O'zbekiston Respublikasining
Rossiya Federatsiyasidagi Elchixonasi

 

3 yanvar 2017

O‘zbekiston va Xitoy rahbarlarining tabrik maktublari

2017-yil 2-yanvar – O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25 yil to‘ldi.


Xitoy Xalq Respublikasi Raisi

Si Szinpin Janobi Oliylariga

Janobi Oliylari!

Mamlakatlarimizning har tomonlama va samarali hamkorligining unutilmas solnomasidagi muhim sana – O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqi nomidan Sizni va butun Xitoy xalqini samimiy tabriklash menga ulkan mamnuniyat bag‘ishlaydi.

O‘zbekiston va Xitoy aloqalari ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lib, Buyuk ipak yo‘li davriga borib taqaladi. Xalqlarimiz o‘rtasida azal-azaldan barqaror savdo-sotiq, ilm-fan va gumanitar aloqalar yo‘lga qo‘yilgani, madaniyatlarimiz, an’ana va urf-odatlarimiz bir-birini boyitgani haqidagi ko‘plab yorqin misollar tarix sahifalariga muhrlangan.

Izchil va muttasil rivojlanib borayotgan, jahonda ulkan nufuz va ta’sirga ega Xitoy O‘zbekistonning yaqin va ishonchli hamkoridir. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar mustahkam an’anaviy do‘stlik, o‘zaro anglashuv va hurmat ruhida muntazam rivojlanib bormoqda.

O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari bugungi kunda avvalo Sizning shaxsiy tashabbusingiz tufayli tom ma’noda har tomonlama chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli mazmun kasb etgan hamkorlikka aylandi. Tomonlarning izchil va qat’iy sa’y-harakatlari natijasida mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasida uzoq muddatli va ko‘p qirrali hamkorlik shakllandi, davlatlararo va hukumatlararo tashriflar muntazamlik kasb etdi.

Biz Sizning rahbarligingizda amalga oshirilayotgan va chuqur o‘ylangan, vazmin tashqi siyosat yo‘li, yagona Xitoy siyosati, terrorizm, ekstremizm va ayirmachilikka qarshi kurashish borasidagi tadbirlarni doimo qo‘llab-quvvatlaymiz.

O‘zbekiston BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar doirasida Xitoy bilan bundan keyin ham amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkam huquqiy bazasi yaratilgan bo‘lib, uning eng muhim asosi bo‘lgan Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma o‘zaro aloqalarimizning poydevori bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidlashni istardim. Sizning 2016-yil iyun oyida O‘zbekistonga davlat tashrifingizni, uning doirasida tarixiy ahamiyatga ega Qo‘shma bayonot imzolanganini hamisha katta mamnuniyat bilan eslaymiz. Ushbu hujjat O‘zbekiston va Xitoy munosabatlarini har tomonlama strategik sheriklik darajasiga olib chiqdi.

Savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnikaviy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish borasida erishilayotgan yutuqlar alohida e’tiborga loyiq. O‘zbekistonda iqtisodiyotni isloh etish va modernizatsiya qilish borasidagi eng muhim dasturlarni Xitoy izchil qo‘llab-quvvatlayotganini yuksak qadrlaymiz. Xitoy ko‘magi va ishtirokida sanoat, energetika, transport, telekommunikatsiya, qishloq xo‘jaligi va boshqa ko‘plab sohalarda keng miqyosli yuqori texnologik investitsion loyihalar amalga oshirildi.

Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki faoliyat boshlagani iqtisodiy hamkorligimiz uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.

Yaqin kelajakda bo‘ladigan oliy darajadagi uchrashuv O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarining har tomonlama rivojiga yanada jadal sur’at bag‘ishlashiga, o‘zaro va ko‘p tomonlama hamkorligimizning barcha masalalari bo‘yicha muloqotlarimizni davom ettirish uchun qulay imkoniyat bo‘ladi, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, Sizni, muhtaram Si Szinpin janoblari, oila a’zolaringiz va yaqinlaringizni chin qalbimdan Yangi yil bilan tabriklab, mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, davlat rahbari sifatidagi mas’uliyatli faoliyatingizga zafarlar, do‘st Xitoy xalqiga farovonlik va taraqqiyot tilayman.

Chuqur ehtirom bilan,

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Toshkent shahri,

2017-yil 2-yanvar.

 

*  *  *

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident janoblari!

Xitoy Xalq Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan Xitoy hukumati va xalqi nomidan hamda shaxsan o‘z nomimdan Sizga va do‘st O‘zbekiston xalqiga samimiy tabriklarimni va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Xitoy va O‘zbekiston – yaqin do‘stlar va ishonchli hamkorlardir. Diplomatik munosabatlar o‘rnatilgandan buyon o‘tgan 25 yil davomida Xitoy va O‘zbekiston munosabatlari izchil va barqaror rivojlanmoqda. Davlatlarimiz o‘rtasidagi oliy darajadagi uchrashuvlar muntazamlik kasb etgan, o‘zaro siyosiy ishonch mustahkamlanmoqda. "Bir qutb, bir yo‘l” barpo etilishida dastlabki muhim natijalarga erishildi, “uch yovuz kuch”ga qarshi kurashish borasidagi hamkorlik samarali rivojlanmoqda. Mamlakatlarimiz asosiy manfaatlariga doir masalalarda bir-birini qat’iy qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Davlatlarimiz umumiy manfaatlarimizni himoya qilish maqsadida BMT, ShHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida yaqindan hamkorlik qilmoqda. Mamlakatlarimiz imzolagan Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma o‘zaro munosabatlarimizni rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. 2016-yilda biz har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatdik, turli sohalardagi hamkorligimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga ko‘tarildi. Xitoy munosabatlarimizning muvaffaqiyatlaridan mamnun va u istiqbolda yanada rivojlanishiga ishonchi qat’iydir.

Men Xitoy va O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga alohida ahamiyat beraman. Xitoy O‘zbekiston tanlagan o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini, davlat mustaqilligi, suvereniteti va xavfsizligini mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish va tashqi aloqalarni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlayveradi. Xitoy – O‘zbekiston munosabatlarining 25 yilligi munosabati bilan mamlakatlarimiz xalqlarining farovonligi yo‘lida o‘zaro siyosiy ishonchni mustahkamlash, Xitoy va O‘zbekistonning har tomonlama strategik sherikligini izchil rivojlantirish yo‘lida Siz bilan hamkorlikda ishlashga tayyorman.

Xitoy va O‘zbekiston do‘stligi yanada mustahkamlanib, jadal rivojlanaversin!

Sizga mustahkam sog‘lik va davlat rahbari sifatidagi faoliyatingizda katta muvaffaqiyatlar tilayman!

Si Szinpin,

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi

Pekin shahri,

2017-yil 2-yanvar.

 

Muallif: O‘zA

 

 

 

 

Telefon: (499) 230-00-76, 230-00-78; Faks: (499) 238-89-18
119017, 12 Pogorelskiy tor ko‘chasi, Moskva, Rossiya 

Elektron-pochta: info@uzembassy.ru