mas’uliyat bilan qarayotganini yaqqol ifoda etadi.

Saylov natijalarini biz avvalo vatandoshlarimizning O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarga, yaqin va olis istiqbol uchun belgilab olingan strategik taraqqiyot dasturimizga bergan xolis va haqqoniy bahosi, deb qabul qilamiz.

Saylov siyosiy partiyalar o‘rtasida sog‘lom raqobat va kurash, milliy qonunchiligimiz talablariga, saylov bo‘yicha umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga to‘la mos holda, erkinlik va ochiqlik ruhida o‘tganini barcha chet ellik kuzatuvchilar ochiq va baralla ta’kidladilar.

Kuni kecha Markaziy saylov komissiyasi ham o‘zining saylov natijalari bo‘yicha yakuniy xulosalarida shu haqiqatni yana bir bor qayd etdi. Hech shubhasiz, bunday yuksak e’tirof, bunday yuksak baho barchamizni quvontiradi.

Muhtaram do‘stlar!

Bugun men O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajarishga kirishar ekanman, buyuk davlat va siyosat arbobi, aziz ustozimiz Islom Karimovning ishlarini davom ettirgan holda, 32 millionlik katta xalq, katta mamlakatni boshqarish qanchalik mas’uliyatli va murakkab ekanini, davlat rahbari sifatida zimmamdagi juda ulkan javobgarlikni har tomonlama chuqur his qilib, anglab turibman.

Birinchi Prezidentimiz o‘zining serqirra siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimizning ko‘p asrlik tarixida o‘chmas va yorqin iz qoldirdi.

Buyuk Yurtboshimiz nafaqat O‘zbekistonda, balki butun jahon miqyosida katta hurmat va obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan ulkan shaxs va arbob sifatida tanilgan edi. Shuning uchun ham ustozimizning xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha minglab yurtdoshlarimizdan ko‘plab taklif va tavsiyalar kelib tushmoqda. Ularning barchasi ayni paytda atroflicha o‘rganilmoqda va bu borada alohida qaror qabul qilinadi.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Bugun dunyodagi shiddatli globallashuv sharoitida, xalqaro maydonda turli manfaatlar to‘qnashuvi kuchayib borayotgan, jahon iqtisodiy-moliyaviy inqirozi davom etayotgan keskin bir vaziyatda O‘zbekistonga rahbarlik qilishdek ulkan mas’uliyatni zimmamga olayotgan ekanman, men avvalo ko‘pni ko‘rgan, donishmand xalqimizga, siz, azizlarning yordam va ko‘magingizga tayanaman va ishonaman.

Barchangiz xabardorsiz, saylov arafasida men saylovchilar hamda aholining turli qatlamlari vakillari bilan ko‘plab uchrashuv va suhbatlar o‘tkazdim.

Ana shunday ochiq muloqotlarda bildirilgan amaliy takliflar, qonuniy talablar, ularni amalga oshirish uchun ko‘rilgan aniq chora-tadbirlar, ochig‘ini aytaman, men uchun yana bir katta hayotiy maktab bo‘ldi.

Ana shu uchrashuv va suhbatlarning yakuniy xulosalari mamlakat Prezidenti lavozimidagi o‘ta muhim va mas’uliyatli faoliyatimda men uchun dasturiy qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.

Bugun zamonning o‘zi barchamizning oldimizga, birinchi navbatda, O‘zbekiston Prezidenti sifatida mening oldimga yangi va g‘oyat mas’uliyatli vazifalarni qo‘ymoqda. Ana shu asosiy vazifalar haqida bugun ushbu yig‘ilishimizda qisqacha axborot berishni o‘rinli, deb hisoblayman.

Birinchidan, biz muhtaram Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov boshlab bergan keng ko‘lamli siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar yo‘lini og‘ishmasdan, qat’iy va izchil davom ettiramiz.

Bu yo‘l – erkin, demokratik, insonparvar davlat qurish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish, Vatanimiz iqtisodiy qudratini yuksaltirish va yanada ravnaq toptirishning mustahkam zaminidir.

Men mamlakat Prezidenti sifatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablarini qat’iy va so‘zsiz bajarish, qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlaydigan ichki va tashqi siyosatni amalga oshirishni o‘zimning eng asosiy burchim va vazifam, deb hisoblayman.

Ana shu fundamental tamoyillarni ro‘yobga chiqarishga doir amaliy sa’y-harakatlar to‘g‘risida men Konstitutsiyamizning 24-yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishdagi ma’ruzamda o‘z fikrlarimni bayon qilganimdan albatta barchangiz xabardorsiz, deb o‘ylayman.

Shu munosabat bilan Qonunchilik palatasi Spikeri va deputatlar, Senat Raisi va senatorlardan Prezidentning Davlat maslahatchilari xizmatlari hamda Hukumat bilan birgalikda mamlakatimizda kelajakda amalga oshiriladigan islohot va o‘zgarishlarning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish va mustahkamlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqishni so‘rayman.

Ikkinchidan, mamlakatimizda hukm surayotgan millatlar va fuqarolar totuvligi, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhitini ko‘z qorachig‘idek saqlash hamda mustahkamlashni o‘zimning ustuvor vazifam, deb hisoblayman.

Ma’lumki, yurtimizda vijdon va e’tiqod erkinligi, turli millat vakillarining huquqlari keng kafolatlanib, diniy bag‘rikenglik muhiti mustahkamlanmoqda.

Hozirgi vaqtda diyorimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari o‘zaro hamjihat yashamoqda, 16 ta konfessiyaga mansub diniy tashkilotlar erkin faoliyat yuritmoqda.

Jamiyatimizda hukm surayotgan o‘zaro do‘stlik va hamjihatlikni yanada rivojlantirish, qaysi millat, din va e’tiqodga mansubligidan qat’i nazar, barcha fuqarolar uchun teng huquqlarni ta’minlash e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Ularning o‘rtasiga nifoq soladigan ekstremistik va radikal g‘oyalarni tarqatishga O‘zbekistonda mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi.

Bugungi kunda dunyoning ayrim mintaqalarida tobora keskinlashib borayotgan qonli mojaro va ziddiyatlar, terrorizm va ekstremizm xavfi bizdan doimiy ogoh va hushyor bo‘lishni talab etmoqda.

Shu borada O‘zbekiston chegaralarining xavfsizligi va daxlsizligini ta’minlash, mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, yurtimiz ostonasiga hech qanday balo-qazoni yaqin keltirmaslik kabi hal qiluvchi vazifalar hamisha diqqatimiz markazida bo‘ladi.

Bugun prinsipial jihatdan g‘oyat muhim bo‘lgan bir fikrni yana ta’kidlab aytishni zarur deb bilaman: O‘zbekiston va uning bag‘rikeng xalqi tinchliksevar siyosat yuritish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qarash tamoyillarini amalga oshirish pozitsiyasida doimo mustahkam turib kelmoqda. Lekin, zarur bo‘lsa, biz mamlakatimiz suvereniteti va mustaqilligiga, xalqimizning tinch va osuda hayotiga tahdid soladigan har qanday urinishlarga qarshi keskin zarba berishga qodirmiz. Shuning uchun men, xalqimizga murojaat qilib, shuni aytmoqchimanki, bu masalada hech kimda hech qanday ikkilanish va shubha bo‘lmasligi lozim. Bunga bizning kuchimiz ham, qudratimiz ham yetarli.

Fursatdan foydalanib, Qurolli Kuchlar, Milliy xavfsizlik xizmati, chegara va ichki qo‘shinlarning askar va serjantlari, ofitser va generallariga, barcha harbiy xizmatchilarimizga o‘zining harbiy qasamyodi va muqaddas burchiga sadoqati uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.

Ishonchim komilki, sizlar bundan buyon ham yuksak professional mahorat, mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatib, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlash va mustahkamlash bo‘yicha o‘z vatanparvarlik burchingizga sodiq bo‘lib qolasiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashidan Mudofaa vazirligi va boshqa tuzilmalar rahbariyati bilan birgalikda Qurolli Kuchlarimizning 25-yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va uni munosib nishonlashga doir chora-tadbirlar kompleksini yaqin kunlarda taqdim etishni so‘rayman.

Bu borada munosib harbiy xizmatchilarni nafaqat yaqinda ta’sis etilgan ko‘krak nishonlari bilan, balki yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlash bo‘yicha ham takliflar kiritish maqsadga muvofiqdir.

Uchinchidan, xalqimiz azaldan yuksak qadrlab keladigan, hamma narsadan ustun qo‘yadigan adolat tuyg‘usini hayotimizda yanada keng qaror toptirishni biz birinchi darajali vazifamiz, deb hisoblaymiz.

Bu borada buyuk sohibqiron Amir Temur bobomizning: «Adolat har bir ishda hamrohimiz va dasturimiz bo‘lsin!» degan chuqur ma’noli so‘zlari har birimiz uchun hayotiy e’tiqodga aylanishi zarur.

Bu masala, eng avvalo, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, butun sud tizimi, prokuratura, ichki ishlar, nazorat organlari rahbarlari va xodimlarining, shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining bevosita vazifasidir.

Jamiyatimizda korrupsiya, turli jinoyatlarni sodir etish va boshqa huquqbuzarlik holatlariga qarshi kurashish, ularga yo‘l qo‘ymaslik, jinoyatga jazo albatta muqarrar ekani to‘g‘risidagi qonun talablarini amalda ta’minlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishimiz zarur.

Deputatlar va senatorlar, keng jamoatchilik, butun xalqimiz huquqiy demokratik davlat qurishning ana shu muhim sohasidagi davlatimizning sa’y-harakatlarini albatta qo‘llab-quvvatlaydilar, deb o‘ylayman va bunga ishonaman.

Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirishda biz, ilgarigidek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari – mahallalar, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlar, erkin va xolis ommaviy axborot vositalari faol o‘rin egallaydi, deb ishonamiz.

“Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” degan muhim tamoyilni amalga oshirishda biz avvalo ana shu ijtimoiy institutlarning kuch va imkoniyatlariga tayanamiz.

Shu munosabat bilan xalq hokimiyatining eng muhim poydevori sifatida jamoatchilik nazorati institutini kuchaytirish bo‘yicha mamlakatimiz Konstitutsiyasining 32-moddasida, shuningdek, «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida», «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonunlar va boshqa hujjatlarda muhrlab qo‘yilgan talablarning ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratamiz.

Bu muhim ishda biz barcha fuqarolarimiz, eng avvalo, yoshi ulug‘, ulkan hayotiy tajribaga ega nuroniy oqsoqollarimiz, katta avlod vakillarining maslahatlari va faol ko‘magiga umid qilamiz va tayanamiz.

Aynan shu avlodning fidokorona mehnati tufayli o‘z paytida mamlakatimizdagi yirik industriya komplekslari barpo etildi va modernizatsiya qilindi. Ularning aql-zakovati va sa’y-harakatlari bilan sanoatning yangi, yuqori texnologiyalarga asoslangan tarmoqlari tashkil etildi, noyob infratuzilma obyektlari qurildi, fermerlik harakati shakllantirildi, shahar va qishloqlarimizning qiyofasi tubdan o‘zgardi.

Aynan ana shunday tabarruk insonlarning Vatanimizga bo‘lgan buyuk mehr-muhabbati va jonkuyarligi tufayli mustaqil O‘zbekiston davlatining mustahkam zamini yaratildi.

Bugungi imkoniyatdan foydalanib, yurtimiz ravnaqi yo‘lidagi fidokorona xizmatlari uchun muhtaram nuroniylarimizga, qadrli mehnat faxriylariga o‘zimning yuksak hurmat-ehtiromim va samimiy tilaklarimni bildirishga, ularning barchasiga uzoq umr, mustahkam sog‘lik, baxtu saodat va farovonlik tilashga ruxsat bergaysizlar.

Shu borada bir fikrga alohida urg‘u berib ta’kidlamoqchiman: yoshi ulug‘ insonlar, katta avlod vakillariga e’tibor va amaliy g‘amxo‘rlikni kuchaytirish, ularning pensiyalarini oshirish, tibbiy xizmat va ijtimoiy-maishiy ta’minotini yaxshilash bundan buyon ham Prezident uchun, Hukumatimiz va barcha hokimliklar uchun eng muhim ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qoladi.

Shu maqsadda pensionerlar, yolg‘iz qariya va nogironlarga davlat ko‘magini kuchaytirish bo‘yicha ayni paytda keng qamrovli chora-tadbirlar kompleksi ishlab chiqildi va ular so‘zsiz amalga oshiriladi.

«Nuroniy» va «Mahalla» jamg‘armalarining xodimlar shtatlarini ko‘paytirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, jamiyatimiz hayotida ularning o‘rni va mavqeini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha zarur choralar ko‘riladi.

Yaratganning bebaho mo‘jizasi bo‘lgan aziz ayollarimiz, qadrli onalarimiz, mehribon rafiqalarimiz, munis opa-singillarimiz, sevimli qizlarimiz va nabiralarimiz hayotda bizga barcha to‘siqlarni yengib o‘tish, oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizga erishish yo‘lida doimo g‘amxo‘rlik qilib, hamisha cheksiz ishonch, kuch va madad beradilar.

Sizlarning onalik mehringiz va saxovatingiz, ayollik tarovatingiz va mehr-oqibatingiz uchun biz sizlardan umrbod qarzdormiz.

Shu sababli onalar va bolalar sog‘lig‘ini muhofaza qilish, ayollarning turmush sharoitlarini hisobga olgan holda, ish bilan ta’minlash, opa-singillarimizning og‘irini yengil qilish uchun har tomonlama imkoniyat yaratish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotimizdagi o‘rni va nufuzini oshirish bo‘yicha davlat siyosatini faol davom ettirishni biz o‘zimizning eng muhim vazifamiz, deb bilamiz.

Barchamizga ayonki, O‘zbekiston boy qazilma va tabiiy resurslarga, qudratli iqtisodiy va insoniy salohiyatga ega. Biroq bizning eng katta boyligimiz – bu xalqimizning ulkan intellektual va ma’naviy salohiyatidir.

Bu salohiyatni yaratish va yanada ko‘paytirishda hurmatli ziyolilarimiz – ilm-fan va texnika namoyandalari, birinchi navbatda qadrli va hurmatli akademiklarimiz, madaniyat, adabiyot va san’at, sport sohalarining vakillari butun vujudini berib, fidokorona mehnat qilayotganlarini biz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.

Ana shu zahmatkash insonlarning ilmiy va ijodiy izlanishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun zarur shart-sharoitlar yaratishni biz o‘zimizning birlamchi vazifamiz sifatida ko‘rishimiz darkor.

Shu maqsadda hukumatimiz tomonidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.

Bugungi kunda “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart!” degan hayotiy da’vat har birimizning, ota-onalar va keng jamoatchilikning ongi va qalbidan mustahkam o‘rin egallagan.

Hozirgi vaqtda mamlakatimiz aholisining 32 foizini yoki 10 millionini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarimiz tashkil etadi.

Yoshlarimiz haqli ravishda Vatanimizning kelajagi uchun javobgarlikni zimmasiga olishga qodir bo‘lgan, bugungi va ertangi kunimizning hal etuvchi kuchiga aylanib borayotgani barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

Bu sohada olib borayotgan keng miqyosli ishlarimizni, xususan, ta’lim-tarbiya bo‘yicha qabul qilingan umummilliy dasturlarimizni mantiqiy yakuniga yetkazishimiz zarur.

Shu maqsadda Hukumatning, tegishli vazirlik va idoralar hamda butun ta’lim tizimining, hurmatli domlalarimiz va professor-o‘qituvchilarning eng muhim vazifasi – yosh avlodga puxta ta’lim berish, ularni jismoniy va ma’naviy yetuk insonlar etib tarbiyalashdan iboratdir.

Farzandlarimiz uchun zamonaviy ish joylari yaratish, ularning hayotda munosib o‘rin egallashini ta’minlashga qaratilgan ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.

Biz yoshlarga doir davlat siyosatini hech og‘ishmasdan, qat’iyat bilan davom ettiramiz. Nafaqat davom ettiramiz, balki bu siyosatni eng ustuvor vazifamiz sifatida bugun zamon talab qilayotgan yuksak darajaga ko‘taramiz.

Yoshlarimizning mustaqil fikrlaydigan, yuksak intellektual va ma’naviy salohiyatga ega bo‘lib, dunyo miqyosida o‘z tengdoshlariga hech qaysi sohada bo‘sh kelmaydigan insonlar bo‘lib kamol topishi, baxtli bo‘lishi uchun davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etamiz.

To‘rtinchidan, iqtisodiyotimizning barqaror sur’atlar bilan o‘sishini ta’minlashdek muhim tamoyil va ustuvor vazifani amalga oshirish, davlat rahbari sifatida men uchun strategik vazifa bo‘lib qoladi.

Biz avvalo iqtisodiyotni isloh qilish va erkinlashtirish borasidagi ishlarimizni yanada chuqurlashtirish, uning soha va tarmoqlarini tarkibiy jihatdan o‘zgartirish bo‘yicha boshlangan ishlarni jadallashtirishimiz kerak.

Tarmoqlar va hududlarni modernizatsiya qilish, ularning raqobatdoshlik darajasini oshirish, eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lishi lozim. Buning uchun xorijiy sarmoyalar va ilg‘or texnologiyalarni hamda axborot-kommunikatsiya tizimlarini barcha sohalarga yanada faol jalb etishimiz zarur bo‘ladi.

Aynan shu asosda 2030-yilgacha mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotini 2 barobardan ziyod ko‘paytirishga erishishimiz darkor.

Qishloq xo‘jaligini isloh qilish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalari, hech shubhasiz, biz uchun eng muhim vazifalardan biri bo‘lib qoladi. Eng avvalo, agrosanoat kompleksi va uning lokomotivi, ya’ni harakatga keltiruvchi kuchi bo‘lgan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini izchil rivojlantirishga katta e’tibor qaratiladi.

Iqtisodiyotda davlat ishtirokini strategik asoslangan darajada qisqartirish, xususiy mulkni yanada rivojlantirish va uni himoya qilishga doir kompleks masalalarni hal etish – hukumat, davlat boshqaruvi organlari va barcha darajadagi hokimliklar uchun eng muhim ustuvor vazifa sifatida belgilanadi.

Bizning yana bir muhim vazifamiz – kichik biznes va tadbirkorlik sohasini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, mamlakatimiz iqtisodiy qudratini, yurtimizda tinchlik va barqarorlik, ijtimoiy totuvlikni mustahkamlashdan, bu soha ulushini yanada oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berishdan iborat. Nega deganda, tadbirkor nafaqat o‘zini va oilasini, balki xalqni ham, davlatni ham boqadi. Men takror bo‘lsa ham, aytishdan hech qachon charchamayman, ya’ni “Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi”.

Shuning uchun bundan keyin tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilish – davlat siyosatiga, Prezident siyosatiga to‘sqinlik qilish, deb baholanadi. Prinsipial jihatdan g‘oyat muhim bo‘lgan bu pozitsiyamizni yana bir bor alohida ta’kidlab o‘tishni muhim va zarur deb hisoblayman.

Saylovchilar bilan uchrashuvlarda nafaqat tadbirkorlar, balki aholimizning keng qatlami ana shu talabni qat’iy qo‘llab-quvvatlaganiga shaxsan o‘zim chuqur ishonch hosil qildim.

Beshinchidan, biz amalga oshirayotgan iqtisodiy islohotlar va ijtimoiy o‘zgarishlarning samarasi, birinchi navbatda, aholining moddiy ahvoli va farovonligini, uning hayot darajasi va sifatini oshirishga qay darajada ta’sir ko‘rsatayotgani bilan o‘lchanadi.

Shu maqsadda ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdorini bosqichma-bosqich oshirib borish bo‘yicha biz aniq chora-tadbirlarni rejalashtirganmiz va ular albatta amalga oshiriladi.

2017-yildan boshlab aholini, avvalambor, litseylar, kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash masalasi bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi.

Iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni kengaytirish va aholining ularga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish, jumladan, maqbul narxlar bo‘yicha keng turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan xalqimizni to‘liq ta’minlash oldimizda turgan muhim vazifalar qatoriga kiradi.

Biz uchun bebaho boylik bo‘lgan inson salomatligini asrash maqsadida sog‘liqni saqlash sohasini, eng avvalo, uning birlamchi bo‘g‘inidagi bo‘linmalari va qishloq vrachlik punktlari faoliyatini tubdan takomillashtirish, tez tibbiy yordam va yuqori texnologiyalar asosida xizmat ko‘rsatadigan, ixtisoslashgan maxsus markazlarni yanada rivojlantirish yuzasidan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish Hukumatning e’tibor markazida bo‘lishi darkor.

Bu masalada kuni kecha Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi rahbar kadrlar to‘liq yangilandi va aytish mumkinki, ularning tarkibi kuchaytirildi.

Barchangizning xabaringiz bor, dori vositalari va tibbiy buyumlarga narxlarni shakllantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha keyingi paytda aniq choralar ko‘rilmoqda va biz bu ishlarni qat’iy davom ettiramiz.

Bu boradagi islohotlar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish va dori vositalari bilan ta’minlash sifatini tubdan yaxshilashga qaratilgani bilan alohida ahamiyatga ega.

Xabaringiz bor, 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan 15 ta maqsadli dasturning ayrimlari qabul qilinib, ularning ijrosiga kirishildi va yaqin vaqt ichida shu yo‘nalishdagi boshqa dasturlarning barchasini tasdiqlash bo‘yicha ishlar to‘liq yakunlanadi.

Mazkur dasturlarning barchasini yagona maqsad birlashtirib turadi. Ya’ni, ular yaqin 5-yilda aholi punktlarini, ayniqsa, qishloq joylar, tuman va shaharlarni kompleks rivojlantirish, zamonaviy muhandislik-kommunikatsiya, ijtimoiy va bozor infratuzilmasini shakllantirishga doir bir qator dolzarb masalalarni hal etishga qaratiladi.

Oltinchidan, aholi bilan doimiy muloqot qilish, uning qonuniy talablari, so‘rov va takliflarini amalga oshirish uchun aniq choralar ko‘rishni men o‘zim uchun eng muhim va ustuvor vazifa, deb hisoblayman.

Endi nafaqat hukumat, balki mutasaddi vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari, shuningdek, hokimlarning ham bu boradagi faoliyati yakunlari bo‘yicha hisobot berish tizimi joriy etiladi va shunga qarab ularning ishiga baho beriladi. Shu sababdan har bir rahbar va mansabdor shaxsdan ayni shu asosda tizimli va samarali ish olib borishni talab etaman.

Sizlarga yaxshi ma’lumki, biz 2017-yilni yurtimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qildik. Lekin, hammamiz tushunamizki, xalq bilan muloqot, odamlarning ichiga kirish, ularning dardu tashvishlari bilan yashash, inson manfaatlarini ta’minlash – bu biz uchun faqat bir yillik ish emas.

Bu masala kelgusi besh yillik faoliyatimizda ham eng ustuvor vazifa bo‘lib qoladi va bu haqiqatni hammamiz chuqur tushunib, yaxshi anglab olishimiz shart. Chunki, biz yurtimizda yangi davlat, yangi jamiyat qurish yo‘lida qanday ish qilsak, ularning barchasini xalqimiz bilan bamaslahat qilamiz.

Hammamizni tarbiyalagan, voyaga yetkazgan – shu xalq. Barchamizga tuz-nasiba bergan ham – shu xalq. Bizga ishonch bildirgan, rahbar qilib saylagan ham aynan shu xalq.

Shunday ekan, biz birinchi navbatda kim bilan muloqot qilishimiz kerak – odamlarimiz bilan.

Kim bilan bamaslahat ish tutishimiz kerak – avvalo xalqimiz bilan. Shunda xalqimiz bizdan rozi bo‘ladi.

Xalq rozi bo‘lsa, ishimizda unum va baraka bo‘ladi.

Xalq bizdan rozi bo‘lsa, Yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi.

Shu ma’noda, buyuk Alisher Navoiy bobomizning «Odamiy ersang, demagil odami, Onikim, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami» degan satrlarida qanchalik chuqur hayotiy hikmat, falsafa bor. Ya’ni, bu dunyoda insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir, xalqning g‘amidan uzoq bo‘lgan insonni odam qatoriga qo‘shib bo‘lmaydi, deb ta’kidlamoqda ulug‘ bobomiz.

Bu o‘lmas satrlar bizning bugungi hayotimiz bilan, bizning orzu-intilish va amaliy harakatlarimiz bilan naqadar hamohang ekani odamni hayratga soladi.

Biz barcha davlat idoralari faoliyatida aholining murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizimga o‘tishimiz darkor. Xususan, 2017-yildan boshlab barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining aholi oldida hisobot berish tizimi joriy etiladi.

Shu bilan birga, ilgari ham aytganimiz kabi, har bir tuman va shaharda, “Xalq qabulxonalari”ni tashkil etish va ularning to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashimiz zarur bo‘ladi.

Bu qabulxonalarning huquqiy maqomini, ularning vakolat va majburiyatlarini ham aniq belgilab, birorta ham murojaat e’tiborsiz qolmaydigan tizim faoliyatini yo‘lga qo‘yish darkor.

Davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga baho berishda qonuniylikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari qanday himoya qilinayotgani, ularga davlat xizmatlari ko‘rsatishning sifati va ochiqligi biz uchun eng asosiy mezon bo‘lishi shart. Shu borada bir fikrni yana takrorlab aytmoqchiman: xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak.

Shu munosabat bilan eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy vazifalar, tarmoq va hududlar bo‘yicha maqsadli dasturlar, ustuvor investitsiya loyihalari va boshqa dolzarb vazifalar bajarilishini tanqidiy tahlil qilish yuzasidan amaldagi mavjud tizim samaradorligini oshirishimiz lozim.

Ayni vaqtda Vazirlar Mahkamasining komplekslari va iqtisodiyot tarmoqlari rahbarlari hamda hokimlarning Prezident huzurida shaxsiy hisobotini eshitish amaliyoti yangitdan joriy etiladi.

Hukumatga, hokimliklarga saylovchilar va aholining keng qatlamlari bilan uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha 2017-2021-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrini rivojlantirish borasidagi muammoli masalalarni hal etish yuzasidan ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlarni vazirlik va idoralar bilan birgalikda so‘zsiz amalga oshirish topshiriladi.

Bugungi kunda nafaqat Bosh vazirning elektron pochtasi va qabulxonasiga, balki Prezident nomiga kelib tushayotgan fuqarolarning qonuniy murojaat va shikoyatlarini batafsil o‘rganish va ularda ko‘tarilgan masalalarni yechish bo‘yicha ishlarni faol davom ettirish g‘oyat muhim, deb hisoblayman.

Umuman olganda, bundan keyin vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va hokimlarning faoliyati natijasi quruq iqtisodiy raqamlar bilan emas, balki ularning odamlar bilan qanday muloqot olib borayotgani va ishni tashkil etgani, fuqarolarning muammolarini qay darajada hal qilayotganiga qarab baholanadi va tegishli xulosalar chiqariladi.

Ayni shu masalada ularning faoliyati ijobiy bo‘lsa, xalq ulardan rozi bo‘lsa, rahmat deymiz, aksi bo‘lsa – biz bunday rahbarlar bilan xayrlashamiz.

Hurmatli do‘stlar!

Oldimizda turgan keng ko‘lamli vazifalarni samarali hal etish, eng avvalo, davlat rahbari sifatida shaxsan mendan, davlat hokimiyatining uchta tarmog‘idan, shuningdek, barcha rahbar va mansabdor shaxslardan qat’iy intizomni talab etadi.

Ishimizni to‘g‘ri tashkil etish, uning samaradorligini ta’minlash, butun boshqaruv tizimi faoliyatini sifat jihatidan zamon talablari darajasiga ko‘tarishni bugun hayotning o‘zi talab etmoqda.

Albatta, biz rejalashtirayotgan barcha o‘zgarishlarning nihoyatda ko‘pqirrali va o‘ta muhim ekanini men chuqur tushunaman.

Biroq, yo‘limizda qanday to‘siq va qiyinchiliklar, keskin va dolzarb muammolarga duch kelsak ham, shoshma-shosharlik bilan, pala-partish qarorlar qabul qilishga, yaxshi o‘ylab ko‘rilmagan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yishga haqqimiz yo‘q.

Bizning vazifamiz – to‘plangan tajriba va ilg‘or xalqaro amaliyotga suyangan holda, o‘zimizning taraqqiyot va yangilanish modelimizni qat’iy amalga oshirishdan iborat. Shu borada yaqin va o‘rta muddatga belgilangan marralarga erishish uchun qat’iyat bilan harakat qilishimiz zarur.

Shu maqsadda 2017-2021-yillarda O‘zbekistonni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakat strategiyasini ishlab chiqish yaqin kunlarda yakunlanadi.

Bu strategiya davlat qurilishi, sud-huquq tizimini takomillashtirish, iqtisodiyotni erkinlashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirishni jadallashtirish va faol tashqi siyosatni amalga oshirishga oid beshta asosiy ustuvor yo‘nalishni qamrab oladi.

Xalqimiz bilan doimiy muloqot qilishga doir talabni amalda bajarish uchun ushbu Strategiyani qabul qilishdan oldin uni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib, el-yurtimiz o‘rtasida keng muhokama qilishni taklif etaman.

Ishonchim komilki, bunday muhokamalar xalqimiz manfaatlarini yanada to‘liq inobatga olish uchun xizmat qiladi.

Aziz do‘stlar!

Ma’lumki, Konstitutsiyamizning 98-moddasiga muvofiq, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarning ustuvor vazifalarini muvaffaqiyatli hal etish uchun javobgarlik Vazirlar Mahkamasi, hukumatning har bir a’zosi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari zimmasiga yuklatilgan.

Bu, birinchi navbatda, Bosh vazir va uning o‘rinbosarlaridan yuksak darajadagi shaxsiy mas’uliyatni, shuningdek, ularning zimmasiga yuklangan vazifalarni samarali va to‘liq bajarishni talab etadi.

Shu munosabat bilan bir taklif kiritmoqchiman. Ya’ni, Oliy Majlis palatalarining 2015-yil 23-yanvardagi va joriy yilning 8-sentabrdagi qo‘shma majlislarida taklif etilgan Vazirlar Mahkamasining harakat dasturini yanada aniqlashtirib, hozirgi talablardan kelib chiqqan holda, unga qo‘shimchalar kiritish lozim. Bu – kechiktirib bo‘lmaydigan vazifadir.

Umid qilamanki, bugungi majlisimizning ikkinchi qismida Bosh vazir lavozimiga ko‘rsatiladigan yangi nomzod ushbu dasturning yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari va ustuvor vazifalari to‘g‘risida axborot beradi.

Bu borada asosiy diqqat-e’tiborni quyidagi strategik yo‘nalishlarga qaratish maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Birinchidan, iqtisodiyotimizda yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, makroiqtisodiy barqarorlik va milliy valyutamizni yanada mustahkamlashni ta’minlash.

Ikkinchidan, mamlakatimiz hududlarini, ya’ni shahar, tuman va mahallalarni, ayniqsa iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishda nisbatan orqada qolayotgan tuman va shaharlarni kompleks va jadal rivojlantirish.

Uchinchidan, aholining real daromadlarini, turmush darajasi va sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratish.

Hukumat va shaxsan uning yangi rahbariyati faoliyati samarasini biz aynan shu mezonlar asosida baholashimiz zarur.

Shu maqsadda yaqin kunlarda Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasi qayta ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi. Bunday o‘zgartirishlardan asosiy maqsad – to‘plangan tajriba asosida va mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha oldimizda turgan keng ko‘lamli yangi vazifalarga muvofiq, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining eng optimal va samarali tizimini ishlab chiqishdan iborat.

Ana shu tizim markazida nafaqat iqtisodiyotning tayanch tarmoqlarini, balki, eng avvalo, hududlarni kompleks rivojlantirish va mamlakatimiz barcha fuqarolarining hayotiy manfaatlarini ta’minlashga va ularning daromadlarini ko‘paytirishga doir istiqboldagi muhim vazifalar turishi kerak.

Oldimizda markaziy boshqaruv organlari – Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, bojxona tizimi va boshqa idoralar faoliyatini tubdan yaxshilashga doir kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi ham turibdi.

Mamlakatimiz bank tizimi va bozor infratuzilmasining boshqa organlari faoliyati samaradorligini oshirish ham dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.

Afsuski, hozirgi kunda ularning faoliyati bugungi hayot va iqtisodiy islohotlar talablaridan ancha ortda qolmoqda. Shuning uchun biz bugungi yig‘ilishimizga barcha yirik tijorat banklari rahbarlarini ham taklif etganmiz. Ularning bosh vazifasi – bundan keyin o‘z ish uslublarini tubdan o‘zgartirib, fuqarolarimiz va tadbirkorlarning haqiqiy ishonchini qozonishga va ularga haqiqiy ko‘makdosh bo‘lishga erishishdan iborat.

Shu bois davlat banklari oldiga quyidagi vazifalar qo‘yilmoqda. Ular har bir oila bilan muloqot tashkil qilish orqali fuqarolarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun qulay imkoniyatlar yaratishi kerak.

Shu maqsadda tijorat banklari va ularning joylardagi filiallari, o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, tadbirkorlarga moliyaviy ko‘mak va madad berishni zimmasiga oladi.

Lo‘nda qilib aytadigan bo‘lsak, banklar endi xalqimizni tadbirkorlikka, ishbilarmonlikka o‘rgatishi va shunga yetaklashi lozim bo‘ladi.

Shunda odamlar bog‘dorchilik, chorvachilik, hunarmandlik, kasanachilik, xizmat ko‘rsatish, servis va boshqa sohalarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, kichkina bo‘lsa ham o‘zining korxonasini tashkil etib, qonuniy asosda daromad topadi, o‘zini ham, oilasini ham moliyaviy jihatdan mustahkamlab, mahallamiz, tumanimiz va shahrimiz, viloyatimiz va mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shadi.

Bu siyosatning asosiy maqsadi shundan iboratki, biz har bir fuqaro o‘zining kuch va imkoniyati, qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun keng sharoit va imkoniyat yaratib berishimiz kerak.

Mana, 2016-yil yakuniga yetishiga ham 15 kun vaqt qoldi. Biz yilni muvaffaqiyatli yakunlash, belgilangan maqsadlarga erishish, yangi – 2017-yilda mamlakatimiz barqaror rivojlanishi va jadal o‘sish sur’atlarini ta’minlash uchun mustahkam zamin yaratish maqsadida barcha vositalarni safarbar etishimiz lozim.

Vazirlar Mahkamasi rahbariyatidan bu vazifalarni har tomonlama puxta bajarishni va kelgusi yil yanvar oyida o‘tkaziladigan Hukumat majlisida bu haqda batafsil hisobot berishni so‘rayman.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Mamlakatimiz Asosiy qonunining 78-moddasiga muvofiq, mamlakatni modernizatsiya qilish, jamiyatimizni isloh etish va demokratlashtirishni ta’minlashda muhim o‘rin va javobgarlik Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatiga yuklangan.

Buning uchun uchta vazifani amalga oshirish zarur.

Birinchi vazifa – 2016-yil 7-dekabrdagi tantanali majlisda belgilab berilgan topshiriqlarning aniq bajarilishini ta’minlash kerak.

Xabaringiz bor, men Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunga bag‘ishlab o‘tkazilgan o‘sha yig‘ilishda deputatlar va senatorlarga bir taklif bilan murojaat qilgan edim. Ya’ni, parlament va jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini shakllantirish maqsadida shahar va tumanlarda haqiqiy ahvolni o‘rganib, tegishli rahbarlarning hisobotini xalq deputatlari kengashlari sessiyasi muhokamasiga kiritish tartibini joriy etishni taklif etgan edim.

Buning uchun har qaysi viloyatdan saylangan Oliy Majlis deputatlari va senatorlar har oyda 10-12 kun davomida bir tumanda bo‘lib, hokimiyat idoralari, prokuratura va ichki ishlar bo‘limining faoliyatini puxta o‘rganib, tahlil qilishi hamda tegishli xulosa berishlari lozim bo‘ladi. Shu asosda hurmatli Spiker va Senat Raisi joylarda o‘zlari bosh bo‘lib, mahalliy kengashlarda ana shunday muhokamalar o‘tkazish tizimi joriy etilsa, bu ishlar ertaga albatta o‘zining ijobiy samarasini beradi.

Ikkinchi vazifa – «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi qonunning amaldagi ijrosini barcha sohalarda monitoring qilish, shuningdek, bu borada xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish va joriy etish zarur.

Shuning uchun kecha Oliy Majlis Senati yig‘ilishida muhim bir masala muhokama qilinib, tegishli qaror qabul qilindi.

Ma’lumki, mamlakatimizning chet davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarini yanada mustahkamlash va xorijda respublikamizning iqtisodiy imkoniyatlarini keng targ‘ib qilish orqali uning xalqaro nufuzini yanada oshirish, investitsiyalarni jalb qilishni jadallashtirish, turizm sohasini yanada rivojlantirish iqtisodiy sohadagi ustuvor vazifalarimizdan biri hisoblanadi.

Shu bois Tashqi ishlar vazirligi va boshqa davlat idoralarining bu yo‘nalishlardagi faoliyati ustidan samarali parlament nazorati tizimini yaratish maqsadida Senat raisining birinchi o‘rinbosari lavozimi joriy etildi va bundan buyon Senatning tegishli qo‘mitasi faoliyati tubdan takomillashtiriladi.

Uchinchi vazifaning ahamiyati va muhimligini alohida ta’kidlamoqchiman – qonun talablarini bajarmaslik bilan bog‘liq har bir holat yuzasidan aniq huquqiy ta’sir choralarini ko‘rish kerak.

Joylardagi davlat hokimiyati organlari – barcha darajadagi hokimliklar, xalq deputatlari kengashlari faoliyatini takomillashtirishni davom ettirishimiz zarur. Shuning uchun Oliy Majlis Senati tomonidan har bir viloyatda navbatma-navbat namunaviy xalq deputatlari kengashlari ishini tashkil etish tajribasi joriy etilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ularning asosiy maqsadi va vazifasi – aholining barcha toifalari bilan doimiy muloqotda bo‘lish, fuqarolarning qonuniy talab va ehtiyojlarini nafaqat o‘rganish, balki ularni ta’minlashdan iborat.

Mavjud muammolarni amalda hal etish, shuningdek, aholi uchun erkin mehnat qilish, mazmunli dam olish va munosib turmush darajasini ta’minlash bo‘yicha har tomonlama qulay sharoitlar yaratish lozim. Aynan ana shu mezonlardan kelib chiqib, mahalliy hokimiyat organlarining mamlakatimiz Konstitutsiyasining 100- va 101-moddalari talablarini bajarish bo‘yicha faoliyati samaradorligi to‘g‘risida xulosa chiqarish mumkin va zarur. Shuning uchun ham 2017-yil yurtimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilinganini alohida ta’kidlab aytmoqchiman.

Hammamiz yaxshi tushunamizki, oldimizda turgan keng ko‘lamli vazifalarni bajarish uchun kadrlar bilan ishlashning butun tizimini takomillashtirishga doir bir qator ishlarni albatta amalga oshirimiz kerak.

Hozirgi vaqtda davlat va hokimiyat idoralarida ko‘p hollarda kadrlar salohiyatidan foydalanish, ularning vazifa va vakolatlari taqsimoti oqilona va samarali yo‘lga qo‘yilmagani sezilmoqda.

Eng yomoni, bu holat ishimizga xalaqit bermoqda. Bir idorani qarasangiz, yuzlab odam nomiga ishlab o‘tiribdi. Boshqa idorani qarasangiz, ish ko‘p, vazifa ko‘p, lekin ishlaydigan odam, kadr yetishmaydi.

Bunday noto‘g‘ri ish taqsimotiga mutlaqo chek qo‘yishning vaqti yetdi. Har bir davlat xizmatchisi o‘zining burchi va majburiyatini aniq-ravshan bilishi, sodda qilib aytganda, o‘z aravasini o‘zi tortishi lozim.

Bu – zamon talabi. Oldimizga qo‘ygan maqsad-muddaolarga yetish uchun bu ishlarni o‘zimiz qilmasak, boshqa hech kim bizga chetdan kelib qilib bermaydi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, kadrlarning amaliy zaxirasini shakllantirish, ularni tayyorlash va qayta tayyorlashning muhim masalalarini o‘z ichiga oladigan maqsadli dasturni ishlab chiqish vaqti keldi, deb o‘ylayman.

Asosiy vazifa – bu yuqori kasb mahorati va zamonaviy tafakkurga ega, puxta o‘ylangan, har tomonlama to‘g‘ri qarorlar qabul qila oladigan, belgilangan maqsadlarga erishadigan rahbarlar va mansabdor shaxslarning yangi tarkibini shakllantirishdan iborat.

Bu borada hududiy boshqaruv organlari, eng avvalo, mamlakatimiz tuman va shaharlari hokimliklari uchun malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratish zarur. Buning uchun oliy ta’lim muassasalari tizimi bilan birga, mamlakatimizdagi 6 ta akademiya, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi kabi tashkilotlarning ilmiy-amaliy salohiyati va imkoniyatlarini yanada faol safarbar etish darkor.

Shu o‘rinda aytish kerakki, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi o‘ziga yuklatilgan vazifani mutlaqo uddalamayapti, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Shuning uchun ushbu akademiyani ham, uning ish uslubini ham tubdan o‘zgartirish va rahbar kadrlarini qayta ko‘rib chiqish lozim.

Ayni vaqtda mahalliy hokimliklarning vazifa va vakolatlarini ham takomillashtirish talab etilmoqda.

Hududlarni har tomonlama rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish, qonunlar ijrosini ta’minlash, joylardagi davlat boshqaruvi organlari faoliyatini samarali muvofiqlashtirish borasidagi rolini hisobga olib, bugungi kunda mahalliy hokimliklarga qo‘shimcha vakolatlar berish borasida tegishli takliflar tayyorlanmoqda.

Hurmatli do‘stlar!

Davlatimizning tashqi siyosat sohasidagi yondashuv va pozitsiyasi Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan ma’ruzada atroflicha bayon etilgani sizlarga yaxshi ma’lum.

Ana shu fikrlarga qo‘shimcha qilib aytmoqchimanki, biz jahondagi ilg‘or tajribalarni chuqur o‘rganish va amalda joriy etishni oldimizda turgan keng ko‘lamli vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishning muhim shartlaridan biri, deb hisoblaymiz.

Biz o‘zaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish asosida xorijiy davlatlar, eng avvalo, qo‘shni davlatlar, shu bilan birga, xalqaro institutlar bilan yaqindan hamkorlik qilishni bugungi kun talablari darajasida tashkil etamiz.

O‘zbekistonda o‘zini ishonchli sherik sifatida ko‘rsatgan ishbilarmonlar bilan hamkorlik munosabatlari albatta davom ettiriladi.

Bu borada yangitdan tashkil etilgan Senat qo‘mitasidan zimmasiga yuklangan vazifalarni izchil amalga oshirish talab etiladi.

Aziz va muhtaram yurtdoshlar!

Hozirgi vaqtda oldimizda naqadar ulkan vazifalar turganini barchamiz yaxshi tushunamiz. Biz Vatanimizning buyuk kelajagini siz, azizlar bilan, mard va olijanob xalqimiz bilan birgalikda barpo etamiz, ko‘zlagan maqsadlarimizga albatta erishamiz.

Shu borada barchamizga Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin!

Barchangizga mustahkam sog‘liq, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz hamisha omon bo‘lsin!

E’tiboringiz uchun rahmat.

 

 

 

 

 

Telefon: (499) 230-00-76, 230-00-78; Faks: (499) 238-89-18
119017, 12 Pogorelskiy tor ko‘chasi, Moskva, Rossiya 

Elektron-pochta: info@uzembassy.ru